
Urugvay futbol assosiasiyasi prezidenti Ignasio Alonso Marselo Byelsa terma jamoa bosh murabbiyi bo‘lib qolishini tasdiqladi.
"Murabbiy biz bilan qoladi. Byelsa bilan uchrashuv juda samarali bo‘ldi, biz JCH-2026 ga tayyorgarlik ko‘rishda hamma o‘zini qulay his qilishi uchun ishni yaxshilash yo‘nalishlarini muhokama qildik. AQSH bilan o‘yin keltirib chiqargan inqirozning ijobiy tomoni shundaki, u bizni kerakli o‘zgarishlarni tushunish uchun astoydil ishlashga majbur qildi.
Shunisi muhimki, bo‘lib o‘tgan barcha suhbatlar va bir necha kunlik mulohazalardan so‘ng hech kim kemani tark etishni yoki iste’foga chiqishni talab qilishni xohlamaydi. Barchamiz jahon chempionati oldidan jamoani kerakli izga qaytarishga e’tibor qaratmoqdamiz," - deya Alonsoning so‘zlarini keltiradi ESPN.
Urugvayliklar 18 noyabr kuni o‘rtoqlik o‘yinida AQSH jamoasiga (1:5) yutqazdi.
Argentinalik 70 yoshli Byelsa 2023 yilning may oyidan buyon Urugvay terma jamoasida ishlab kelmoqda. Uning qo‘l ostida jamoa 31 o‘yinda 16 g‘alaba, 8 durang va 7 mag‘lubiyat qayd etgan.