Argentinalik sobiq hujumchi Karlos Teves OLGA kanalidagi podkastda xayrlashuv o‘rtoqlik o‘yini tashkil etish va o‘tkazish niyati borligini, unga futbol yulduzlarini, xususan, "Manchester Yunayted"dagi sobiq jamoadoshi Krishtianu Ronaldu va Argentina terma jamoasining sobiq sherigi Lionel Messini taklif qilishga tayyorligini ma’lum qildi.
"Xayrlashuv o‘rtoqlik o‘yini o‘tkazish rejalarim bor, faqat to‘g‘ri vaqt topishim kerak. Men Messini ham, Ronalduni ham taklif qilmoqchiman", dedi Teves.
Teves 2022 yilda faoliyatini yakunladi. Futbolchi sifatidagi faoliyati davomida Teves “Boka Xuniors”, “Korintians”, “Vest Xem”, “Manchester Yunayted”, “Manchester Siti”, “Yuventus” va “Shanxay Shenxua” kabi jamoalarda o‘ynagan. "Qizil iblislar" tarkibida sobiq hujumchi Chempionlar ligasida g‘olib chiqdi, Argentina terma jamoasi bilan esa Olimpiada chempioniga aylandi.