"Bunday hissiyotlarni faqat futbol bera oladi. Buni hozir yigitlarga ham aytdim. O'tgan yili jamoaga kelganimdan buyon bunday emociyani hali boshimdan kechirmagandim. Jamoam shunday ajoyib ish qildiki, kimnidir ajratib ko'rsatish qiyin. Deylik, Temurxo'ja Abduxoliqov sardor sifatida katta hajmdagi ishni bajaryapti, darvozabonimiz Abdumavlon Abdujalilov umuman jamoamiz juda ahil va inoq",- deydi Zeytullaev.
- Birinchi bo'limda "Bunyodkor" futbolchilari juda sekin o'ynashdi. Vaziyatlar ko'p bo'lgani yo'q. Ikkinchi bo'limda esa tezlik qo'sha olishdi. Shroller ikkita golda ishtirok etdi. Murabbiy sifatida jamoangizni vaziyatdan qanday olib chiqib ketdingiz?
- O'yinni ko'rib chiqib keyin bu haqida xulosalar qilish mumkin. Shu o'rinda bu menga ham qiziq, chunki yomon o'yin ko'rsatganimiz yo'q. Birinchi bo'lib gol o'tkazib yubordik, "Dinamo" bilan bahsni solishtirganda himoyada kuchsizroq harakat qildik. Yigitlar bilan tanaffusda gaplashib oldik, tanaffusga qadar bitta gol urganimiz ham ruhan ustunlik berdi deb o'ylayman. Zaxiradan tushganlar ham o'zlarini ko'rsata oldi deya olaman.
- Nosir Abdusalomov birinchi davra kashfiyoti bo'la oldi. Umuman bunday yoshlar ko'p. Ular shunchaki raqobatda yutqazyaptimi yoki mashg'ulotlarda farq bilinmoqdami?
- Biz yoshlarga imkon berishda davom etamiz. Masalan, oxirgi o'yinlarda Narimon Ahmadjonov o'ynadi. Farruh Ibrohimov, Nosir Abdusalomov va boshqalar. Faqat biroz sabr va vaqt kerak. Nosirni o'tgan yildan kuzatib kelayotgandim. Unda Superligada o'ynash uchun barcha narsa bor edi.
- Azizbek Amonov avval o'ynagan jamoalarida yorqinroq ko'rinardi. Oldingi chiziqda faol harakat qilardi. "Bunyodkor"da u vazifasini hali bilmayotgandek...
- Aziz professional futbolchi. Legioner bo'lib o'ynagan, terma jamoada to'p tepgan. Faqatgina biroz o'zini o'yinini topib olishi kerak. Unga yordam beramiz, ishonamanki hali jamoaga ko'p foydasi tegadi.
- Oxirgi oylar siz uchun o'ziga hos davr bo'ldi. Ilyos Zeytullaev qiyin pallada o'ziga o'zi qanday motivaciya berib chiqib ketdi?
- Bunday pallada faqatgina xudo kuch beradi. Ikkinchidan bunday ahil jamoani tashlab keta olmayman. Men va murabbiylar shtabim qo'limizni tushirishga haqqimiz yo'q edi. Futbolchilar bizga qarab kayfiyatini belgilaydi. Bu o'rinda men butun murabbiylar shtabimga katta rahmat aytmoqchiman. Qo'l ostimda ajoyib mutaxassislar jamlanishgan.