Har bir mavsum oldidan klublar tarkibni kuchaytirishga harakat qiladi. Kimdir legionerga ishonadi, kimdir taniqli mahalliy o'yinchini jalb qiladi, yana kimdir yangi yuzlarni sinab ko'radi. Har holda, har bir transfer ortida malum umid, maqsad va sarf-xarajat turadi. Ammo natija maydonda ko'rinadi.
Birinchi davra yakuniga etayotgan pallada, ayrim futbolchilar kutilgan darajada foyda keltirmagani aniq bo'lib qoldi. Ular orasida maydonda deyarli ko'rinmaganlar ham bor, imkoniyat berilganiga qaramay, ishonchni oqlay olmaganlar ham.
Quyida shunday o'yinchilardan tuzilgan ro'yxat bilan tanishasiz. Bu tanqid emas — holatga xolis baho. Bu faktlarning yig'indisi emas — joriy mavsumning amaldagi voqeligi.
1. Amed Kobena - "Qo'qon-1912"
"Qo'qon-1912" qishda hujum chizig'ini mustahkamlash maqsadida ivuarlik Amed Kobenani olib keldi. Uni tanlovga asosan olib kelishganmi yoki agentlar tavsiyasi bilanmi — bu borada aniq malumot yo'q. Lekin natija aniq: Kobena jamoaga foyda keltira olmadi. U faqatgina bir uchrashuvda maydonga tushdi — hammasi bo'lib 13 daqiqa. Na raqobat uchun kurashdi, na o'zidan taassurot qoldirdi. Ushbu qisqa vaqt ichida o'zini ko'rsata olmadi va klub aprel oyidayoq u bilan shartnomani bekor qildi.
"Qo'qon-1912" muxlislari Kobenani yaxshi tanimay ham qolishdi. Uning nomi klub tarixida emas, faqat transfer ro'yxatlarida qoladigan bo'ldi.
2. Ajak Riak - OKMK
Qishda OKMK jamoasiga olib kelingan Ajak Riakdan ko'p narsa kutilgandi. U Janubiy Sudandan, Evropa futboli havosini ko'rgan, “Sherif” (Moldova)da o'ynagan, terma jamoa azosi — ammo amaliyotda boshqacha chiqdi.
Riak Qosimov boshchiligidagi jamoaga moslasha olmadi. Birinchi davradagi 5 uchrashuvda ham u samarali o'yin ko'rsatmadi. Undan hujumga nuqta qo'yish, zarba bilan yakunlash yoki raqib himoyasiga tahdid tug'dirish kutilgandi, lekin u bu vazifalarning hech birini to'liq bajara olmadi deya olamiz. Hozir OKMKda hujumchi muammosi yaqqol sezilayotgan pallada, Riakni olib qolish mantiqan hech qanday foyda bermaydi. Shuning uchun ham u katta ehtimol bilan yozda klub bilan xayrlashadi.
3. Islam Mashukov - "Andijon"
Islam Mashukov qishda Andijonga yomon darajadagi o'yinchi sifatida emas, balki obro'li tajriba bilan kelgandi. Rossiya chempionatida "Alaniya", "Orenburg" va "Ximki" kabi jamoalar safida to'p tepgan futbolchi. Shunday tarjimai hol egasi kelayotganida muxlislarda ham, murabbiylarda ham umid katta bo'lgan.
Biroq har doim kutilgan narsa sodir bo'lavermaydi. Mashukovga 9 ta o'yinda imkoniyat berildi, lekin u hujumchi sifatida o'z vazifasini bajara olmadi. Gol urolmadi, faqat 2 ta assist bilan cheklandi — xolos.
Murabbiylar shtabida o'zgarish ro'y bergach, u jamoaning keyingi rejalariga to'g'ri kelmadi. Mashukov bilan shartnoma bekor qilindi. Ko'p narsa kutilgan transfer, amalda jamoa uchun jiddiy foyda keltirmagan holda yakun topdi.
4. Vladimir Yovovich - "Neftchi"
O'tgan yili "So'g'diyona" safida maydonda porlagan, ijodkor o'yinlar, gollar va yorib kirishlar bilan ko'pchilikning etiboriga tushgan Vladimir Yovovich bu mavsumni katta umidlar bilan “Neftchi”da boshladi. Undan Farg'ona klubi katta natijalar kutgandi. Lekin umid boshqa, real holat boshqa bo'ldi. Jizzaxda u oldingi chiziqda erkin harakat qilgan bo'lsa, “Neftchi”da unga belgilangan vazifalar doirasida o'ynash talab qilindi. Bu esa uning harakatini chekladi.
Bundan tashqari, mavsum davomida turli jarohatlar, shamollash va viruslar uning formasini tiklashiga to'sqinlik qildi. U Superligada bor-yo'g'i 6 ta o'yinda maydonga tushib, faqat 1 ta assist bilan cheklandi.
Ayni paytda, uning nomiga "So'g'diyona" va "Nasaf" tomonidan qiziqishlar bo'layotgani aytilmoqda. Balki, u yana Jizzaxda o'zini topar. Ammo "Neftchi" uchun — bu ham omadsiz transferlardan biri bo'lib qoldi.
5. Shahzod Ubaydullaev - "Navbahor"
"Navbahor" bu mavsum boshida transfer siyosatida yo'nalishni o'zgartirdi — mahalliy futbolchilarga imkoniyat berildi. Shunday sharoitda kosonsoylik hujumchi Shahzod Ubaydullaev ham jamoa safiga qo'shildi. Oxirgi yillarda Belarus va "Metallurg" (Bekobod) jamoalarida to'p tepgan futbolchidan malum darajada tajriba va real samara kutilayotgandi. Ubaydullaevga mavsumning birinchi yarmida 8 ta uchrashuvda imkoniyat berildi. Ammo u hech bir uchrashuvda to'pni darvozaga yo'llay olmadi. O'yindan o'yinga ishonch kamayib bordi va oxirgi turlarda u zaxirada qoldi.
Lushchan boshchiligida "Navbahor"ning hujum chizig'ida Jiyanov, Odilov, G'ulomov, O'rinboev kabi futbolchilar faol harakat qilmoqda. Bunday raqobat fonida Ubaydullaevning asosiy tarkibdagi imkoniyatlari keskin kamaydi.
6. Manuchehr Safarov - Dinamo
Qishda "Dinamo" tarkibiga qo'shilgan tojikistonlik o'ng qanot himoyachisi Manuchehr Safarovdan malum darajada foyda kutilayotgandi. Lekin Superliganing birinchi davrasida u deyarli ko'rinmadi. Qishki yig'inlarda u faol qatnashdi lekin keyinchalik Vadim Abramovning rejalariga kirmadi. Shartnoma tuzib bo'lgan futbolchi jamoada qolishga qaror qildi. Ammo o'yin amaliyotisiz qolib ketdi.
7. Naoaki Senaga - OKMK
OKMK oxirgi ikki mavsumda yapon futbolchilariga qiziqish bildirmoqda. O'tgan yili Arixiro Sentoku kelgan bo'lsa, bu yil qishda navbat Naoaki Senagaga keldi. Superliga birinchi davrasida u jami 3 ta o'yinda ishtirok etdi, barcha uchrashuvlarda birga-birga yig'ilganda 44 daqiqa maydonda bo'ldi. Bu — uning imkoniyatdan foydalana olmaganini ko'rsatadi. OKMK tarkibida uning poziciyasida raqobat kuchli edi: Xurshid G'iyosov va Asad Sobirjonov kabi futbolchilar qanotda ancha faol harakat qilishdi. Senaga esa bu raqobatda yutqazdi.
Tajribali murabbiy Mirjalol Qosimov jamoasida Senaga katta rol o'ynay olmadi. Bu transfer ham, kutilgan natijalar olib qaralganda omadli deb hisoblamadik.
8. Oleksandr Vorobey - "Nasaf"
Qishda "Nasaf" tomonidan asosiy darvozabon Abduvohid Nematovga raqobatchi sifatida olib kelingan ukrainalik Oleksandr Vorobeydan hech bo'lmasa ishonchli zaxira vazifasini bajarish kutilayotgandi. Lekin u bu vazifani ham etarlicha bajara olmadi. Superligada Vorobey faqat 1 ta uchrashuvda maydonga tushdi, Kubok bahslarida esa 2 marta darvoza qora chizig'ida turdi. Ammo bu 3 uchrashuvda darvozasidan 8 ta to'p o'tkazib yubordi. Bunday ko'rsatkich — jamoa ishonchiga ham, muxlis talabiga ham javob bermaydi.
Oldinda "Nasaf"ni Elit OCHL va chempionatning muhim bosqichlari kutib turibdi. Jamoada zaxira darvozabonining tayyor holda bo'lishi zarur. Jarohat, kartochkalardan hech kim kafolatlanmagan. Ammo Vorobey Nematovga real raqobat tug'dira oladi, deb bo'lmaydi.
9. Abubakr Rizo Turdialiev - OKMK
Qishki transfer oynasida OKMK safiga qo'shilgan Abubakr Rizo Turdialievdan hech bo'lmasa rotaciya uchun kerakli futbolchi chiqadi, degan umid bor edi. Ammo u Superligada birorta uchrashuvda maydonga tushmadi. Faqat Kubokdagi 1 ta bahsda ishtirok etdi — xolos.
Aslida, maydonga tushmagan futbolchi haqida ko'p gapirish qiyin. Lekin ushbu holat OKMKda transfer strategiyasidagi savollarga sabab bo'ladi. Chunki bu ro'yxatda faqat Turdialiev emas, jamoaning yana ikki futbolchisi — Ajak Riak va Naoaki Senaga ham bor. Yani, jamoa qishda qilgan selekciyasidan kamida 3 poziciyada samara ololmadi.
Yozda OKMK selekciyani jiddiy qayta ko'rib chiqishi shart. Jamoada hujumchi, yarim himoyachi va darvozabon nuqtasida bo'shliqlar yaqqol ko'zga tashlanmoqda. Samarali selekciyasiz mavsumda jiddiy qiyinchiliklar kuzatilishi mumkin.
10. Pedru Moreyra - "Paxtakor" (BONUS)
Superligaga kelgan har bir legioner murabbiydan jamoa o'yiniga yangilik, intizom va natija kutilgan. "Paxtakor" ham mavsum boshida shunday maqsad bilan portugaliyalik mutaxassis Pedru Moreyrani jamoa bosh murabbiyi etib tayinladi. Ammo bu tajriba kutilgan samarani bermadi.
Uning qo'l ostida jamoa maydonda o'zini erkin his qila olmadi, kuchli tomonlarini namoyon eta olmadi. Hujumda yangilik ko'rinmadi, o'rta chiziqda keskinlik yo'qoldi. Eng muhim jihati — jamoada mazmun yo'q edi.
Pedru Moreyra boshchiligida "Paxtakor" 14 ta uchrashuv o'tkazdi: 7 g'alaba va 7 mag'lubiyat. Garchi raqamlar nisbatan barqaror ko'rinsa-da, o'yin sifati va ishonch jihatidan bu natija jamoa salohiyatiga mos kelmasdi.
Qizig'i shundaki, u jamoani tark etgach, “Paxtakor”ning o'yini jonlandi. Hamjihatlik paydo bo'ldi, natijalar ham barqarorlasha boshladi. Demak, muammo o'yinchilarda emas, balki ulardan to'g'ri foydalana olmagan murabbiyda bo'lgan.