
Turnir jadvaliga nazar tashlar ekanmiz, bir haqiqat yaqqol ko'zga tashlanadi: chempionlik va yuqori o'rinlar taqdiri uydagi ishonchli o'yin bilan bir qatorda, mehmondagi barqaror natijalarga ham bevosita bog'liq bo'ldi.
Uydagi ustunlik: Farg'ona peshqadam
O'tgan mavsumda o'z maydonida eng ko'p ochko jamg'argan jamoa — Farg'onaning "Neftchi" klubi bo'ldi. Vitaliy Levchenko qo'l ostida jamoa uy bahslarida 37 ochko to'plab, raqiblar uchun haqiqiy qo'rg'onga aylandi. Farg'onaliklar mezbon sifatida atigi ikki marta mag'lub bo'lishdi — "Paxtakor" va "Bunyodkor"ga qarshi o'yinlarda.
36 ochko bilan ikkinchi o'rinni "Paxtakor" egalladi. Qiziq jihati shundaki, "sherlar" "Jar" stadionida biror marta durang o'ynamagan. Ikkinchi davrada esa uyda o'tkazilgan bahslarda faqat bir marta mag'lubiyat qayd etildi. Umumiy hisobda, "Paxtakor" muxlislari ko'z o'ngida uch bor raqiblariga ochko ulashdi.
Kuchli uchlikni yakunlab bergan "Nasaf" Qarshida faqat bir marta engildi. "Paxtakor" va "Neftchi" o'z maydonidagi 15 ta uchrashuvdan 12 tasida g'alaba qozonib, bu ko'rsatkichda teng natija qayd etishdi. "Chinorlar" esa uy o'yinlarida bir marta durang o'ynagan.

Uy bahslaridagi eng past ko'rsatkich "Xorazm" hissasiga to'g'ri keldi — 14 ta o'yinda atigi ikki g'alaba. Gollar nisbatiga kelsak, bu borada "Paxtakor" etakchi bo'ldi: +24. "Sherlar" 15 ta uchrashuvda 34 ta gol urib, bor-yo'g'i 10 tasini o'tkazib yuborgan. "Neftchi" esa o'z maydonida eng kam gol o'tkazgan jamoa sifatida qayd etildi — 9 ta.
Aksincha, eng salbiy to'plar nisbati "Sho'rtan"da kuzatildi — −12. G'uzorliklar mezbon maqomida 29 ta gol o'tkazib, bu ko'rsatkichda mavsum antirekordchilaridan biriga aylandi. Uy o'yinlarida eng kam gol urgan jamoa esa "Mashal" bo'ldi — 12 ta.

Mehmondagi barqarorlik: "Dinamo"ga teng keladigani topilmadi
Safar o'yinlari esa jadvalning ikkinchi, ammo hal qiluvchi qirrasini ochib berdi. Mehmonda eng ko'p ochko jamg'argan jamoa — "Dinamo". Oq-ko'klar 15 ta safar uchrashuvida 29 ochko to'plab, raqib maydonlarida ham o'z so'zini o'tkaza olganini isbotladi.
Mehmonda eng kam mag'lub bo'lgan jamoa sifatida "Neftchi" alohida ajralib turdi. Farg'onaliklar safarda atigi bir marta mag'lub bo'lishdi — oxirgi turda "Xorazm"ga qarshi o'yinda. Bu holat jamoaning nafaqat uyda, balki mehmonda ham qanchalik barqaror o'ynaganini ko'rsatadi.
Hujumkorlik borasida safar bahslarida eng yaxshi ko'rsatkich "Paxtakor"ga tegishli — 25 ta gol. "Dinamo" ham mehmonda 24 marta raqiblar darvozasini ishg'ol qilib, etakchilar safida qayd etildi. Himoyada esa "Neftchi" yana bir bor peshqadam: safar o'yinlarida jami 10 ta gol o'tkazilgan.

Mehmon o'yinlarida to'plar nisbati bo'yicha eng yaxshi ko'rsatkich "Dinamo"ga tegishli — +9. Eng salbiy balans esa "Mashal" va "Sho'rtan" jamoalarida kuzatilib, ular −18 natija bilan mavsumni yakunlashdi. Safarda eng qiyin ahvolga tushgan jamoa ham "Sho'rtan" bo'lib, 15 ta o'yinda g'alaba qozona olmadi va bor-yo'g'i 5 ochko to'pladi.
Superliga–2025 raqamlari shundan dalolat beradiki, chempionlik yo'li faqat uydagi ustunlik orqali emas, balki mehmondagi barqaror natijalar hisobiga ham ochiladi. "Neftchi" uydagi ishonchli o'yini va safardagi kam mag'lubiyatlari bilan chempionlik formulasiga eng yaqin jamoa bo'ldi. "Dinamo" esa mehmondagi ochkolari bilan mavsumning eng barqaror safar jamoasi sifatida tarixga kirdi.