O'yindan oldin favorit sifatida farg'onaliklar tilga olingan bo'lsada, yakuniy natija "Mashal" foydasiga hal bo'ldi (1:0). Mazkur o'yin taassurotlari borasida jamoaning tajribali futbolchisi Jamshid Hasanovning fikrlarini tingladik.
- "Neftchi"ga qarshi uchrashuv natijasiga nimalar asos bo'ldi? Raqib bu safar o'z o'yinini topa olmadimi yoki "Mashal"ning tayyorgarligi g'alabaga olib keldimi?
- "Neftchi"da kuchli jamoa jamlangan. Lekin bu hayotda hamma narsa bo'lishi mumkin. Imkonsiz ishning o'zi yo'q. Biz mehnat qildik va berilgan ko'rsmatmalarni to'g'ri bajardik. Bu g'alaba sari etakladi.
- Asror Aliqulov: “Bunday natija har doim ham o'xshayvermaydi”, — degan edi. Sizningcha, bitta o'yindagi yutuqni qanday omillar belgilaydi — mashg'ulotmi, ruhiyatmi yoki boshqa bir jihatmi?
- Albatta, tayyorgarlik. Raqibning o'yin uslubini o'rgandik. "Neftchi"dan kelib chiqib taktika tanlandi. Bitta o'yindan iborat to'qnashuvda ko'proq diqqatni yo'qotmaslikka harakat qildik.
- O'tgan mavsumlarda Tojikiston chempionatida to'p tepdingiz. Bu mavsum O'zbekiston Superligasidagi ishtirokingiz shaxsan o'zingiz uchun qanday kechmoqda?
- To'g'risini aytganda o'yin amaliyoti kam berilmoqda. Bu futbolda bo'lib turadi. O'z imkoniyatimni kutaman. "Neftchi" bilan o'yindagi kabi imkoniyat berilsa maksimal foydalanaman.
- Amaldagi chempion "Nasaf" va mamlakat kubogi sohibi "Andijon" musobaqa bilan xayrlashdi. "Neftchi" ham ortga qaytdi. O'zbekiston Kubogida g'olib chiqish uchun favoritlar kimlar?
- Asosiy favorit deb doim o'z jamoani aytaman va bunga ishonaman. OKMK bilan O'zbekiston Kubogida zafar quchganimizda ham jamoamga ishonganman va mehnat qilishdan to'xtamaganman.