O'yindan so'ng muborakliklar ustozi Otabek Narzullaev fikrlari bilan o'rtoqlashdi.
"O'yin qiyin bo'lishini bilar edik, chunki "Surxon" yaxshi shakllangan jamoa. Shunga yarasha tayyorgarlik ko'rdik. Bir ochko ham ochko hisoblanadi. O'yin shunday o'tdiki, kim gol ursa g'alaba qozonardi. Umuman olganda jangovar o'yin ko'rdik. Yigitlarga xohish, ishtiyoq va oxirigacha harakat qilgani uchun rahmat aytaman. Yutishimiz yoki yutqazishimiz ham mumkin edi. Durang adolatli natija bo'ldi deya olaman.
"Surxon" yosh jamoa ekanligini bilar edik. Futbolchilarga yaqinroq o'ynashni aytgandik. Ularga masofa bersak tezligi evaziga yutqazib qo'yishimiz ham mumkin edi. Shogirdlarim ko'rsatmalarni alo darajada bajarishdi. Mehmondagi durang biz uchun yaxshi natija",- dedi Otabek Narzullaev.
- Tarkibdagi yo'qotishlar haqida...
- Yo'qotishlarimiz bor. Muhammadali Aliqulov, Nurjahon Muzaffarov, Javohir Abdualimovlarning yo'qligi bilindi. Zaxiraga U-21 jamoamizdan futbolchilar oldik. Ular ham asosiy tarkibga ko'nikib borishyapti.
- Tanaffusdan keyingi o'zgarishlardan asosiy maqsad nima edi?
- Tahlil qildik va qanotimizni mustahkamlashga etibor berdik. "Surxon" chap qanotdan ko'proq hujumlar tashkil qildi. Shu bois Islombek Baratov va Shahboz Jo'raevni tushirdik. Ular bizga yordam berishdi.