
Bugun bo'lajak mundialning alohida etirofga loyiq yana bir ishtirokchisi — Kyurasao haqida so'z yuritamiz.
Qanday qilib hudud va aholi soni bo'yicha er yuzidagi eng kichik mamlakatlar (orol)dan biri bu kabi ulkan natijaga erisha oldi? Mamlakatning o'ziga xosliklari, futbol sohasi rivoji va yana ko'plab qiziqarli faktlar etiboringizni tortishi, sizni lol qoldirishi aniq.
Kyurasao Jahon chempionatlarida ishtirok etgan — aholisi eng kam mamlakat bo'ladi
Kyurasao mundialda ishtirok etgan mamlakatlar ichida aholisi eng kami sifatida tarixdan o'rin oladigan bo'ldi.
Kuni-kecha Kyurasao KONKAKAF (Markaziy va Shimoliy Amerika futbol Konfederaciyalari hamda Karib dengizi mamlakatlari) saralashi uchinchi bosqichida mundialga to'g'ridan-to'g'ri yo'llanmani qo'lga kiritdi. FIFA reytingida jamoa 82-pog'onani band etib turibdi.

2023 yildagi hisob-kitoblarga ko'ra, orolning aholisi 155,8 ming insonni tashkil etadi. Bu ko'rsatkich bo'yicha Kyurasao 2018 yilda Rossiyadagi mundial ishtirokchisi bo'lgan Islandiyani (taxminan 400 ming aholi) ortda qoldiradi. Shuningdek, Kyurasao Jahon Chempionati final bosqichiga yo'l olgan tarixdagi eng kichik mamlakatga aylandi — 444 kv. km. Bu borada orol Andorra yoki Hiva tumanidan ham kichikroq.
Mamlakat uchun mazkur tarixiy voqeadan so'ng, Kyurasao futbol federaciyasi prezidenti Jilber Martina quyidagi so'zlarni aytdi:
"Bu Kyurasaoning har bir fuqarosi uchun unutilmas va juda yoqimli voqea. Shu jumladan, Amerika va Evropada istiqomat qiluvchi hamyurtlarimiz va bizning orolni yaxshi ko'radigan har bir inson ham xursand ekanligi turgan gap. Biz hudud jihatdan kichik bo'lishimiz mumkin, lekin qalbimiz va yuragimiz juda katta", - dedi Jilber Martina.
"O'ylashimcha, bizning muvaffaqiyat - bu mashaqqatli mehnat mahsuli. Biz kun kelib jahon chempionatiga chiqa olishimizga ishonardik va o'sha kun keldi. Musobaqada Kyurasaoga qarshi qaysi jamoalar raqiblik qilishini umuman farqi yo'q, eng zo'rlariga qarshi o'ynasak ham mayli, biz jahon chempionatini yutib bo'ldik", - qo'shimcha qildi prezident.
Niderlandiya Antil orollaridan mustaqillikkacha yo'l
Kyurasaoning futboldagi tarixi 1924 yilga borib taqalid. O'shanda jamoa "Kyurasao Hududi" rasmiy nomi bilan ishtirok etgan. 1946 yilda Kyurasao Karib dengizining boshqa 5 ta oroli (Aruba, Bonayre, Saba, Sint-Estatius va Sint-Marten) bilan birlashadi hamda Niderlandiya Antil orollari nomi bilan harakat qila boshlaydi.
Niderlandiya Antil orollari jamoasi malum natijalarga ham erishadi, misol uchun, Finlyandiyadagi Olimpiya o'yinlari-1952da ishtirok etadi va 1963 hamda 1969 yillarda KONKAKAF kubogida g'olib chiqadi. Birlashgan jamoa umumiy hisobda 191 ta o'yinda 52 g'alaba, 50 durang va 89 mag'lubiyat qayd etadi.
2010 yilda Niderlandiya Antil orollari yo'q bo'ladi va Kyurasao Niderlandiya Qirolligi tarkibidagi avtonom respublikaga aylanadi. Bu holat har bir orolga futbol bo'yicha o'z terma jamoasini yaratish imkoniyatini berdi. Aynan shu joydan Kyurasao futbolining yangi tarixi boshlandi.
Kyurasao futbol jamoasi mintaqada eng tez rivojlanayotgan milliy terma jamoalardan biri hisoblanadi. Orol hajman kichik bo'lsa-da, futbol ancha rivojlanib ulgurgan va bir qator Evropada to'p tepayotgan professional futbolchilarga ega.
Patrik Klyuivertning tasiri
Kyurasao futboli transformaciyasi hozirgi bosh murabbiy Dik Advokat kelishidan ancha avval boshlangan. 2015 yilda niderlandiyalik mashhur hujumchi Patrik Klyuivert terma jamoa boshqaruvini o'z qo'liga oladi va imkoniyatlaridan foydalangan holda Evropada to'p tepayotgan mahalliy futbolchilardan kuchliroq darajadagi o'yinchilarni terma jamoa tarkibiga jalb qilishda muhim rol o'ynaydi.
Aynan Klyuivert boshchiligidagi jamoaga qator muhim futbolchilar taklif etilgan. Darvozabon - Eloy Viktor Rum ("Vitess"), himoyachi Leandro Bakuna ("Aston Villa") va boshqalar. Ularning aksariyati Niderlandiyaning turli yoshdagi termalari safida maydonga tushganiga qaramay, professional darajada orolning terma jamoasi safida to'p tepishni tanlagan.

Klyuivert davridagi eng muhim g'alabalardan biri — 2017 yildagi Karib dengizi kubogi. Finalda Kyurasao amaldagi chempion Yamaykani mag'lub etadi. G'alaba goli o'yin yakunlanishiga 15 daqiqa qolganida uriladi. Aynan shu g'alaba jamoaga KONKAKAF oltin kubogi-2017ga yo'l ochadi – avtonom respublika sifatidagi ilk yirik xalqaro musobaqa.
Vaziyatni yaxshiroq tasavvur qilishingiz uchun: Karib dengizi kubogi-2014da jamoa Eten Silie (hozirda Kyurasao futbol Federaciyasi texnik direktori) boshchiligida barcha o'yinlarda mag'lubiyatga uchrab, oxirgi o'rinni egallaydi. Oradan bor yo'g'i 3 yil o'tib, barchasi tubdan o'zgaradi.
Kyurasao terma jamoasi muvaffaqiyatlari
Albatta, futbol bo'yicha Kyurasao terma jamoasining eng katta muvaffaqiyati aynan jahon chempionati final bosqichiga yo'llanmani qo'lga kiritgani hisoblanadi. Biroq bundan avval ham malum natijalar qayd etilganini takidlab o'tish lozim.
Karib dengizi kubogi: 2017 yilda Kyurasao mazkur musobaqada g'olib bo'ladi va bu jamoaning tarixdagi eng katta yutuqlaridan hisoblanadi.
KONKAKAF Kubogi: terma jamoa 3 marta musobaqaning final bosqichida ishtirok etgan (2017, 2019 va 2021 yillarda). 2019 yilda jamoa ilk bor bosh sovrinni qo'lga kiritishni uddaladi.
KONKAKAF oltin kubogi: mazkur musobaqada ham Kyurasao terma jamoasi ishonchli o'yinlari bilan yodda qolgan. Eng yaxshi natijasi hozircha chorak final hisoblanadi.
KONKAKAF Millatlar Ligasi: Kyurasao muntazam ravishda eng kuchli hisoblangan A Ligada to'p tepadi.
FIFA reytingidagi o'sish: Oxirgi o'n yillikda jamoa reytingdagi vaziyatini sezilarli ravishda yaxshilashni uddaladi. Agarda 2014 yilda u 183-o'rinni band etib turgan bo'lsa, 2025 yilga kelib yuztalikka kirdi hamda 82-o'rindan joy oldi.

Kyurasao futbol federaciyasi
Rasmiy nomi: Federashon Futbòl Kòrsou (FFK). KONKAKAF va FIFA azosi.
Kyurasaoda futbolning eng yuqori divizioni: Curaçao Promé Divishon
Mashhur klublari: RKSV Scherpenheuvel, CRKSV Jong Holland, SV Hubentut Fortuna, RKSV Centro Dominguito, UNDEBA
Bu klublar o'rtasidagi raqobat mahalliy futbolning jonli kechishiga sabab bo'ladi.
Jamoaning muhim figuralari

Aka-uka Bakuna: jamoa yuragi
Leandro va Junino Bakuna Kyurasao terma jamoasi muvaffaqiyati ramziga aylanib ulgurishdi.34 yoshli Leandro universal futbolchi bo'lib, vaziyatdan kelib chiqqan holda himoyaning o'ng qanotida yoki markaziy yarim himoyada ter to'kishi mumkin. Terma jamoa safida 67 o'yin o'tkazgan Bakunalarning kattasi darvozabon Eloy Rom va himoyachi Kuko Martina bilan gvardiyachilar (terma safida eng ko'p o'yin o'tkazgan) uchligini tashkil qiladi.
Leandro professional faoliyatini "Groningen"da boshlagan, keyinroq, 2013 yil "Aston Villa" safiga ko'chib o'tadi. Bu erda 4 mavsum to'p tepadi va 2015 yil Angliya Kubogi finalida ham maydonga tushadi. Keyinroq Niderlandiyaga qaytguncha u "Reding" va "Kardiff Siti" klublari sharafini ham himoya qilgan. JCH-2026 saralashida Leandro 16 ta golga, jumladan Bermud orollariga qarshi hal qiluvchi o'yinlardagi, mualliflik qildi.
Junino Bakuna, 28 yoshli markaziy yarim himoyachi. U ham akasi singari faoliyatini "Groningen"da boshlagan, keyinchalik Angliyaning "Xaddersfild Taun" klubi safiga ko'chib o'tadi va Premer-ligada bir, Chempionshipda ikki mavsumni o'tkazadi. Shotlandiyaning "Reynjers" klubi safida o'tgan yarim yildan so'ng, 2022 yil "Birmingem Siti"ga, 2024 yilda esa Saudiya Arabistonining "Al Vexda" klubi safiga borib qo'shiladi. Bugungi kunda Turkiyaning "Gaziantep" jamoasi futbolchisi hisoblanadi. Kyurasao terma jamoasi tarkibida 45 o'yinda 13 ta gol urgan.
Junino akasi bilan birga to'p tepish imkoniyati uni Kyurasaoni tanlashida muhim rol o'ynaganini takidlagan. Oilaviy aloqalar jamoaning g'alabasini yanada tasirliroq qiladi.

Eloy Rum: darvozaning ishonchli qo'riqchisi
36 yoshli Eloy Rum Niderlandiyaning Neymegen shahrida tavallud topgan. 2015 yil 6 iyun sanasida Kyurasao safida debyut qilgan kiper jamoaning himoya qo'rg'onida juda muhim rol o'ynaydi. Darvoqe, o'sha Trinidad va Tobagoga qarshi o'tgan bahsda Rum o'yinning "eng yaxshi futbolchisi" deb tan olinadi.
Rum faoliyati "Vitess"da boshlangan, o'shanda u 13 yoshda edi. 2017 yilda Eloy jamoasiga tarixda ilk bor Niderlandiya Kubogini qo'lga kiritishda yordam beradi. Finalda AZ 2:0 hisobida taslim etiladi. Mazkur muvaffaqiyatdan so'ng, posbon "PSV Eyndxoven" safiga ko'chib o'tadi va ikki mavsumdan keyin Amerikaga yo'l oladi.
2019 yil u MLS ishtirokchisi "Kolambus Kryu" safida harakat qila boshlaydi va 5 mavsum davomida "MLS Cup"ni (2020 yil) qo'lga kiritadi. Aynan o'sha mavsum u "Yil seyvi" sovrinini qo'lga kiritadi. 2023 yilda u "Vitess"ga qaytganiga qaramay, o'tgan vaqt oralig'ida "Serkl Bryugge" safida ham to'p tepishga ulgurgan.
Terma libosida Rum 67 o'yinda (boshqa bir manbada 2025 yil iyun oyiga ko'ra, 62 o'yin) maydonga tushgan va 11 bor o'z darvozasi daxlsizligini saqlab qolishni uddalagan. Uning sifatli ligalarda orttirilgan ulkan tajribasi va etakchilik xususiyatlari saralashda muhim rol o'ynagani turgan gap.
Yana boshqa muhim futbolchilar:
Rangelo Yanga, jamoa hujumchisi, Kyurasaoning barcha davrlardagi eng yaxshi to'purari hisoblanadi. U 42 o'yinda 21 ta gol urib, har bir o'yindagi o'rtacha gollari bo'yicha ham (0,5) ajoyib natija qayd etgan.
Yurien Gaari, terma jamoa safida 55 o'yin o'tkazgan o'ng qanot himoyachisi g'alabali KONKAKAF-2019 qahramonlaridan biri hisoblanadi. Yamaykaga qarshi o'yinning asosiy vaqtiga qo'shib berilgan daqiqalarda gol urib (1:1), jamoasi yakunda chorak finalga yo'l olishiga sababchi bo'lgan.
Taxit Chong, 24 yoshli vingerni ko'pchilik muxlislar "Manchester Yunayted" orqali yaxshi eslashsa ajab emas. 1999 yil Villemstadda tavallud topgan futbolchi bugungi kunda "Sheffild Yunayted" safida to'p tepmoqda. Aynan shu jihat Taxitni jamoa azolari ichida bevosita orolda tavallud topgan kam sonli futbolchilardan qiladi. Afsuski, sport formasi optimal holatda bo'lmaganligi tufayli Chong saralashning hal qiluvchi o'yinlarida ishtirok etmadi.
Geografiya va joylashuv

Kyurasao — Niderlandiya Qirolligi tarkibiga kiruvchi davlat tashkiloti. 2010 yilgacha orol Niderlandiya Antil orollarining bir qismi edi.
U, ayniqsa, o'zining ajoyib manzaralari, qo'rg'onlari va tarixiy merosi bilan mashhur. Niderlandiya qo'shinlari XVII asrda orolni ishg'ol etgan va Kyurasao uzoq vaqt niderlandiyaliklar nazoratida qolgan.
O'lka: Kyurasao oroli Karib dengizi janubi, Venesuela sohiliga yaqin hududda joylashgan.
YUNESKO ro'yxatidagi shahar: Oroldagi asosiy shahar — Villemstad (poytaxt). Villemstad, mamlakatning boshqa shaharlari bilan solishtirganda, sezilarli darajada jozibali arxitekturaga ega va turizm uchun juda mos joy hisoblanadi. Buning isboti sifatida shahar YUNESKOning jahon merosi maxsus ro'yxatiga kiritilganini keltirish mumkin.
Tarix: Kyurasao oroli 1499 yilda Ispanlar tomonidan kashf etilgan. Lekin XVII asrda Gollandiya ushbu orolni o'z nazorati ostiga oladi. Bundan tashqari, orol tarixida ko'plab boshqa xalqlar, jumladan, Afrikadan kelgan migrantlar ham yashagan. Bu orolning iqtisodiy va madaniy rivojlanishida muhim rol o'ynagan.
Madaniyat: Kyurasao madaniyati Gollandiya, Afrika va Karib xalqlari tasirida tashkil topgan desak, mubolag'a bo'lmaydi. Ular murakkab va xilma-xil tillar, salomatlik va qator ishlab chiqarish sohalariga ega.
Turizm: Kyurasao oroli Karib hududidagi eng yaxshi turizm manzaralaridan biridir. Uning ajoyib plyajlari va suv sporti bilan mashhur.
Rasmiy til: Mamlakatda rasmiy til golland tili hisoblanadi. Biroq u rasmiy til bo'lsa ham, mahalliy Papiamento tili keng tarqalgan.
Eslatib o'tamiz, JCH-2026 guruh bosqichi qurasi 5 dekabr sanasida bo'lib o'tishi rejalashtirilgan. Musobaqada ilk bor 48 ta terma jamoa ishtirok etadi. 11 iyun — 19 iyul oralig'ida o'tkazilishi rejalashtirilgan mazkur musobaqaga AQSH, Kanada va Meksika mezbonlik qiladi.
Xulosa o'rnida aytishimiz mumkinki, Kyurasaoning JCH-2026ga yo'l olishi futbol tarixidagi eng buyuk muvaffaqiyatlardan biri hisoblanadi. Karib dengizining kichik bir orolidan eng nufuzli futbol musobaqasi ishtirokchisi bo'lishgacha bo'lgan yo'l – jamoa sarguzashtlari qatiyat, strategik rejalashtirish va orzuga bo'lgan ishonch kuchini o'zida mujassam etadi.
Savodxonlik darajasi 90% bo'lgan vulqonlar mamlakati ham JCHda ishtirok etadi