
Ayni kunlarda AQSHda bo‘lib turgan O‘FA delegasiyasi bugun Atlanta shahriga tashrif buyurib, jahon chempionati uchun ajratilgan mashg‘ulot maydonlari, trenajyor zallari, mehmonxonalar hamda logistika bilan bog‘liq infratuzilma bilan tanishdi.
Qayd etish joiz, turnir davomida FIFA tomonidan 61 ta lokasiya tanlangan bo‘lib, ular musobaqa ishtirokchilarining istiqomat qilishi va mashg‘ulot o‘tkazishi uchun mo‘ljallangan. Joylashtirish jarayoni terma jamoalarning o‘yinlar o‘tkaziladigan shahar va stadionlar geografiyasidan kelib chiqib belgilanadi. Guruh bosqichi uchrashuvlari davomida ishtirokchilar boshqa shaharlarga maxsus charter reyslari orqali yetib borib, o‘yin yakunlangach o‘z bazasiga qaytib kelishadi.