- Dastlab o'yin haqida fikringiz?
- Oxirgi o'yinlarda g'alaba qozona olmayotgandik, shu bois yigitlarda tushkunlik kayfiyati bor edi. Lekin bugun ushbu noxush seriyaga barham berib qiyin g'alabani qo'lga kiritdik. Issiq ob-havo har ikki jamoaga salbiy tasir ko'rsatdi.
Mashal jamoasini yaxshi bilamiz, tartibli o'yin namoyishga harakat qiladi. Raqib bizga qarshi besh nafar himoyachi bilan o'yinni boshladi, shunga qaramay standart vaziyatdan gol urishga erishdik. Bahs taqdirini birinchi bo'limdayoq hal qilishimiz mumkin edi, chunki ko'plab vaziyatlarga ega bo'ldik. Agar uchta imkoniyatdan bittasini urganimizda hammasi yanada osonroq bo'lardi.
Ikkinchi bo'limda ham yaxshi o'yin ko'rsatdik. Darvozabonimiz muqarrar goldan qutqardi. Endi qisqa tanaffusga chiqamiz va shundan so'ng ikkinchi davraga hozirlikni boshlaymiz. Ikkinchi davrada o'zimizni ko'rsatib, avvalgi maqomimizga qaytmasak bo'lmaydi. Hammasiga mehnat orqali erishishga harakat qilamiz.
- OKMKni hali ham chempionlikka davogar jamoa deb hisoblaysizmi?
- Bitta maqol bor: osilsang baland dorga osil. Biz ham shunga harakat qilamiz. Men qaerda ishlashimdan qatiy nazar doim yuqori maqsadlarni qo'yganman.
- Bilamizki, 2005 yil futbolchilik faoliyatingizni aynan "Mashal"da tugatib, shu erda murabbiylikni boshlagan edingiz. O'shanda nega aynan "Mashal"ni tanlagansiz?
- Bu voqeaga ham 20 yil bo'pti. Endi eslaydigan bo'lsam, o'sha yillari "Mashal"dan taklif bo'lgandi. Ko'proq futbol o'ynashni xohlagandim, ammo taqdir taqozosi bilan 35 yoshda tugatishga majbur bo'lganman. Faoliyatimni O'zbekistonda tugatishni xohlaganman. Futbolga nihoyatda qiziquvchi kishilar meni "Mashal"ga chaqirishgandi. O'sha yil "Mashal" chempionatni ikkinchi o'rinda tugatgan. Muborakda uch yil yilni o'tkazdim va bu men uchun katta tajriba bo'lgan deya olaman.
- "Bunyodkor"da yaponiyalik Sato bilan ishlagansiz. OKMKda ham ikki nafar yapon legioneri bor. Buning sababi nimada?
- Men faqat yaponiyalik futbolchilarga bog'lanib qolgan emasman. Kimning o'yini yoqsa, o'shani taklif etamiz. Yani legioner bu o'rinda yapon bo'lishi shart emas. Faqat shuni aytishim mumkin, yaponiyaliklar o'zini doim yaxshi tutadi, intizomi ham joyida. Ko'rsatmalarni ham bajarishadi.
- Sizga o'xshab jarima zarbalarini qoyilmaqom darajada amalga oshiradigan futbolchilar chiqmay qo'ydi. Bu haqda nima deya olasiz?
- Endi Alloh bergan iqtidor ham bo'lishi kerak. Ammo iqtidorim yo'q ekan deb qarab turish ham noto'g'ri. Futbolchi baribir ishlashi kerak. Buning ham o'ziga yarasha mehnati bor. O'xshamasa ham ishlayverish kerak. Rossiyaga ketganimda Gadji Muslimovich Gadjiev men bilan jarimalar ustida ko'p ishlardi. U kishidan ko'p narsa o'rganganman. Koptogimiz unchalik zo'r bo'lmagan. Hozirgi to'plar bilan nimalar qilsa bo'ladi-ya.