Braziliyaning «Santos» klubi o‘zining ijtimoiy tarmoqdagi rasmiy sahifasida 33 yoshli hujumchi Neymar bilan shartnoma 2025 yilning oxirigacha uzaytirilganini ma’lum qildi. Shuningdek, kelishuvni yana uzaytirish imkoniyati ham ko‘zda tutilgan.
«Hammasi boshlangan joy. Bu yerda hech qachon tugamaydi!» — deyiladi klubning rasmiy xabarnomasida.
Neymar «Santos» tarbiyalanuvchisi hisoblanadi. U 2008 yilda klub bilan birinchi professional shartnomasini imzolagan. 2013 yilda esa «Barselona» jamoasiga o‘tgan edi. 2025 yilning yanvar oyida Neymar erkin agent sifatida yana «Santos»ga qaytdi.
Umuman olganda, Neymar «Santos» safida barcha musobaqalarda 237 ta o‘yinda maydonga tushib, 139 ta gol urgan va 69 marta assistentlik qilgan.