O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Ommaviy va professional futbolni har tomonlama rivojlantirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq Oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan qizlar o’rtasida ilk bor futzal bo‘yicha “Talaba qizlar ligasi-2025’’ turniri tashkil etilmoqda.
Bugun O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasida musobaqani o‘tkazish bo‘yicha oliy o‘quv yurtlarining jismoniy tarbiya rahbarlari ishtirokida yig‘ilish va qur’a tashlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
O‘FA rahbariyati va O‘zbekiston ayollar milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Kotrina Kulbite ishtirok etgan mazkur yig‘ilishda musobaqa nizomi, qoidalari, jamoalarni guruhlarga bo‘lish, hakamlik, musobaqa o‘tkaziladigan sport inshootlari va muddatlari yuzasidan to‘liq ma’lumotlar berildi.
Unga ko‘ra, uchrashuvlar joriy yilning 12-may kuni start oladi va 31-mayga qadar davom etadi. Turnirda 32 ta jamoa 8 ta guruhga bo‘lingan holda bahslarda ishtirok etadi.