Eron Pro ligasidagi taniqli legionerlar, ular orasida APLda o'ynagan futbolchi ham bor

  • Mr.NoBoDy 16.07.2025 11:40
  • 36
  • 30

Eron Pro ligasining 2024/2025 yilgi mavsumi mamlakat futboli uchun muhim davr bo'ldi. Ushbu mavsumda "Traktor" klubi o'z tarixida birinchi marta chempionlikni qo'lga kiritdi.

So'nggi yillarda "Istiqlol", "Traktor", "Persepolis" kabi etakchi klublar taniqli xorijlik futbolchilar evaziga yaxshi natijalarga erishmoqda. Legionerlar orasida O'tkir Yusupov, Jaloliddin Masharipov, Oston O'runov kabi o'zbekistonliklar futbolchilarning yorqin o'yinlari Markaziy Osiyo mamlakati futbolchilariga bo'lgan qiziqish oshishiga sabab bo'ldi. Shu bois, yangi mavsum oldidan Rustam Ashurmatov va Odil Hamrobekov ham fors mintaqasiga taklif etildi.

Eron Evropaning yirik chempionatlarida tajribaga ega bo'lgan futbolchilarni, masalan, bir vaqtlar Angliya Premer-ligasida to'p tepgan Dide Ndongni jalb qilishi Pro liga shunchaki oddiy musobaqa emasligini ko'rsatmoqda. 

Shu munosabat bilan, Eron Pro ligasida to'p tepayotgan taniqli legionerlar haqida malumot beramiz. O'zbekistonlik futbolchilar ko'pchilikka malum va mashhur bo'lgani uchun ro'yxatga kiritilmadi.


Rikardu Alvesh ("Traktor")

32 yoshli portugaliyalik yarim himoyachi asosan, markaziy zonada harakat qiladigan ko'p qirrali futbolchi hisoblanadi. Uning moslashuvchanligi tufayli hujumkor yoki tayanch yarim himoyachi sifatida ham samarali harakat qila oladi va asosan chap oyoqdagi kuchiga tayanadi. Alvesh maydonning chinakam "sanatkori" sifatida tanilgan bo'lib, o'yinlarga keskin tasir ko'rsata olishi bilan nom qozongan. Uning o'yin uslubi maydonni ko'rish qobiliyati, aniq uzatmalar, kuchli zarba va ko'p qirraliligi bilan ajralib turadi. Ayniqsa, u golga uzatmalari bilan esda qoladigan etakchi o'yinchi hisoblanadi. Uning transfer qiymati 1,5 million evroni tashkil etadi. 

Eron Pro ligasining 2024/2025 yilgi mavsumida Alvesh 28 ta o'yinda maydonga tushib, 3 ta gol urdi va 4 ta golli uzatma amalga oshirdi. Shuningdek, u Osiyo Chempionlar Ligasi-2 musobaqasida 4 ta o'yinda 1 gol urib, 1 ta golli uzatma amalga oshirdi. Yarim himoyachi "Traktor" klubining 2024/2025 yilgi mavsumda birinchi marta Fors ko'rfazi Pro ligasi chempionligini qo'lga kiritishida hissa qo'shdi. 

Dide Ndong ("Istiqlol")

31 yoshli gabonlik futbolchi asosan, tayanch yarim himoyachi sifatida o'ynaydi. Angliyaning "Sanderlend" jamoasi sobiq futbolchisining asosiy vazifasi raqib hujumlarini to'xtatish, to'pni olib qo'yish va himoya chizig'i uchun mustahkam qalqon vazifasini bajarishdan iborat. Ndongning transfer qiymati 1,20 million evroni tashkil etadi. 

Ndong 2024/2025 yilgi Eron Pro ligasida 28 ta o'yinda ishtirok etdi va 2276 daqiqa harakat qildi. Bundan tashqari, u Elit Osiyo Chempionlar ligasida 10 ta va Hazfi kubogida 3 ta o'yinda maydonga tushdi. "Istiqlol" ligada 9-o'rinni egallaganiga qaramay, Osiyo Chempionlar Ligasi-2 yo'llanmasini qo'lga kiritishga muvaffaq bo'ldi. Ndong "Istiqlol" jamoasining asosiy o'yinchisi sifatida Hazfi kubogi finalida hal qiluvchi rol o'ynadi va "Malavan"ga qarshi bahsda 90 daqiqa to'p tepdi. 


Igor Postonjski ("Traktor")

30 yoshli xorvatiyalik yarim himoyachi asosan, tayanch, shuningdek, markaziy yarim himoyachi vazifasini bajaradi. U raqib hujumlarini to'xtatish bilan bir qatorda, jamoasining hujumlarini boshlashda faol hisoblanadi. Uning chempionatdagi 27 ta o'yinning 26 tasida tayanch yarim himoyachi sifatida asosiy tarkibda maydonga tushishi "Traktor" jamoasining taktik tizimida muhim o'rin tutishini tasdiqlaydi. Postonjskining transfer qiymati 900 ming evroni tashkil etadi. 

2024/2025 yilgi mavsumda Postonjski Eron Pro ligasida 27 ta o'yinda maydonga tushib, 2 338 daqiqa harakat qildi va 7 ta golli uzatmani amalga oshirdi. Shuningdek, u Osiyo Chempionlar ligasi-2 turnirida 8 ta o'yinda (729 daqiqa) va Hazfi kubogida 1 ta o'yinda (90 daqiqa) ishtirok etdi. U mavsum davomida barqaror o'yin namoyish etib, o'zi ishtirok etgan barcha 27 ta o'yinni boshlang'ich tarkibda boshladi. Uning himoyaviy tayanch sifatidagi muhim roli "Traktor" klubining 2024/2025 yilgi mavsumdagi tarixiy g'alabasida hal qiluvchi ahamiyatga ega bo'ldi. 

Aleksis Genduz ("Persepolis")

29 yoshli jazoirlik darvozabon seyvlar namoyish etish, havodagi kurashlarda aniq harakat qilish, penaltilarni qaytarish va "quruq o'yin" o'tkazish (14 ta) borasida hayratlanarli ko'rsatkichlarga ega. 

Uning transfer qiymati 800 ming evroni tashkil etadi. Genduz 2024 yil 31 iyulda "Persepolis" jamoasiga qo'shilgan va uning shartnoma muddati 2027 yil 30 iyungacha amal qiladi. 

Eron Pro ligasida Genduz 27 ta o'yinda maydonga tushib, 19 ta gol o'tkazib yubordi va 14 ta o'yinda darvozasini daxlsiz saqladi. U shuningdek, Elit Osiyo Chempionlar ligasida 8 ta o'yin (10 ta gol o'tkazib yubordi, 1 ta o'yinda darvozasi daxlsizligini saqladi), Eron Superkubogida 1 ta o'yin (gol o'tkazmadi) va Hazfi kubogida 1 ta o'yin (3 ta gol o'tkazib yubordi) o'tkazdi. "Persepolis" Eron Pro ligasida 3-o'rinni egalladi. 


Tomislav Shtrkal ("Traktor")

28 yoshli xorvatiyalik futbolchi asosan, markaziy hujumchi poziciyasida harakat qiladi. U qisqa uzatmalarni afzal ko'rishi, tez-tez raqiblar tomonidan qoida buzilishiga uchrashi va to'pni sheriklariga yo'naltirishni yoqtirishi bilan ajralib turadi. Uning ko'p qirraliligi tahsinga loyiq, chunki u hujumkor yarim himoyachi, chap va o'ng qanot hujumchisi sifatida ham o'ynagan, bu esa jamoasiga taktik moslashuvchanlikni taminlaydi.

Shtrkalning transfer qiymati 800 ming evroni tashkil etadi. Futbolchining shartnomasi 2029 yil 30 iyungacha amal qiladi. Klubning bunday uzoq muddatli shartnoma taklif qilishi, uning kelajakdagi salohiyatiga va hujumdagi asosiy o'yinchi bo'lishiga ishonch bildirilganidan dalolat beradi. 

Shtrkal 2024/2025 yilgi mavsum Eron Pro ligasida 8 ta gol urdi. U, shuningdek, OCHL-2 doirasida 7 ta o'yinda 3 ta gol urdi. "Traktor" safida barcha musobaqalarda jami 35 ta o'yinda 11 ta gol kiritdi. 


BONUS: Joel Kojo ("Istiqlol")

26 yoshli qirg'izistonlik (Ganada tug'ilgan) futbolchi asosan, markaziy hujumchi poziciyasida to'p tepadi, shuningdek, chap qanot hujumchisi sifatida ham harakat qila oladi. Kojo O'zbekiston Superligasida "Dinamo" safidagi o'yinlari bilan ko'pchillikning nazariga tushib ulgurgan.

Uning transfer qiymati 600 ming evroni tashkil etadi. Kojo 2025 yilning yanvarida "Istiqlol" klubiga o'tdi va 3,5 yillik shartnoma imzoladi. Uning mintaqadagi nufuzi 2024 yilda Qirg'iz Respublikasining eng yaxshi futbolchisi deb tan olinishi bilan ham yaqqol namoyon bo'ladi.

"Istiqlol" bilan uzoq muddatli shartnomasiga qaramasdan, hujumchi O'zbekistonning "Neftchi" klubiga o'tishi haqida xabarlar tarqalmoqda. Tez orada bunga oydinlik kiritiladi.

Kojo "Istiqlol"ga kelganidan beri Eron Pro ligasida 11 ta o'yinda maydonga tushib, 2 ta gol urdi. Shuningdek, u Elit Osiyo Chempionlar Ligasida 3 ta o'yinda 1 ta gol urdi. Qolaversa, klub safida Hazfi kubogida 3 ta o'yinda ishtirok etdi.


Oqil Abdubarnoev tayyorladi.

Ўхшаш янгиликлар