Paragvay poytaxti Asunsion shahrida FIFAning 75-Kongressi boʻlib oʻtdi. Unda tashkilotga aʼzo mamlakatlar qatorida OʻFA birinchi vitse-prezidenti Ravshan Irmatov boshchiligidagi Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi vakillari ham ishtirok etdi.
Kun tartibidan FIFA Tartib-intizom qo‘mitasi, Etika, Apellyatsiya, Boshqaruv, Audit va Muvofiqlik qo‘mitasiga a’zolarni saylash, a’zo assotsiatsiyalar va Kengash tomonidan kiritilgan takliflarni muhokama qilish, futbolda irqchilikka qarshi global pozitsiyani mustahkamlash va FIFAga aʼzo boʻlgan assotsiatsiyalar takliflarini muhokama qilish masalalari oʻrin oldi. Kongressda FIFA Ayollar o‘rtasidagi Jahon chempionati 2031-yildan boshlab 48 ta jamoaga kengaytirilishi tasdiqlandi.
FIFA prezidenti Janni Infantino yangi formatdagi FIFA Jahon chempionatlari haqida so‘z yuritar ekan, turnirlar tarixdagi eng xilma-xil musobaqalar bo‘lishini ta’kidladi. Bu — ko‘plab jamoalarga xalqaro maydonda o‘z imkoniyatlarini namoyish etishga undash hisoblanishi, ushbu o‘zgarishlar esa futbolni yanada ommalashtirish va har bir qit’aga yanada kattaroq imkon berish maqsadida qilinayotgani qayd etildi.
Futbol dunyoni birlashtiradi. Bu o‘yin faqatgina quvonch manbai bo‘lishi kerak. Futbolni rivojlantirishda barcha hududlarni qamrab olishimiz lozim. Bu bizning mas’uliyatimiz — global futbol hamjamiyatining vazifasi, dedi FIFA prezidenti.
Kongress davomida joriy yilda bo‘lib o‘tadigan klublar o‘rtasidagi FIFA Jahon chempionati hamda keyingi yili o‘tkaziladigan milliy terma jamoalar o‘rtasidagi Mundial xususida ham so‘z bordi.
Kun tartibiga ko‘ra, FIFAning 76-Kongressi 2026-yil 30-aprel kuni Kanadaning Vankuver shahrida oʻtkazilishi belgilandi.