
Argentinalik futbolchi Lionel Messi 2026-yilgi Jahon chempionati oldidan sport formasini saqlab turish maqsadida vaqtincha faoliyatini Turkiya chempionatida davom ettirishi mumkin.
Turkiyaning Fotomac nashri xabariga ko‘ra, argentinalik futbolchi 4 oylik shartnoma asosida “Galatasaroy”ga o‘tishi mumkin. Manbada yozilishicha, klub Messi bilan qisqa muddatli shartnoma imzolashga tayyor va uni imkon qadar tezroq jamoaga qo‘shib olishni istamoqda.
“Galatasaroy” yozda Viktor Osimhen, Leroy Sane va Ilkay Gyundo‘g‘an kabi futbolchilar bilan shartnoma imzoaldi. Hozirda istanbulliklar Turkiya chempionatida 29 ochko bilan yetakchilik qilmoqda. Agar Messi ham qo‘shilsa, klubning hujum chizig‘i yanada kuchayishi hamda u bir necha oy davomida yuqori sport formasini saqlab turgan holda Jahon chempionatiga tayyorgarlik ko‘rishi mumkinligi taxmin qilinmoqda.
“Inter Mayami” uzoq vaqtdan beri chempionatdagi tanaffus paytida Messini boshqa klubga ijaraga berish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Avvaliga klub rahbariyati Saudiya Arabistonidagi jamoalardan biriga murojaat qilgan, ammo mamlakat sport boshqarmasi bu taklifni qat’iyan rad etgan va milliy chempionatni mashg‘ulot maskaniga aylantirmasligini bildirgan.
38 yoshli Messi 2023-yildan beri “Inter Mayami” safida to‘p suradi. U faoliyati davomida “Barselona” va “Pari Sen-Jermen” klublarida ham o‘ynagan. Argentinalik yulduz sakkiz karra “Oltin to‘p” sohibi bo‘lib, milliy terma jamoasi bilan Jahon chempionati (2022), Amerika Kubogi (2021, 2024), Finalissima (2022) va Olimpiada (2008) g‘olibligini qo‘lga kiritgan.
Ma’lumot uchun, 2026-yilgi Jahon chempionati 11 iyundan 19 iyulgacha AQSH, Kanada va Meksikada bo‘lib o‘tadi.