- Ko'p gapirish shart emas, juda xunuk o'yin namoyish etdik. Uchrashuvdan oldin futbolchilarga kerakli ko'rsatmalarni bergandik. Ammo o'yin payti buning teskarisini ko'rdik. Nimaga bunday bo'lganini muhokama qilamiz.
Afsuski, bazi futbolchilarimiz bunday darajadagi o'yinga tayyor emas. O'rinbosarlar jamoasidan taklif etilganlar birdaniga o'ynab keta olmaydi. Futbolchi bir deganda zo'r bo'lib qolmaydi. Bir-ikkita bahsda yaxshi ko'rinishi mumkin, lekin har doim kuchli bo'lib qolish nihoyatda murakkab.
Eng katta muammo himoyada mustahkam turish bo'lib qolyapti. Bu juda katta boshog'riq. Davralar oralig'ida birinchi bo'lib himoya chizig'imizni tartibga solmasak bo'lmaydi. Ikkinchi davrada umuman boshqacha o'yin ko'rsatamiz deb o'ylayman.
- Bugungi bahsda maydon markazi boy berildi.
- Aytganimdek, yoshlar birdaniga qo'shilib keta olmayapti. Kecha o'rinbosarlarda yurgan futbolchi bugun asosiyda birdaniga o'ynab keta olmayapti. Yozgi tanaffusga bir nechta muammolar bilan chiqyapmiz, endi shularni hal qilish ustida ish olib boramiz.
- Luka Uskokovich nima uchun qaydnomadan joy olmayapti?
- Chunki unda jarohat bor va davolanyapti. Superkubok o'yinida jarohat olgandi, shundan beri davolanishda. Bugun aksar futbolchilarimiz o'zlariga xos bo'lmagan chiziqda o'ynashdi va bu ham o'z tasirini ko'rsatdi. Har kim o'z mehnatiga qarab imkoniyat olyapti.
- Ilhom Abdug'anievning muxlislarga qilig'i haqida fikringiz?
- U yaxshi ish qilmadi va buning uchun jazolanadi. Muxlis seni hatto haqorat qilsa ham o'zingni bosib turishing kerak. Men muxlislar nima deb hayqirganini eshitmadim, lekin tribunadan norozilik kelayotgani sezilib turdi. Futbolchi esa bunga javob qaytardi va to'g'ri ish qilmadi. Balki men tribunada bo'lganimda, men ham shunday qilgan bo'larmidim. Chunki o'yinimiz haqiqatan rasvo bo'ldi. Gap mag'lubiyatda emas, gap o'z ishiga bo'lgan munosabatda. Hamma o'z ishi uchun javob berishi kerak.
- Ikkinchi davra oldidan "Paxtakor"dan futbolchilar taklif etiladi degan gaplar yuribdi.
- Hammasini vaqt ko'rsatadi. Agar Azmiddinovni olsak yaxshi bo'lardi, lekin bu oson bo'lmaydi. Buning uchun muzokara o'tkazish, klub rahbariyati bilan gaplashish kerak. Faqat shuni aytishim mumkin, Azmiddinovning bizga foydasi tegadi.
- Yozgi tanaffusda jamoani kimdir tark etadimi?
- Shunday bo'lishi mumkin. Shunchaki son uchun futbolchini ushlab turgandan foyda yo'q. Kimlardir ketishi kutilmoqda, hammasi keyin malum bo'ladi. Futbolchi ishlashi va o'ynashi kerak. Maydonga tushishga imkon bo'lmasa, olib o'tirgandan nima foyda. Shunday ekan, kim bilandir xayrlashamiz.