
Endi vakillarimiz 1/16 finalda Xorvatiya o'smirlari bilan kuch sinashadi. Bu yurt vakillari bilan qarama-qarshilik biz uchun begona hisoblanmaydi. Zero, 2013 yil BAAdagi U-17 Jahon chempionatida Xorvatiya guruh bahslarida raqiblik qilgan.
Dilshod Nuraliev boshchiligidagi o'smirlar terma jamoamiz BAAda tashkil etilgan o'z yosh toifalaridagi Jahon chempionatiga yo'llanmani 2012 yil Eronda o'tgan Osiyo chempionatidagi g'oliblik orqali qo'lga kiritishgandi.
Vakillarimiz Marokash, Xorvatiya, Panama bilan “S” guruhidan o'rin egallashdi. Bir tomondan O'zbekiston joy olgan kvartetdagi raqiblar o'ziga yarasha nomdor va kuchli edi. Ayniqsa, xorvatiyaliklar tarkibidagi futbolchi Alen Halilovich o'sha payt “Barselona”, “Arsenal”, “Marsel” klublari qiziqishlari doirasiga tushib qolgandi. Biznikilar esa musobaqaga qita chempioni sifatida tashrif buyurgan, bu esa har qanday terma jamoani sergak tortishga chaqirardi.

Turnirni Panamaga qarshi boshlagan hamyurtlarimiz ishonchli harakat qilgan holda 2:0 hisobidagi g'alabani tanatana qildi. Gollarga Rustam Ashurmatov va Shohjahon Abbosovlar mualliflik qilishdi. Garchi mazkur bellashuvda natija biz uchun ijobiy bo'lgan bo'lsada, o'yindan keyingi matbuot anjumanida Dilshod Nuraliev o'yindan qoniqmaganini, bundan ham yaxshiroq o'ynay olishimiz mumkinligini aytgandi.
O'zbekiston U-17 - Panama U-17 - 2:0 (0:0)
Gollar: Shoxjahon Abbosov, 68 - 1:0. Rustam Ashurmatov, 76 - 2:0.
O'zbekiston U-17: 1.Sarvar Karimov, 2.Rustam Ashurmatov, 4.Akrom Komilov, 5.Odil Hamrobekov, 7.Jamshid Boltaboev, 9.Ibrohim Abdullaev, 11.Akobir To'raev (19.Shoxjahon Abbosov, 63), 15.Izzatilla Abdullaev (14.Islombek Karimov, 90), 16.Ravshanbek Xursanov (10.Javohir Siddiqov, 46), 17.Doston Hamdamov, 20.Otabek Shukurov.
Guruhdagi ikkinchi turida Afrika qitasi vakili Marokash raqiblik qildi. Bilasiz, ular asosan jismoniy kuchga tayangan holda o'yin tashkil qilishadi va qarshi hujumlardan samara chiqarishga harakat qilishadi. Shu kuni havo harorati juda issiq bo'lgan, o'yin ham biroz noqulay vaqtga qo'yilgani bois bizning yigitlar biroz qiynalishgandi. Odatda, bunday bahslar kunning kechki qismida o'tkazilardi. Tengma-teng kurashlar ostida o'tgan o'yinda ikki terma jamoa nursiz durang 0:0 natijaga rozi bo'lishdi.
O'zbekiston U-17 - Marokash U-17 0:0
O'zbekiston U-17: 1.Sarvar Karimov, 2.Rustam Ashurmatov, 4.Akrom Komilov, 5.Odil Hamrobekov, 7.Jamshid Boltaboev, 9.Ibrohim Abdullaev, 11.Akobir To'raev (19.Shoxjahon Abbosov, 74), 15.Izzatilla Abdullaev, 16.Ravshanbek Xursanov (10.Javohir Siddiqov, 46), 17.Doston Hamdamov (14.Islombek Karimov, 56), 20.Otabek Shukurov.
Keyingi bosqich yo'llanmasi hali hal etilmagandi. Guruh favoriti sifatida qaralgan Xorvatiya uch ochko bilan oxirgi o'rinda, biz esa to'rt ochko bilan nimchorak finalga chiqish uchun yaxshi imkoniyatga ega edik. Buning uchun kamida durang o'ynashimiz yoki g'alaba qozonishimiz kerak edi. Raqib ham bor kuchini tashlashi kutilgandi. Zero, ularni faqatgina g'alaba pley-offga yo'llanma berardi. Darajasi va ahamiyati yuqori bo'lgan uchrashuvning 14-daqiqasida Doston Hamdamovning amalga oshirgan jarima to'pidan so'ng raqib futbolchisi Kaleta-Kar o'z darvozasini ishg'ol qilib qo'ydi. Ammo, bu xursandchilik uzoqqa cho'zilmadi. 27-daqiqada biz yuqorida zikr etgan Alen Halilovich tezlik bilan himoyachilarimizni ortda qoldirib Sarvar Karimov qo'riqlayotgan darvozani aniq nishonga oldi. Halilovich bir yil o'tib “Barselona” futbolchisiga aylandi. Lekin, uning Kataloniyadagi ishlar yurishmadi. Ijarada bir qator klublarda to'p tepdi. Tabiiyki, Alenning goli jamoadoshlariga qo'shimcha ruhiy ustunlik berardi. O'yin durangga qarab ketayotgan bir paytda yarim himoyachi Jamshid Boltaboev chamasi 18 metrlardan aniq zarba yo'llab, ajoyib tarzda g'alaba to'pini kiritdi.

O'zbekiston U-17 - Xorvatiya U-17 2:1
Gollar: 1:0 - Kaleta-Kar (avtogol) (14), 1:1 - Halilovich (28), 2:1 - Boltaboev.
Ogohlantirishlar: Murich, Boltaboev.
O'zbekiston U-17: 1.Sarvar Karimov, 2.Rustam Ashurmatov, 3. Abdulaziz Jo'raboev, 4. Akromjon Komilov, 5.Odil Hamrobekov, 7.Jamshid Boltaboev, 11.Akobir To'raev, 15.Izzatilla Abdullaev, 17.Doston Hamdamov, 19. Shohjahon Abbosov, 20.Otabek Shukurov.

Jamshid Boltaboev ushbu mundial haqida o'z intervyularining birida shunday degandi:
"Jahon chempionatida ishtirok etishning o'zi barchamiz uchun katta baxt edi. Bizdan keyin biror terma bu nufuzli musobaqaga yo'l olmadi. Yana shuni takidlab o'tmoqchimanki, u erda umuman boshqa atmosfera hukmronlik qiladi, uchrashuvga bo'lgan tayyorgarlik, masuliyat ham yuqori darajada. Maydonlar sifatli, tashkiliy ishlar yaxshi yo'lga qo'yiladi. Chunki bu oddiy musobaqa emas, balki Jahon chempionatidir. Birinchi turda Panama ustidan ishonchli tarzda g'alaba qozondik. Keyingi raqibimiz Marokash bilan durang qayd etdik. Musobaqadan avval o'yin uslubi Marokashnikiga o'xshash bo'lgan terma bilan o'rtoqlik uchrashuvida maydonga tushib, bo'lajak raqibimiz haqida tasavvurga ega bo'lganmiz. Xorvatiyaga qarshi kechgan uchinchi tur o'yini hayotimdagi eng muhimi bo'ldi.
Evropa qitasining nomdor vakili bilan o'yinda murabbiyimiz Dilshod Nuraliev mening beshinchi himoyachi bo'lishimni tayinlagandi. Chunki raqib safida o'ta kuchli va tezkor hujumchilar to'p tepishini bilardim. Shunga qarab himoyaga etiborliroq bo'lishimiz talab etildi. Uchrashuv oxirlab borayotgan paytda do'stim Otabek Shukurov bilan o'rin almashdik. Yani, hujumchi ortida o'ynagan Otabekning ishi mening zimmamga yuklandi. qarangki, bu rejamiz samarasini berdi va men so'nggi daqiqalarda gol urib, jamoamni oldinga olib chiqdim. O'zimizdan kuchsiz hisoblangan Gondurasga mag'lub bo'lganimizni eslasam, ko'zimga yosh keladi. Akrom Komilovning uchrashuv boshida chetlatilishi butun rejalarimizni buzib yubordi. Diskvalifikaciya tufayli men bu o'yinda maydonga tushmadim, jamoaga yordam bera olmaganim uchun hanuz o'zimdan xafa bo'laman. O'yinni muxlislar bilan bir qatorda tomosha qilib, ularga qanchalik qiyin ekanligini sezdim. O'z jamoang mag'lubiyatga uchrash arafasida tursa-yu, sen chetdan tomoshabin bo'lib tursang, yuraging siqilib ketar ekan. Shaxsan men uchun tomosha qilishdan ko'ra, to'p tepish afzalroq",- degan edi Boltaboev.