OFK rasmiy sahifasida Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi ushbu dasturda uch yulduzli a’zolik maqomini yana bir bor muvaffaqiyatli ravishda yangilagani ma’lum qilindi.
OʻFA tomonidan tizimli asosda yo‘lga qo‘yilgan yoshlar bilan ishlash dasturlari so‘nggi yillarda samarali natijalar bermoqda. Jumladan, yaqinda U-17 Osiyo Kubogida erishilgan chempionlik hamda o‘tgan yili ilk bor Olimpiada yo‘llanmasining qo‘lga kiritilishi bunga yaqqol misol bo‘la oladi, deyiladi xabarda.
Ta’kidlanishicha, OʻFA ilk bor ushbu uch yulduzli maqomni 2023-yilda olgan. Mazkur maqom 2025-yil 29–31-may kunlari Toshkentga tashrif buyurgan AFC Youth Panel ekspertlari tomonidan o‘tkazilgan keng qamrovli baholash yakunida yana bir bor tasdiqlandi.
Baholash natijalarida OʻFAning yoshlar futboli yo‘nalishidagi yondashuvi – g‘alaba ruhini shakllantirish bilan birga, futbolchilarning texnik, taktik va jismoniy jihatdan har tomonlama rivojlanishiga ustuvorlik berilishi alohida e’tirof etildi. Ta’lim va mashg‘ulot uslublari zamonaviy va izchil ekani ta’kidlandi.
Barqaror tizimni shakllantirish maqsadida, OʻFA mamlakatning 14 hududida akademiyalar tashkil etgan. Har bir akademiya o‘ziga xoslikni saqlagan holda yagona konsepsiya asosida faoliyat yuritadi. Bu esa texnik direktor boshchiligidagi kuchli muloqot va markazlashgan muvofiqlashtirish orqali ta’minlanmoqda.
Shuningdek, OʻFA infratuzilmani rivojlantirishga alohida e’tibor qaratmoqda. Toshkent viloyatida barpo etilayotgan va yaqin kunlarda foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan yangi zamonaviy futbol akademiyasi bunga yaqqol misoldir. Loyiha oʻzida tibbiy markaz, fizioterapiya markazi, zamonaviy mehmonxona, xalqaro standartlarga javob beruvchi maydonlar, jumladan, yoshlar o‘yinlari uchun mo‘ljallangan stadionni ham qamrab oladi.
Bundan tashqari, OʻFA barcha yoshlar terma jamoalari va akademiyalarida to‘p surayotgan futbolchilarning individual rivojlanish ma’lumotlar bazasini yuritadi. Bu esa murabbiylar va mutaxassislarga yosh iqtidorlarni aniqlash, ularning o‘sishini kuzatish hamda baholashda muhim vosita bo‘lib xizmat qiladi.
Uch yulduzli maqomning yangilanishi bilan bir qatorda, “Bunyodkor” va “Nasaf” futbol akademiyalariga ikki yulduzli, Andijon akademiyasiga esa bir yulduzli maqom berildi.
OʻFA birinchi vitse-prezidenti Ravshan Irmatov bu boradagi sa’y-harakatlarga to‘xtalib, shunday dedi: “Bolalar-o‘smirlar hamda yoshlar futbolini rivojlantirishga qaratilgan tizimli yondashuv – Oʻzbekistonni Osiyo futbolidagi yetakchi davlatlardan biriga aylantirish borasidagi asosiy ustuvor yo‘nalishimizdir.”
OFK ekspertlari OʻFAning yoshlar bilan ishlashdagi strategiyasini boshqa a’zo assotsiatsiyalar uchun namunaviy model sifatida e’tirof etib, murabbiylar tayyorlash tizimini yanada rivojlantirish, shuningdek futbolchilar, murabbiylar va ota-onalar o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikni mustahkamlash zarurligini tavsiya etdilar.