Sergey Lushchan: "Bu g'alaba jamoamizga oldinga qarab ishlash va rivojlanish uchun turtki beradi"

  • Mr.NoBoDy 12.08.2025 22:32
  • 51
  • 30

Superliga 18-turidan o'rin olgan "Andijon" - "Navbahor" (0:1) uchrashuvidan so'ng "Navbahor" bosh murabbiyi Sergey Lushchan matbuot anjumanida ishtirok etdi.

- O'yin haqida fikringiz?

- Qiyin bahsni o'tkazdik. "Andijon" bilan doim qiyin bo'lgan. Bir yarim yildan beri Namanganda ishlab kelyapman va bu orada "Andijon"ga qarshi nechta uchrashuv o'tkazgan bo'lsak, hech biri oson kechmagan. Derbi o'z nomi bilan derbi. Futbolchilarga rahmat, bugungi ko'rsatmalarni 90 foizga to'g'ri bajarishdi. Ketma-ket ikkita durangdan so'ng yutganimiz yaxshi bo'ldi. O'ylaymanki, bu g'alaba jamoamizga oldinga qarab ishlash va rivojlanish uchun turtki beradi. Raqibning bir nechta hujumlarini to'xatib qoldik. Albatta, o'zimiz hujumga ko'p o'tmadik, lekin ijobiy natija qayd eta oldik. Qo'lga kiritilgan g'alaba bilan futbolchilarimizni va muxlislarni tabriklayman.

- O'tgan tur "So'g'diyona" bilan o'yinni asosiy tarkibda boshlagan futbolchilardan bir nechtasi bugun asosiy tarkibda o'ynamadi. Bu nima bilan bog'liq?

- Avvalgi o'yindan keyin ham aytgandim, biz yozgi yig'inni ko'ngildagidek o'tkaza olmadik. Qariyb 70 foiz o'yinchimiz yig'inda ishtirok etmadi. Legionerlar ikkinchi davra startiga besh kun qolganda, Jiyanov bilan Mirsaidov 4 kun qolganda safimizga qo'shilishdi. Bu esa mashg'ulotlarda o'z tasirini ko'rsatdi. Hozirgi paytga kelib hamma mashg'ulotlarda qatnashyapti va o'zini ko'rsatishga harakat qilyapti. Qo'shimcha mashqlar bajarishyapti. O'yindan o'yinga kuchayib boramiz deb umid qilaman. Boltaboev ham endi-endi jamoaga kirishib ketyapti. "So'g'diyona" bilan kechadigan Kubok o'yinigacha hamma yaxshi formada bo'ladi deb o'ylayman. 

- O'yindan qoniqdingizmi?

- Ha, jamoamizning harakatidan qoniqdim. Aytib o'tanimdek, futbolchilar ko'rsatmalarni to'g'ri bajarishdi. Chiroyli gol ham urdik. Biz hozir jamoa tuzish va shakllantirish ustida ish olib boryapmiz. Og'ir o'yinlar orqali bunga erishamiz.

- Jamoa sardori Azim Ahmedov nima uchun maydonga tushmayapti?

- Bu raqobat bilan bog'liq. Albatta, Azim Ahmedov kuchli futbolchi, u nafaqat maydonda, balki jamoadoshlari orasida ham etakchi. Lekin yarim himoya chizig'imizda braziliyaliklar yaxshiroq ko'rinmoqda. Ulardan kimdir safdan chiqsa, Azim o'rnini to'ldiradi. Bir tomondan zaxira o'rindig'imizda shunday o'yinchi borligi yaxshi, chunki istalgan payt maydonga tushirib foydalana olamiz.

Ўхшаш янгиликлар

MMA (UFC) videolar

post photo

ММА (UFC) - janglari

UFC 310 Embedded (эпизод 5)

Futbol obzorlar