
Antonio Sarioglu hamda Vitaliy Galat farg'onaliklar murabbiylar shtabida ishlaydi.
“Neftchi” jamoasi yangi mavsum oldidan tayyorgarlik jarayonini yuqori saviyada tashkil etish maqsadida murabbiylar shtabini kengaytirish va kuchaytirish ishlarini davom ettirmoqda. Klub rahbariyati bilan hamkorlikda bir qator malakali mutaxassislar jamoamizga taklif etildi.
Avvalroq jamoaga Germaniyadan taklif etilgan mutaxassis bosh murabbiy yordamchisi sifatida faoliyat boshlagan edi. Bu — Evropa maktabining zamonaviy yondashuvlarini jamoamizga olib kirish yo'lidagi muhim qadam bo'ldi.
Bugundan etiboran esa Qozog'istonda 4 karra chempion bo'lgan, katta tajribaga ega mutaxassis Vitaliy Galat “Neftchi”ning darvozabonlar murabbiyi sifatida ish yuritishni boshladi. Galat o'z faoliyati davomida ko'plab iqtidorli darvozabonlarni tayyorlagan, sovrinli o'yinlarda ishonchli o'yin ko'rsatishga o'rgatgan, metodikasi esa Markaziy Osiyo futbolida yuqori baholangan. Uning tajribasi darvozabonlarimizning texnik va taktik jihatdan yangi bosqichga ko'tarilishida muhim omil bo'ladi.
Shu bilan birga, jamoamizning jismoniy tayyorgarlik darajasini evropacha standartlarga moslashtirish maqsadida greciyalik mutaxassis Antonio Sario'g'lu bilan shartnoma imzolandi. Antonio 2018–2019 yillarda O'zbekiston milliy terma jamoasida mashhur murabbiy Ektor Kuperning jismoniy tayyorgarlik bo'yicha yordamchisi sifatida faoliyat olib borgan. U terma jamoa futbolchilarining chidamlilik, tezlik, kuch va tiklanish jarayonlarini ilmiy yondashuv asosida shakllantirgan mutaxassis sifatida tanilgan.
Klub rahbariyati tomonidan amalga oshirilayotgan bu o'zgarishlar jamoaning yangi mavsumdagi maqsadlari bilan uyg'un keladi — “Neftchi” kuchli, intizomli va zamonaviy futbol o'ynaydigan jamoani shakllantirmoqda.
Yangi mutaxassislarga o'z yo'nalishlari bo'yicha yuksak natijalar va muvaffaqiyatlar tilaymiz. Ularning kelishi jamoamizning bosh murabbiyi Islombek Ismoilovga yordamchi murabbiylar sifatida professional rivoji, sport natijalari va yangi mavsumdagi ambiciyalariga albatta ijobiy tasir ko'rsatadi", - deb yoziladi klub bayonotida.