Qarshida "Nasaf" jamoasi "Bunyodkor"ni qabul qiladi. Bu ikki jamoa to'qnashuvi har bir davrda o'z principialligini yo'qotmagan, ayniqsa oxirgi yillarda ular ishtirokidagi o'yinlar o'ta murosasiz, teng kurashlar ostida kechmoqda. Bu yil hali mag'lubiyatga uchramagan "Nasaf" va kutilganidan yaxshi natijalar qayd etayotgan "Bunyodkor", musobaqa jadvalidagi tafovutning kichikligi o'yinga bo'lgan qiziqishni yanada oshirishi turgan gap.
1. Boshdan baland uchgan "qaldirg'ochlar"
Ilyos Zeytullaev bu yil nihoyat o'zi istagan jamoani shakllantira olyapti. Uning jamoasi joriy mavsumda 8 ta o'yinda 4 g'alaba, 3 durang, 1 mag'lubiyat qayd etgan. Superligada eng kam gol o'tkazgan uchinchi jamoa bo'lib turibdi. Oxirgi 3 yilda pastki o'rinlarda yurgan jamoa uchun kuchli uchlikda hattoki beshtalikda bo'lish ham yaxshi natija hisoblanadi. Ammo jamoa o'zining natijalari, shakllangan o'yini bilan futbol ommasini yuqorida yurishga o'rgatib bormoqda.
Boz ustiga kecha "Dinamo"ning g'alabasi va onlayn jadvalda ko'tarilib olgani "Bunyodkor"ni o'yinga yanada sergak torttirishi aniq. Ikkinchi omil, "Qo'qon-1912"dan uchragan tasodifiy mag'lubiyatdan so'ng raqib "Nasaf" ekanligi ruhan yaxshiroq hozirlik ko'rishga chaqiradi. Jamoa bu mavsum faqat bir bor safarga chiqdi, Qarshida "Sho'rtan"dan ustun keldi, xolos. "Nasaf"ga qarshi o'yin ikkinchi mehmon o'yini hisoblanadi. U ham bo'lsa Qarshida.
2. "Nasaf" haqida ikki og'iz
Ro'ziqul Berdiev jamoasi odatdagidek mavsumni o'tkazmoqda deya olamiz. Jamoa barqaror yo'lda, ketma-ket ochkolarni qo'lga kiritib kelyapti, mag'lubiyatsiz seriya davom etmoqda. Futbolchilar birinchi davrani yuqori tempda yakunlab qo'yishadi va haqiqiy bosim ikkinchi davrada yuzaga keladi. Bunda "Nasaf" ishtirok etayotgan musobaqalar qatoriga endi Elit OCHL qo'shiladi. Tabiiyki yuklama ikki hissa ortadi. Taqvim yanada zich ko'rinish olishi ehtimoli bor. Mana shu pallada jismoniy holat, futbolchilarning funkcional tayyorgarligi, tarkibdagi rotaciyalar qanday ekanligiga baho berish imkoni paydo bo'ladi deya olaman. "Ajdarlar"ning Superligadagi ishlari joyida.
3. "Bunyodkor" Qarshida qanday o'ynashni biladi
Yuqorida aytganimdek jamoalarning oxirgi yillardagi o'yinlarida tenglik kuzatilyapti. Qizig'i shuki, "Bunyodkor" o'zining eng yomon holatida ham aynan "Nasaf"ga qarshi o'yinlarda kuch topa oladi. Jamoa oxirgi marotaba raqibiga 2022 yilgi mavsumning birinchi davrasida mag'lub bo'lgan. Keyingi 5 ta uchrashuvning 4 tasida durang, 1 tasida "Bunyodkor" g'alaba qozongan. Qarshida so'nggi bor 4 yil oldin 2021 yil Shuhrat Maqsudov boshchiligida engilgan (0:5). Deylik, "Bunyodkor" "Qo'qon-1912" ga bir marotaba omadsizlik tufayli yutqazib qo'ydi, unda ruhan tiklana olmaslik sababi asosiy planda edi. Lekin "Nasaf", "Paxtakor", OKMK bilan uchrashuvlar umuman boshqacha ruh va tempda o'tadi.
Oxirgi 5 ta o'yin
25.10.2022. "Nasaf" - "Bunyodkor" 1:1
17.04.2023. "Bunyodkor" - "Nasaf" 1:1
24.09.2023. "Nasaf" - "Bunyodkor" 0:1
13.05.2024. "Nasaf" - "Bunyodkor" 0:0
28.09.2024. "Bunyodkor" - "Nasaf" 2:2
4. Hakamlar
Bugungi uchrashuv bosh hakami Olim To'ychiboev bu yil Superligada "Bunyodkor" ishtirokidagi 1 ta o'yinda ishladi, unda "Surxon" 3:1 hisobida mag'lub etildi. Ushbu hakam 2024 yil Toshkentda o'tgan "Bunyodkor" - "Nasaf" bahsida ham faoliyat yuritgan (2:2). Ikki jamoa bu referi ishlagan uchrashuvlarda mag'lubiyatga uchramagan.
5. Taxmin
Aftidan kichik ustunlik "ajdarlar" tomonidadir har holda mezbon. Lekin yuqoridagi faktorlar, jamoalarning imkoniyatlari bugun maydon egalarining ochko yo'qotishiga va durangga ishora qilmoqda. "Bunyodkor" agar texnik xatolar kuzatilmasa tartibli himoyani ushlab qoladi va oldinda ko'p vaziyat yaratishga haddan tashqari ko'p kuch sarflamaydi. Yana bir narsa, bugun Ilyos Zeytullaev o'tgan tur xato qilgan darvozabon Hamidullo Abdunabievga bugun muhim bahsda ishonch bildiradimi yoki yo'q? Agarda darvozabonga imkoniyat bersa shaxsan menda Zeytullaevga nisbatan hurmat ikki hissa oshadi, chunki xato qilgan darvozabonni almashtirmay yana o'zini ko'rsatishiga qo'yib berish aqlli murabbiyning ishi hisoblanadi. Agarda boshqa qarorga kelsa, zaxirada bemalol rotaciya qila oladigan Abdumavlon Abdujalilov bor. Nima bo'lganda ham murabbiyning qarori. Men uchun esa shunchaki qanday yurish qilishi qiziq.
"Nasaf" o'z uslubini saqlab qoladi va oldingi chiziqda vaziyatlarni raqibga qaraganda ko'proq sodir etadi. Berdievga hujumni yakunlaydigan ijrochilar borligi, ularning mahorati qo'l kelishi mumkin.