
"Ilk navbatda "Lokomotiv"ni g'alaba bilan tabriklayman. Keyingi o'yinlarda ularga omad tilayman. Bugun g'alaba "Lokomotiv"ga ko'proq kerak edi va ular bizdan har tomonlama ustunlik qildi. Ular o'z mahorati orqali Superligaga vazifa qo'ygan jamoa ekanligini isbotlashdi. Bizning esa kuchimiz shu. "Lokomotiv"ni mag'lub etishga kuchimiz etmaydi. Bunday jamoalar bilan tengma-teng o'ynashimiz uchun ko'p yillar kerak bo'ladi", – dedi Nurbaev.

- 4:0 dan keyin jamoa 2 ta gol urishga erishdi. Bu nima bilan bog'liq?
- Raqib qanday o'ynashga yo'l bersa, shunday o'ynaladi, deyishadi-ku. 4 ta gol farqidan keyin ular bo'shashdi. Gollarimizni jarima maydonchasi tashqarisidan urdik. Bu gollarni o'ylangan kombinaciyalar orqali urildi deya olmayman. Uzoqdan tepilgan zarbalar kirib ketdi.
- So'nggi 10 daqiqada ichingizdagi hissiyotlaringiz qanday bo'ldi?
- Ikkita gol urgandan keyin durangga umid paydo bo'lgandi. Keyin "Lokomotiv" futbolchilari mahorati o'zini ko'rsatdi.

- Bu mavsumda jamoangiz "Lokomotiv"ga qarshi 4 o'yin o'ynadi va bir marta ochko ham oldi. "Jayxun" bu o'yinlarda o'ziga qanday darslar oldi?
- Biz har o'yinda dars olamiz. Futbolchilarga bir o'yin bilan to'xtab qolmaslikni, "Lokomotiv" kabi jamoalarga qarshi o'yinlarda o'zlarini ko'rsatishini, balki, kimnidir Superligaga olib ketishlari mumkinligini aytganmiz. Nafaqat "Lokomotiv", balki, Superliganing boshqa jamoalari, termalar ham bor. O'zi jamoani o'z qo'limga olishdan maqsad ham shu edi. Har o'yindan oldin ruhiy tomondan ham shunga tayyorgarlik ko'rdik. Bizda bor imkoniyatimiz shu, barchasi mahalliy futbolchilar. Bir nimalar yarata olmaymiz. Futbolchilarimning "Aral"ga ketishini istamasdim, iloji bo'lsa Superliga jamoalari va turli yoshdagi termalarga chaqiruvlar. "Aral"ni so'nggi variant sifatida qabul qilish kerak. Bizda istalgan paytda o'ynashi mumkin. Chetga ketishlari kerak, buning uchun o'zlarini ko'rsatishlari kerak. Meni hafa qiladigan narsa - Superliga jamoalarida birorta qoraqalpoq futbolchisi yo'q. Istardimki, Superligada qoraqalpog'istonlik futbolchilar o'ynashsin.