"O'yin turnir jadvalida yuqoriroq ko'tarilishimiz uchun muhim edi. Buni his qilgan holda jamoaviy o'yin namoyish etib, g'alaba qozondik.
Gol urish yaxshi, bu gollar jamoaga foyda keltirsa, undan ham yaxshi. Asosiysi, jamoa yutug'i deb bilaman.
Penaltilarni kim ijro etishini murabbiy hal qiladi. Shunaqa vaziyat bo'lib qoldi, O'rinboev tepgan birinchi zarbani raqib darvozaboni qaytardi. Shundan so'ng to'p yoniga men yaqinlashdim. Kim gol urishi muhim emas.
Professional futbolchi har bir o'yinga bor kuchini berishi kerak. Milliy terma jamoa sharafini himoya qilish barchaning orzusi sanaladi.
Biz har bir jamoani hurmat qilgan holda o'z o'yinimizni ko'rsatib, g'alaba qozonishga harakat qilamiz.
"Navbahor" muxlislariga katta rahmat aytaman. G'alabamizda ularning hissasi juda katta. Biz ularning qo'llab-quvvatlashini har daqiqada his qilib turdik.
Bizning vazifamiz shundan iboratki, ham oldingi, ham orqa chiziqqa yordam berish kerak. Biz murabbiylarning ko'rsatmalarini bajarishga harakat qilamiz", — dedi 23 yoshli futbolchi.