
"Inter Mayami" 2025 yilgi mavsumni MLSdagi g‘alaba bilan yakunladi. O‘tgan haftada bo‘lib o‘tgan finalda Xavyer Maskerano jamoasi "Vankuver Uaytkeps"dan ustun keldi (3:1). Mavsum yakunlariga ko‘ra, klubning eng yaxshi futbolchisi deb Lionel Messi e’tirof etilgani ajablanarli holat emas, eng yaxshi himoyachi unvoniga esa Jordi Alba sazovor bo‘ldi. Ikkala futbolchi o‘tgan yili ham xuddi shu mukofotlarga sazovor bo‘lgan edi.
Eslatib o‘tamiz, Messi MLS muntazam chempionatining eng yaxshi to‘purari va mavsumning eng yaxshi futbolchisiga aylandi.
Alba "Vankuver" bilan o‘yindan so‘ng faoliyatini yakunladi. Shuningdek, yarim himoyachi Serxio Buskets ham butsalarini mixga ildi.