
Nigeriya futbol federasiyasi JCH–2026 saralash bosqichida DR Kongoga qarshi o‘tkazilgan o‘yin (1:1, penaltilar — 3:4) natijalari bo‘yicha Xalqaro futbol federasiyasiga (FIFA) rasmiy shikoyat bilan murojaat qildi. Bu haqda ESPN nashri xabar bermoqda.
Manba ma’lumotlariga ko‘ra, Nigeriya tomoni DR Kongo terma jamoasi tarkibida ushbu uchrashuvda qatnashgan olti nafardan to‘qqiz nafargacha futbolchi fuqarolikni o‘zgartirishda qoidabuzarliklarga yo‘l qo‘ygani sababli o‘ynash huquqiga ega bo‘lmagan, deb hisoblamoqda. Gap Yevropada tug‘ilgan va Yevropa pasportlaridan rasman voz kechmagan o‘yinchilar haqida ketmoqda. Kongo DR qonunchiligiga ko‘ra esa, ushbu mamlakatda qo‘sh fuqarolik taqiqlangan.
FIFA mazkur shikoyat bo‘yicha yakuniy qarorni mart oyida start oladigan jahon chempionatining qit’alararo pley-off bosqichiga qadar chiqarishi kutilmoqda.
Qayd etish joiz, Nigeriya terma jamoasi JCH–2026 Afrika saralash pley-offining finalida Kongoga mag‘lub bo‘ldi (1:1, penaltilar — 3:4). Shu tariqa, kongoliklar qit’alararo pley-off yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi, Nigeriya esa jahon chempionatiga chiqish imkoniyatini yo‘qotdi.