O'shanda ilk raunddan muvaffaqiyatli o'tgan vakillarimiz ikkinchi bosqichda muammoga duch kelgan. Yaponiya, Janubiya Koreyaga safarda engilgan, Qozog'iston bilan durang o'ynagan terma jamoamiz Toshkentda BAAni qabul qilgan. Afsuski, o'yin amirliklarning 3:2 hisobidagi g'alabasi bilan yakunlangan. O'sha bahsda penaltini golga aylantira olmagan Mirjalol Qosimov "Futbol tv" kanalida "France-98" saralashi haqida tayyorlangan ko'rsatuvda barchasini aytib berdi.
"Bir yildan oshiq vaqt futbol o'ynamaganman, mashg'ulot ham o'tmaganman. Operaciyadan so'ng suzish, gimnastikaga borib muolaja qilardim, lekin jamoa bilan mashg'ulot bo'lmagan, katta yuklama olmaganman. Ikki hafta yugurmasangiz, yig'gan jismoniy kuchingizni yo'qotasiz. Lekin bu erda xohish kuchli bo'ldi. Shu narsa murabbiylikda asqotdi. Futbolchi jismonan tayyor bo'lishi kerak. Hozir jismoniy tayyorgarlik ko'p narsani hal qilyapti.
Maydonga chiqdim, yordam bermoqchi bo'ldim. O'yindan oldin shifokorimiz Anatoliy Turikovdan dori so'raganim esimda. Hayolimda 45 daqiqa uchib yurgandek bo'ldim. Keyin 11 metrlik nuqtadan gol ura olmadim. Muskullarim nol, jismoniy holatim ham shunday. Faqat xohish bor edi, lekin u bilan ish bitmaydi. Xuddi mashina baloniga o'xshardi.
Uyga kelib, o'yinni ko'rganimda televizorga qarashga uyaldim. Men uchun juda katta maktab bo'ldi. O'shandan keyin jismonan tayyor holatga kelmagunimcha maydonga chiqmaslikni odat qildim. BAA bilan o'yinda to'p tepishga loyiq emasdim, maydonga chiqishim kerak emasdi. Penalti ura olmaganim — aybim. Aslida, yo'q deb turib olishim lozim edi", — deydi Qosimov.