O'tgan mavsumda Pro ligada debyut qilgan Toshkentning "Do'stlik" jamoasi joriy mavsumda Birinchi ligada ishtirok etmoqda. Aytishimiz mumkinki, Pro liga klub uchun yaxshi tajriba maktabi vazifasini bajarib berdi. Bu kelgusida albatta asqotishi shubhasiz.
Samug Dadaev boshchiligidagi jamoa o'z tarbiyalanuvchilariga tayangan holda yana katta saviyaga ko'tarilishni maqsad qilgan. Bu yo'lda jamoa yoshlarni tarbiyalash, ularni katta futbolga qadam qo'yishida o'zining strategiyasini rivojlantirishda davom etyapti. Xususan, bu yil "Do'stlik" safida 2009, 2010 yilda tug'ilgan futbolchilar Durbek Xusanov (2010), Mirodil Mirahmatov (2009), Ismoil Abdurahimov (2010), Kamoliddin Tursunov (2009) debyutini o'tkazishga muvaffaq bo'ldi.
Jamoa Birinchi liganing Sharq mintaqasida 4-turdan so'ng 4 g'alaba, 12 ochko bilan yaqqol peshqadam bo'lib turibdi. 4-turda mehmonda "Farg'ona FA" taslim qilindi (4:1). Gollarga Javohir Alijonov, Sardor Asatillaev, Adhamjon Bahodirov, Saidmurod Karimov mualliflik qildi. "Do'stlik" navbatdagi uchrashuvini 17 may kuni "Lokomotiv-BFK"ga qarshi o'tkazadi.