Yig'ilish raisi B.Mamatqulov Ijroiya qo'mita azolariga O'FF ishchi guruhi yaqinda vodiy viloyatlarida safarda bo'lib, joylarda futzalni rivojlantirishga berilayotgan etibor, viloyat futzal jamoalariga yaratilgan shart-sharoitlar o'rganilgani haqida malumot berdi. Mamlakat milliy chempionatini yanada yuqori saviyada tashkil etish, sportning futzal turini yurtimizda keng ommalashtirish maqsadida yangi mavsum musobaqalarini zamonaviy infratuzilmaga ega inshootlarda o'tkazish, teletranslyaciyalar soni va sifatini oshirish, klublarning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash singari muhim takliflarni ilgari surdi
Ijroiya qo'mita qaroriga muvofiq 2025/2026-yilgi mavsumda Oliy liga ishtirokchilari soni 12 ta jamoa etib belgilandi
Ayni kunlarda Jizzax shahrida bo'lib o'tayotgan Oliy liga o'tish musobaqasi g'olibi 2025/2026-yilgi mavsumda faoliyatini tugatgan Bekobodning “Metallurg” jamoasi o'rnini egallaydi.
O'tish musobaqasida ikkinchi o'rinni egallagan jamoa so'nggi chempionatda oxirgi pog'onani band etgan “Paxtakor” jamoasiga qarshi joriy yilning 12-iyul kuni Toshkent shahrida bo'lib o'tadigan saralash uchrashuvida kuch sinashadi. Mazkur bahsda Oliy liganing so'nggi – 12-jamoasi nomiga oydinlik kiritiladi.
Oliy liga jamoalari joriy yilning 15-avgust sanasiga qadar chempionatda ishtirok etishi bo'yicha ariza, kafolat xati, qarzdorligi (murabbiylar, futzalchilar oylik va mukofot pullaridan) mavjud emasligi bo'yicha malumot berishi, talabnoma (zayavka) taqdim etishi lozim. O'FFning mazkur talablarini bajarmagan klublar o'rnini o'tish turnirida navbatdagi o'rnini egallagan jamoasi qabul qilinadi.
2025/2026-yilgi yangi mavsum joriy yilning avgust oyi so'nggi o'n kunligida mamlakat Superkubogi musobaqasi bilan ochiladi. Unda o'tgan mavsum chempioni hamda mamlakat kubogining finalchisi o'zaro kuch sinashadi.
Sentyabr oyining birinchi o'n kunligidan 2025/2026-yilgi mamlakat milliy chempionati Oliy liga musobaqasiga start beriladi.
2025/2026-yilgi mavsumning birinchi liga musobaqasi joriy yilning dekabr oyida o'tkazilishi belgilandi. Mamlakat birinchiligi qatnashchilari soni ichki nizom va talablarda aniq ko'rsatib o'tiladi.
Mamlakat milliy chempionatining barcha uchrashuvlari qiziqarli o'tishi, sovrinli o'rinlar uchun kurash sog'lom raqobat muhiti ostida, keskin, murosasiz kechishini taminlash maqsadida mavsum yakunlariga ko'ra pul mukofotlari tasis etildi. Unga muvofiq boshlanishi rejalashtirilgan mavsum milliy chempionatda
birinchi o'rinni egallagan jamoaga – 500 000 000;
ikkinchi o'rinni egallagan jamoaga – 350 000 000;
uchinchi o'rinni egallagan jamoaga – 200 000 000 so'm pul mukofoti topshirilishi belgilandi.
Shuningdek, turli yo'nalishlar bo'yicha mavsum laureatlari aniqlanib, tegishli nominaciyalar bo'yicha g'oliblar qimmatbaho sovrinlar bilan taqdirlanishi belgilandi.
2025/2026-yilgi mavsum oldidan mamlakatimiz futbol-futzal jamoatchiligi uchun katta brifing tashkil etilishi rejalashtirilgan.
Shuning bilan O'zbekiston futzal federaciyasi Ijroiya qo'mitasining navbatdagi yig'ilishi o'z ishini yakunladi.