
Bu haqda Farg'ona klubi matbuot xizmati elon qildi.
“Neftchi” futbol klubida murabbiylar shtabi izchil ravishda kuchaytirilib borilmoqda. Klubning uzoq muddatli rivojlanish strategiyasi doirasida argentinalik mutaxassis Fakundo Stik jamoaga jalb qilinib, tahlilchi murabbiy lavozimida ish boshladi.
Mutahassis bevosita bosh murabbiy Islombek Ismoilovning yordamchisi sifatida faoliyat olib boradi. U bosh murabbiy bilan birgalikda jamoaning taktik modeli, o'yin falsafasi va raqiblarga qarshi strategiyalarni ishlab chiqishda ishtirok etadi.
Fakundo Stik 1993 yilda Italiyada tug'ilgan va Argentinada yashab kelgan, mutahassis shu kungacha Greciyaning "Panatinaikos" klubida mashhur murabbiy Diego Alonso murabbiylar shtabida tahlilchi murabbiy lavozimida ishlab kelgan, shuningdek mutahassis Malta terma jamoasini turli toshdagi jamoalarida ham faoliyat yuritib kelgan.
Fakundo Stikning murabbiylar shtabiga qo'shilishi — bu jamoamizning zamonaviy futbol talablariga moslashuvi, analitik yondashuv va professional boshqaruvga qaratilgan navbatdagi muhim qadami hisoblanadi.
Bungacha “Neftchi” jamoasi murabbiylar shtabida bosh murabbiy Islombek Ismoilovga yordamchi sifatida bir qator mutaxassislar faoliyat boshlagan edi. Xususan:
Yurgen Gede (Germaniya) — yordamchi murabbiy;
Antonio Sariogli — jismoniy tayyorgarlik bo'yicha murabbiy;
Vitaliy Galat — darvozabonlar murabbiyi.
Mazkur mutaxassislarning murabbiylar shtabiga qo'shilishi jamoaning tayyorgarlik jarayonlari, taktik va jismoniy salohiyatini yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda. Endilikda Fakundo Stikning tahlilchi murabbiy sifatida shtabga kelib qo'shilishi bilan Islombek Ismoilov boshchiligidagi murabbiylar jamoasi to'liq shakllandi va yangi mavsumga puxta hozirlik ishlari izchil davom ettirilmoqda" - deyiladi rasmiy bayonotda.