Aslida, mazkur sanalar bilan bog'liq tarixiy hodisalar yo'q emas. Misol uchun, Kolumb Amerikadan keyinroq Yamaykani kashf etgan kun O'zbekistonda o'tgan mavsum kashfiyotchisiga aylangan Xomyakov chamadonini yig'ishtirishiga to'g'ri keldi. Bir kun o'tib esa u joylashgan vagonga yana ikki murabbiy ko'ch-ko'ronini bilan chiqib oldi.
Anvar Berdievni inobatga olmaganda, qolgan ikki murabbiydan yuksakroq natija kutilgandi. "Sho'rtan" esa "Andijon" egallab turgan pog'onada joylashganda ham birov "Neftchi" sobiq yulduzining mushugiga "pisht" demasdi.
G'uzorliklarning imkoniyatini inobatga olgan holda "Nasaf", "Paxtakor" yoki yuqori o'rnilar uchun kurashayotgan boshqa raqiblarga uchralgan mag'lubiyatini normal qabul qilish mumkindir, biroq "Xorazm", "Mashal" singari darajasi yaqinroq jamoalardan uchralgan mag'lubiyatlar ham klub rahbariyatini sergaklantirgan bo'lsa, ajabmas. Oldinda esa kuchli raqiblar bo'g'irsoqni kutayotgan tulki misoli ikki qo'lini bir-biriga ishqab turishibdi.
"Andijon" murabbiyi esa har holda qaddini bukmagan holda boburiylar yurtini tark etdi. Ehtimol, qachondir yana uning qaytishini kutish mumkin. Xomyakov Franciya jahon chempionatiga finaliga chiqqan kuni "burgutlar" ustozi sifatida tanishtirildi. U o'zi uchun begona bo'lmagan klubni bir chaqaloqning mustaqil qadam tashlay oladigan davriga qadar – salkam 2,5 yil mobaynida boshqardi. Bu davr ichida qimmatbaho sovrini deganda, avtomobil zavodi tushuniladigan Andijon ikkinchi qimmatbaho sovrini – O'zbekiston kubogini qo'lga kiritdi. Ikki qimmatbaho merosning bir-biridan farqi, birinchisidan narx, ikkinchisi nufuz jihatdan baholanadi.
Rossiyalik mutaxassisning ushbu davr ichida barcha musobaqalarda qayd etgan ko'rsatkichi minusga kirmagan: 72 o'yin, 26 g'alaba, 21 durang, 25 mag'lubiyat. Menimcha, "Andijon" uchun yomon statistika emas.
Yangi mavsum qita miqyosda mamlakat sharafini himoya qilayotgan klubning sezilarli ravishda kuchayishi taxmin qilingandi. Biroq amalda unday bo'lmadi. Ha, tarkibga bir qatorga legionerlar jalb qilindi, jumladan, Altin Kreziu, Luka Uskokovich singari xorijliklar ijobiy taassurot uyg'otdi. Shu bilan birga, jamoa mavsum avvalida etakchilaridan mosuvo bo'ldi. Jumladan, tarkibda mavsum davomida hammadan ko'proq maydon chimining "jag'ini ezgan" Bubanya bilan kelishuvga erishilmadi, unga qo'shilib markaziy himoyadagi sherigi Ildar Mamatkazin ham "Andijon"ni tark etdi. Tayanch futbolchisi Farhod Bekmurodov "Qizilqum"ni tanladi, Esanov Rossiyaga yo'l oldi va hokazo. Garchi tarkib kuchsizlandi deyishga asos bo'lmasa-da, kuchayganiga sabab izlash Pablo Pikasso suratlarining mohiyatini anglashga o'xshab ketadi.
Ehtimol, ko'pchilikda Xomyakovning "chopilishi"ga OKMKga qarshi o'yinda nohaq belgilangan penaltini sabab qilib ko'rsatishi mumkin. Biroq shuni unutmaslik kerakki, "Andijon" o'sha o'yinda bir emas, naq to'rtta gol o'tkazib yubordi va maydonda bir kishi ko'p bo'lib harakat qildi. Qolaversa, jamoa ketma-ket beshta o'yinda yutqazdi. Shu bois, faqatgina bir holatni butun boshli istefoga sabab sifatida ko'rsatish noo'rin.
Xomyakovning "Andijon"ini ikkinchi qavatdagi mahorati evaziga ko'plab o'yinlarni hal qilib ketgani va standartlarni asosiy qurolga aylantirib olganini yaxshi bilamiz. G'alati tomoni shundaki, jamoaning ojiz nuqtalaridan biri aynan ikkinchi qavat ekanligini ko'pgina o'yinlarda, shu jumladan, OKMKga qarshi bellashuvda o'tkazib yuborilgan gollarda yaqqol ko'zga tashlandi.
Raqamlar almadaydi deyishadi. Agar aldamayotgan bo'lsa, jamoa har o'yinda o'rtaliqni olganda yakkakurashlarda 36.6%, havodagi kurashlarda esa 43.2% ustunlikka ega bo'lgan.
Balki Xomyakovga imkon berilganda, u vaziyatni izga tushirib olardi, balki yo'q, bunisi menga qorong'i. Nima bo'lganda ham, xalqaro maydonda ishtirok etadigan jamoa tajribasi undan kamroq bo'lmagan mutaxassisga ish taklif qilishga urinib ko'radi. Rossiyalik mutaxassis ham ko'p vaqt uyda gazeta o'qib o'tirmasa kerak, eshitishimcha, "Sho'rtan" uning nomzodini o'rganib chiqmoqda.
"Paxtakor"da esa katta umidlar evaziga olib kelingan murabbiy natijalardan ko'ra portugal qovog'ini tuhfa qilish bilan ko'proq yodda qoldi. Afsuski, u barcha raqib murabbiylariga hadyasini tortiq qilishga ulgurmadi.
Klub matbuot xizmati Pedru Moreyraning salomatligi bilan bog'liq sabablarga ko'ra tatilga chiqqanligi haqida bayonot berdi. Uning qaytishi yoki qaytmasligi to'g'risida aniq malumottga ega emasman. Biroq joriy mavsum turli antirekordlarni yangilayotgan murabbiyning ketishi ham "Paxtakor"ning zarariga ishlashi mumkin. Xo'sh, nega degan savol paydo bo'lishi mumkin.
Birinchidan, Evropani tashlab olis Osiyoga qadam ranjida qilgan murabbiy bilan tuzilgan shartnoma siz-u biz eshitganda yo'tal tutib qoladigan summa evaziga tuzilganiga shubham yo'q. Shunday ekan, bitimda istefoga masalasi ko'tarilgan taqdirda poytaxt klubi tovon puli sifatida ancha mullajiringni shitirlatib sanab berishiga to'g'ri keladi.
Ikkinchidan, "Paxtakor"ning yangilangan tarkib asosi aynan portugal istaganidek va portugalzabon o'yinchilardan bunyod etildi. Tabiiyki, Moreyra hech qanday tarjimonsiz Jonatan Luis, Jonatan Lukka, Flamarion singari futbolchilarga o'z fikrlarini uqdira oladi. Bu esa ikki tarafga ham qo'l keladi. Til jihatdan yaqin bo'lgan Riaskos bilan ham suhbatlashishda muammo ko'zga tashlanmasa kerak. Boshqa murabbiy esa bu borada qiyinchiliklarga duch kelishi mumkin.
Uchinchidan, klub rahbariyati ikkalasiga ham ko'z yumgan taqdirda, shu darajadagi mutaxassisni olib kelishga harakat qilsa kerak. Kelishuv uchun esa vaqt talab etiladi, kelishuv amalga oshmay qolish ehtimoli ham mavjud. Yuqoridagi omillarni inobatga olgan holda, Pedru Moreyraga rasman chiqish eshiklari ko'rsatilmagan bo'lishi mumkin.
Xullas, tez orada ijtimoiy yangi malumotlar, yangi tayinlovlar, yangi nomlar paydo bo'lib qolsa, ajabmas. Ehtimol, yuqorida sanab o'tilgan "yo'lovchilar" safi kengayib qolish ehtimoli ham yo'q emas.
Oqil Abdubarnoev