Shu yilning 23 aprel sanasidan may oyining birinchi o'n kunligiga qadar Samarqand shahriga oliy martabali mehmonlar tashrif buyurishi ko'zda tutilgan, deb malum qildi Samarqand viloyati hokimligi Ligaga yo'llagan maktubida. Xatda Superliga 7-turidan o'rin olgan "Dinamo" — "Neftchi" uchrashuvi sanasini o'zgartirish so'ralgan.
Mazkur bellashuv 25 aprel kuni bo'lib o'tishi lozim edi. Endilikda Samarqand shahrida bu uchrashuvni o'tkazish imkoniyati kamroq ekanligidan kelib chiqib, u Liga taqvim rejasidan zaxira kuni sifatida o'rin olgan iyul oyining dastlabki kunlaridan birida o'tkaziladi. Bellashuvning aniq sanasi O'zbekiston kubogi musobaqasining 1/8 final bosqichiga qura tashlanganidan so'ng elon qilinadi.
Malumot uchun, O'zbekiston kubogi guruh bosqichining so'nggi o'yinlari 21 may kuni o'tkaziladi. 22 may kuni esa musobaqaning 1/8 final bosqichiga qura tashlanadi. Superliganing 13-15-tur uchrashuvlari sanalari qura natijasidan kelib chiqqan holda elon qilinadi.