
Braziliyalik sobiq futbolchi Dani Alves Portugaliya uchinchi divizionida ishtirok etuvchi «San-Joau-de-Ver» klubini sotib olish bo‘yicha yakuniy shartlarni kelishib oldi va jamoaning yangi egasiga aylandi. Bu haqda ESPN Brazil xabar bermoqda.
42 yoshli Alves klubni boshqarish bilan birga, futbolchi sifatida maydonga qaytish imkoniyatini ham ko‘rib chiqmoqda. Xususan, u 6 oylik (2026 yil yanvar — iyun) shartnoma imzolashi mumkin.
U professional futbolda oxirgi bor 2023 yil yanvar oyida Meksikaning «Pumas» klubi safida to‘p surgan. Jinsiy zo‘ravonlik ishi bo‘yicha hibsga olinganidan so‘ng, uning shartnomasi bekor qilingan edi. Keyinchalik Ispaniya sudi ayblov hukmini qo‘llab-quvvatlash uchun yetarli dalillar mavjud emasligini tan olib, Dani Alvesni oqladi va u ozodlikka chiqdi.