"Manchester Yunayted" 33 yoshli tayanch yarim himoyachisi Kazemiro bilan 2026 yil yozida tugaydigan mehnat shartnomasini uzaytirish imkoniyatini inkor etmayapti. Bu haqda ESPN xabar bermoqda.
Manba malumotlariga ko'ra, agar braziliyalik futbolchi "qizil iblislar" safida qolishni istasa, maoshining kamaytirilishiga rozi bo'lishi kerak bo'ladi. MYU David de Xea, Rafael Varan va Markus Rashfordning jamoadan ketishidan so'ng, maoshlar ro'yxatini qisqartirishni davom ettirish niyatidalar. Hozirgi paytda 33 yoshli yarim himoyachi "Manchester Yunayted"da eng yuqori maosh oladiganlar qatoriga kiradi.
Takidlanishicha, Kazemiroga Braziliya va Saudiya Arabistoni klublari qiziqish bildirmoqda.
Yarim himoyachi klub safida 2022 yil yozidan beri to'p surmoqda. U joriy mavsumda Angliya chempionatining 6 ta o'yinida ishtirok etib, 1 ta gol urgan. Transfermarkt portalida keltirilgan malumotlarga ko'ra, futbolchining bozor qiymati 10 million evroni tashkil etadi.