
"Nikolay Ozerov — men uchun andoza. Buni doim gapirganman, yana gapirishim mumkin. Axbor akaning oxiratlari obod bo'lsin. U kishiga va Roman Turpishevga qoyil, ular ham zo'r ishlagan.
Nima uchun Ozerov? Birinchidan, hamma sportlardan yaxshi xabardor edi. Ikkinchidan, his-hayajon, emociya kuchli edi va boshqa sharhlovchilarga nisbatan sportchiga, murabbiyga bo'lgan munosabati qoyil qoldirgan.

Boris Aleksandrov degan xokkeychini butun sobiq ittifoq qoralaganida, bitta Ozerov qo'llab-quvvatlagan. 19 yoshli yigit Ust-Kamenogorskdan Moskvaga CSKAga olib kelingan, terma jamoa tarkibidan joy olgan, jahon chempioni bo'lgan va diskotekaga borib, kimlar bilandir spirtli ichimlik ichgan. O'sha erda kimdir fotoapparatda rasmga olib, "Komsomolskaya pravda" gazetasida chiqargan. Butun ittifoqda yomonlashga kimdir kerak bo'lgandek edi. "Komsomol shaniga dog' tushirdi, sportdan chetlashtirilsin va hokazo" deb ketma-ket maqolalar chiqarilgan. Xuddi ataylab kimdir uni yo'qotmoqchi bo'lgandek tuyulgan. Ozerov shu bolanining tarafini olgan. Sport qo'mitasi Borisni ikkita o'yinga — shartli ravishda mavsum so'ngigacha diskvalifikaciya qilgan. Ikkita o'yin o'tib, uchinchisida maydonda paydo bo'ldi. O'shanda Ozerov: "Qadrli do'stlar, muzda Boris Aleksandrov ko'rinish berdi, uning atrofida nimalar bo'layotganini yaxshi bilasiz. Bitta narsani aytishim mumkinki, bu voqelik unga saboq bo'ladi. Bu yigit hali bizning mamlakatimizga ulkan g'alabalarni olib keladi. Men bunga ishonaman", deb aytgan. Bo'lmasa unga hech kim emasdi, qandaydir qarindoshi ham emasdi.
Men buni bot-bot takrorlashimning boisi shundaki, sharhlovchining iborasi hal qiluvchi ahamiyatga ega. Orada yillar o'tib Aleksandrov xokkeydagi faoliyatini tugatganida, undan bu voqea haqida qiziqib, sinmaslik uchun qanday qilib o'zida kuch topganini so'rashgan. U esa: "Men sinib bo'lgandim. Ota-onam xokkeyni ko'rib, o'yindan keyin menga qo'ng'iroq qilgan. Ozerov senga ishonaman deb aytdi, deya voqeani so'zma-so'z aytib bergan. O'sha kundan boshlab shu odamning ishonchini oqlash uchun tinmay ishlaganman", deb javob bergan", – dedi ustoz Mirzahakim To'xtamirzaev.
"90minutuz" podkasti to'liq holda: