iks
ads

"Nasaf"ning OCHLdagi 9-mavsumi boshlandi

  • Mr.NoBoDy 17.09.2025 16:08
  • 169
  • 30

Qarshining "Nasaf" klubi O'zbekistonning amaldagi chempioni sifatida Elit OCHLda ilk mavsumini, umumiy hisobda esa OCHLdagi 9-mavsumini boshladi.

Ro'ziqul Berdiev jamoasi Elit OCHLdagi ilk uchrashuvni Saudiya Arabistonining "Al Ahli" klubiga qarshi qarshi o'tkazib, 2:4 hisobida mag'lub bo'ldi. Jamoa juda yaxshi o'yin ko'rsatdi. Hatto Husayn Norchaevning ikkita goli evaziga birinchi bo'limni 2:0 hisobida o'z foydasiga hal etdi.

Lekin ikkinchi taymda tajriba baribir o'z so'zini aytib, qarshiliklar 65, 68-daqiqada ikkita gol o'tkazib yuborishdi. Hakam tomonidan qo'shib berilgan daqiqalarda esa yana ikki bor to'p o'tkazib, bahs mezbonlar foydasiga 4:2 hisobida yakun topdi.

"Nasaf" OCHLda "Al Ahli" bilan oldin ham o'ynagan. Xususan 2015 va 2016 yilgi mavsumlarda bitta guruhda kurash olib borgan bo'lib, bu jamoa "Nasaf" uchun nom jihatdan begona emasdi. Ammo hozirgi "Al Ahli" butunlay boshqa jamoa. Ular birinchidan, o'tgan yil yo'lga qo'yilgan OCHL Elitning birinchi g'olibi, ikkinchidan "Al Ahli" katta pullar evaziga bir qator kuchli legionerlarni olib kelgan. "Al Ahli" avvalgi yillari asosiy etiborni mahalliy o'yinchilarga qaratardi, tarkibda biz taniydigan suriyalik hujumchi Omar Al Soma bo'lardi, xolos.




Endi bo'lsa klub Riyad Mahrez, Ayvon Toni, Frank Kessie kabi futbolchilarni bemalol olib kelyapti. Aytish mumkinki, shu uchala futbolchining yillik maoshi "Nasaf"ning umumiy byudjetidan bir necha barobar ko'p bo'lsa kerak. Lekin "Nasaf" shunday jamoaga qarshi matonat bilan o'yin ko'rsata oldi. Ro'ziqul Berdiev shogirdlari Elitdagi navbatdagi bahsni 29 sentyabr kuni uyda o'tkazishadi. Shu kuni Saudiyaning yana bir grand jamoasi "Al Hilol" Qarshida mehmon bo'ladi.

Tarixga nazar tashlaydigan bo'lsak, "Nasaf" Osiyo chempionlar ligasidagi dastlabki ishtirokini 2012 yilda boshlagan. Jamoa 2011 yil Anatoliy Demyanenko qo'l ostida OFK Kubogini qo'lga kiritgach, ukrainalik murabbiy o'z xohishiga ko'ra klub bilan xayrlashgan, shundan so'ng Ro'ziqul Berdiev bosh murabbiy sifatida jamoani qabul qilib olgandi. Shunday qilib 2012 yildan Ro'ziqul akaning "Nasaf"dagi sarguzashtlari boshlandi.

2012 yildan to hozirgacha OCHLning 13ta mavsumi o'tgan bo'lsa, shundan 5tasida "Nasaf" ishtirok etmagan. Qarshiliklar hisobida 8ta OCHL mavsumi bor. 2014 va 2017 yillarda "Nasaf" guruhga chiqish uchun pley-offdan o'ta olmagan bo'lsa, 2012, 2015, 2016, 2018 yillarda guruh o'yinlarida qatnashib, lekin keyingi bosqichga o'ta olmagan.

"Nasaf"ning OCHLda guruhdan chiqqan mavsumi 2022 va 2023/24 yillarga to'g'ri keladi. Lekin har ikkalasida klub 1/8 finalda o'z yurishini to'xtatgan. Demak, "Nasaf" Osiyo chempionlar ligasida qatnashishni boshlabdi hamki chorak finalda o'ynagan emas.




2012 yil. Guruh bosqichi, 1 ochko. (Raqiblari - "Al Jazira" (BAA), "Istiqlol" (Eron), "Al Rayan" (Qatar).

2013 yil. Qatnashmagan

2014 yil. Saralash pley-offda Qatarning "Al Jayish" klubiga mag'lub bo'lgan.

2015 yil. Guruh bosqichi, 8 ochko. (Raqiblari - "Al Ahli, (S.Arabistoni) "Al Ahli", (BAA) "Traktorsozi" (Eron).

2016 yil. Guruh bosqichi, 5 ochko. (Raqiblari - "Al Jaish", (Qatar) "Al Ayn", (BAA) "Al Ahli" (S.Arabistoni).

2017 yil. Saralash pley-offda Saudiya Arabistonining "Al Fateh" klubiga mag'lub bo'lgan.

2018 yil. Guruh bosqichi, 10 ochko. (Raqiblari - "Persepolis" (Eron), "Al Sadd" (Qatar), "Al Vasl" (BAA).

2019 yil. Qatnashmagan

2020 yil. Qatnashmagan

2021 yil. Qatnashmagan

2022 yil. Guruhdan chiqqan, 9 ochko. (Raqiblari - "Al Faysali" (S.Arabistoni), "Al Sadd" (Qatar), "Al Vihdat" (BAA). 1/8 finalda Saudiya Arabistonining "Al Shabab" klubiga mag'lub bo'lgan.

2023/24 yil. Guruhdan chiqqan, 11 ochko. (Raqiblari - "Al Sadd" (Qatar), "Sharja" (BAA), "Al Faysali" (Iordaniya). 1/8 finalda BAAning "Al Ayn" klubiga mag'lub bo'lib, musobaqani tark etgan.

2024/25 yil. OCHL Elit. Qatnashmagan




O'tgan yil yangicha ko'rinishdagi OCHLning ilk mavsumiga start berildi va Elit OCHL deb nomlandi. Musobaqa formati butkul o'zgarib ketdi, guruh bosqichidan voz kechildi. Endi 12ta jamoaning umumiy ballari hisoblanadi. Bu degani ham oson, ham qiyin bo'ladi. Hamma gap raqiblaring kim bo'lishida va ular bilan qaerda o'ynashingda. O'tgan yil Elit OCHLda ilk bor qatnashgan "Paxtakor" omad tufayli keyingi bosqichga chiqqandi, muxlislar bu mavsum "Nasaf"dan ham kamida shu natijani kutishadi.

X.Xoliqov

Ўхшаш янгиликлар

MMA (UFC) videolar

post photo

ММА (UFC) - janglari

UFC 310 Embedded (эпизод 5)

Futbol obzorlar