Asliddin Toshtemirov: "Biz osonlikcha yutqazmaymiz. Yutqazadigan jamoa ham emasmiz"

  • Mr.NoBoDy 03.05.2025 11:32
  • 90
  • 30

Superliganing 8-turidan o'rin olgan "Bunyodkor" – "Qo'qon-1912" (1:2) uchrashuvidan so'ng mehmonlar himoyachisi Asliddin Toshtemirov o'z fikrlari bilan o'rtoqlashdi.

"Bugungi o'yin unutilmas taassurot qoldirdi. Bizga g'alaba zarur edi. Sababi, ikki o'yindan beri safardagi uchrashuvlarda muvaffaqiyatsizlikka uchrayotgandik. O'zimizga bo'lgan ishonch yuqori edi va buni isbotladik. Muxlislarimiz oldida yuzimiz yorug' bo'ldi. Ularga minnatdorchilik bildiraman. "Nasaf"ga qarshi o'z maydonimizdagi bellashuvda ularning ko'magiga muhtojmiz. 

Uchrashuvning dastlabki daqiqalarida 5-3-2 sxemasida harakat qildik va bu biroz qiyinchilik tug'dirdi. Gol o'tkazib yuborgach, 4-4-2 taktikasiga o'tdik va maydonda harakat qilish engillashdi. Bizga qiyinchilik tug'dirgan jihat beshta himoyachi bilan o'ynayotganimiz bo'ldik, sababi orqa chiziqqa joylashib qoldik. 

Keyingi uch o'yinni Superliganing amaldagi uchta sovrindoriga qarshi o'tkazamiz. Ha, biz bunga tayyormiz. Biz osonlikcha yutqazmaymiz. Yutqazadigan jamoa ham emasmiz. Istalgan raqib bilan kurashishga tayyormiz. 

Jamoamizda yoshlarning iqtidorini yuzaga chiqarishga ko'proq urg'u berilgan. Sezgan bo'lsangiz, tarkibda katta yoshli futbolchilar kam. Gapning chinini aytgan maqul, bizga turnir jadvalining o'rtalig'ida muvozanat saqlash vazifasi qo'yilgan va buni uddalayapmiz deb o'ylayman", dedi 23 yoshli futbolchi.

Ўхшаш янгиликлар