Abbos Fayzullaev to'p tepayotgan CSKA klubida murabbiylar almashinuvi yuz berdi. Serbiyalik mutaxassis Marko Nikolich rasman jamoani tark etdi. U 2024 yil iyunida jamoani qabul qilib olgan edi.
Hamyurtimiz Nikolich qo'l ostida o'tgan mavsumda RPL va Rossiya Kubogida jami 39ta uchrashuvda maydonga tushib, 3ta gol va 8ta assist qayd etdi. CSKA mavsum yakunlariga Rossiya chempionatining bronza medallarini va Rossiya Kubogini qo'lga kiritdi.
Yangi bosh murabbiy haqida
Marko Nikolichdan keyin vakant qolgan poziciyani katta ehtimol bilan 49 yoshlik Fabio Chelestini egallaydi.
Chelestining so'nggi jamoasi "Bazel" klubi edi. Fayzullaevning bo'lajak ustozi o'tgan mavsumda "Bazel"ni 2017yildan ilk marotaba Shveycariya chempioniga aylantirdi. 2021 yili esa "Lyucern" klubi bilan Shveycariya Kubogida zafar quchgan. Mutaxassis bunga qadar "Son", "Lyucern", "Lozanna", "Lugano" va "Terrachina" klublarida faoliyat yuritgan.
Futbolchilik faoliyatini esa asosan Franciya va Ispaniya klublarida o'tkazgan. "Marsel", "Trua", "Xetafe" va "Levante" jamoalarida safida jami 100tadan ko'p o'yin o'tkazgan.
2023 yil oktyabrida "Bazel"da inqiroz davri edi, Shveycariya grandi musobaqa jadvalida so'nggi o'rinda borayotgan chog'i Fabio Chelestini klubni qo'lga oldi va tez orada yaxshi "krizis menejer" ekanligini isbotlay oldi. Avvalroq aytib o'tganimizdek, "Bazel" o'tgan mavsumda 2017 yildan ilk bor chempionat oltin medallarini qo'lga kiritdi va Kubok bahslarida g'olib chiqdi. Shuningdek, Chelestini yaqin o'tmishdagi yorqin o'yinlari bilan yodda qolgan Jerdan Shakiri qayta kashf etdi. Murabbiy Shakirini "desyatka" poziciyasiga o'tkazdi va himoyadagi vazifalaridan ozod qildi. Natijada 33 yoshli tajribali futbolchi o'tgan mavsumda 21ta gol urdi va 22ta golli qayd etdi. Shu bilan birga, Chelestini yosh o'yinchilarga faol ishonch bildirishi bilan mashhur. O'tgan mavsum "Bazel"da eng ko'p o'yin amaliyotiga ega bo'lgan futbolchilar o'ntaligiga 21-23 yoshli futbolchilar joy olishgan. Shveycariyalik mutaxassisning ushbu jihati, shubhasiz, Abbos Fayzullaevga qo'l kelishi mumkin.
Chelestini uslubi
Chelestini 4-2-3-1 taktikasini deyarli mukammal darajaga etkazdi. "Bazel" Chelestini qo'l ostida ketma-ket uchta o'yinda raqiblar darvozasiga beshtadan gol urib, milliy rekord o'rnatgan. Umuman olganda, jamoa Shveycariya Superligasining 38 o'yinida 91 ta gol urdi. Har bir o'yinda o'rtacha 2.4ta gol. O'tgan mavsumda kerakli pallada "Bazel" asosiy taktikasidan voz kechib, ayrim uchrashuvlarda uch markaziy himoyachi bilan ham harakatlandi.
Chelestini uslubi Fayzullaev kabi kreativ hujum chizig'i vakillariga qo'l kelishi mumkin. Dribling, tezkorlik va noodatiy fikrlash qobiliyatiga ega Abbos Fayzullaev qanot vingeri yoki "desyatka" poziciyasida foydalanishi mumkin. Chelestini yosh futbolchilarga ishonch bildirishini hisobga olsak, Abbos Fayzullaev katta ehtimol hujumdagi asosiy figuralardan biriga aylanadi.
Abdulvosit Bektemirov tayyorladi