
1934 yilgi jahon chempionati futbol tarixida yangi bosqichni boshladi. Musobaqa ilk bor Evropa qitasida – Italiyada o'tkazilib, ilk marta saralash bosqichi joriy etildi. Ushbu chempionat futbolning nafaqat sport musobaqasi, balki siyosiy va ijtimoiy ahamiyatga ega hodisa ekanini ham namoyon qildi.
FIFA ijroiya qo'mitasi sakkiz marta yig'ilish o'tkazilgan uzoq muhokamalardan so'ng, 1932 yil 9 oktyabr kuni Stokgolmda bo'lib o'tgan majlisda Italiyani mezbon mamlakat sifatida tanladi. Qaror azolar o'rtasida ovoz berish o'tkazilmasdan, to'g'ridan-to'g'ri ijroiya qo'mita tomonidan qabul qilindi va Italiyaning arizasi Shveciya taklifidan ustun qo'yildi. Italiya hukumati turnir uchun 3,5 million lira miqdorida byudjet ajratdi.

Bu vaqtga kelib FIFA azolari soni 51 taga etgan, jahon chempionatida ishtirok etish istagini esa 32 ta mamlakat bildirgan edi. Shu sababli saralash bosqichi o'tkazish zarur deb topildi.
Shunga qaramay, musobaqada ayrim etakchi jamoalar ishtirok etmadi. Amaldagi jahon chempioni Urugvay 1930 yilgi turnirda Evropa mamlakatlarining Janubiy Amerikaga safardan bosh tortganiga javob sifatida, 1934 yilgi jahon chempionatida qatnashishdan voz kechdi. Natijada, mazkur chempionat amaldagi chempion ishtirok etmagan yagona musobaqa sifatida tarixda qoldi.
Bundan tashqari, Angliya, Shotlandiya, Uels va Shimoliy Irlandiya ham turnirdan chetda qoldi. Sababi Britaniya futbol associaciyalari FIFA azosi emas edi va o'zlarini futbolning "asoschilari" deb bilib, jahon chempionatini tan olmasdi. Bu holat 1950 yilgacha saqlanib qoldi.
Ilk mundialda havaskorlik ruhi ustuvor bo'lgan bo'lsa, 1934 yilga kelib ko'plab jamoalar professional futbolchilardan shakllandi. Bu esa o'yin suratining oshishi, to'qnashuvlarning kuchayishi va jarohatlar sonining ko'payishiga olib keldi.
Ishtirokchilar tarkibida Evropa jamoalari ustunlik qildi: 12 ta jamoa Evropadan, 3 ta Amerika qitasidan va 1 ta Afrikadan – Misr terma jamoasi qatnashdi. Shu tariqa, Misr jahon chempionatlari tarixida ishtirok etgan ilk Afrika jamoasiga aylandi.

Saralash o'yinlari geografik tamoyil asosida tashkil etildi. FIFA Italiyani ham saralashdan o'tishga majbur qildi – bu jahon chempionatlari tarixida mezbon mamlakat birinchi va yagona marta saralashda ishtirok etgan holat sifatida qayd etildi. Italiya Greciyani 4:0 hisobida mag'lub etib, final bosqichiga yo'l oldi. O'sha bahsda keyinchalik "Milan"ning mashhur murabbiyiga aylanadigan Nereo Rokko terma jamoa safidagi yagona o'yinini o'tkazgan. Sababi, o'sha davrda A Seriyada murabbiy bo'lish uchun milliy jamoada kamida bir uchrashuvda qatnashish shart edi. Ilk mag'lubiyatdan so'ng Greciya saralashni davom ettirmadi va Italiya o'z turniriga amalda avtomatik ravishda chiqdi.
Greciyaga qarshi o'yinda "Skuadra adzurra" amaldagi qoidalarni ham buzgan. O'sha paytda FIFA almashtirishga faqat o'rtoqlik uchrashuvlarida, faqat jarohat sababli va 40-daqiqagacha ruxsat bergan edi. Italiya esa tanaffusda Nereo Rokko o'rniga Jovanni Ferrarini maydonga tushirib, barcha talablarni chetlab o'tdi. Uchrashuvda Guarizi va Ferrari bittadan gol urgan, hozir Milandagi stadion uning nomi bilan ataladigan Juzeppe Meacca esa dubl qayd etgan – 4:0. Shunga qaramay, o'yin natijasini bekor qilish masalasi umuman ko'tarilmadi.
Javob o'yini esa o'tkazilmadi. Rasmiy versiyaga ko'ra, greklar to'rt gol farqini o'nglay olmasliklarini anglab, ishtirok etishdan bosh tortgan. Biroq yillar o'tib, Italiya tomonidan pora berilgani haqida malumotlar oshkor bo'ldi. Bu holat JCH–1934dan qariyb 60 yil o'tgach jamoatchilikka malum qilindi. Xalqaro futbol tarixi va statistikasi federaciyasi (IFFHS) o'sha turnir tafsilotlarini tiklash jarayonida Greciya terma jamoasining tirik qolgan futbolchilariga murojaat qildi. Leonidas Andrianopulos, Axilleas Grammatikopulos, Aristides Xrizafopulos va Andonios Miyakis har biri mustaqil ravishda italiyaliklar tomonidan pora berilganini tasdiqladi.
Grek futbolchilariga ko'ra, Italiya final turniriga bir oy qolganda uzoq dengiz sayohati qilishni istamagan. Kuchni tejash maqsadida Italiya futbol rahbarlari moliyaviy jihatdan qiyin ahvolda bo'lgan Greciya federaciyasiga Afinaning markazida joylashgan ikki qavatli uyni sotib olib berishgan. Filis ko'chasi, 1-uy manzilidagi bu bino 1980 yilgacha Greciya futbol federaciyasi shtab-kvartirasi sifatida xizmat qilgan.
"Federaciya italiyaliklardan pora olishga rozi bo'ldi. Biz majbur bo'lib, raqibni jahon chempionati final bosqichiga yo'l olishini taminladik", – degan Xrizafopulos. Andrianopulosning so'zlariga ko'ra, pora miqdori 700 ming draxmni tashkil etgan bo'lib, bu hozirgi hisob-kitoblarda taxminan 6 million AQSH dollariga teng. Darvozabon Grammatikopulos esa Milandagi o'yindan keyin italiyaliklar unga 400 ming draxm miqdorida chek ko'rinishida avans berilganini aytib bergan.

IFFHS FIFA oldiga Italiya terma jamoasini 1934 yilgi jahon chempionligi unvonidan mahrum etish masalasini qo'ygan, ammo davo muddati o'tib ketgani sababli tergov ishi davom ettirilmagan.
Misr va Falastin o'rtasidagi saralash bahslari tarkibida mahalliy arab futbolchilari deyarli bo'lmagan Britaniya mandati ostidagi Falastin jamoasini Isroil terma jamoasi sifatida taqdim etishga urinish sababli murakkablashdi, biroq FIFA o'sha paytda bunday davlat mavjud emasligini inobatga olib, bunga ruxsat bermadi.
"Britaniya mandati ostidagi Falastin" deb nomlangan jamoa musobaqada omadsiz ishtirok etdi: Misr ularni Qohirada 7:1, Tel-Avivda esa 4:1 hisobida mag'lub etib, ikki o'yin yakunida 11:2 natijani qayd etdi. Ushbu jamoa tarkibi to'qqiz nafar Britaniyadan kelgan muhojir, olti yahudiy va bir arab futbolchisidan iborat bo'lib, keyinchalik hozirgi Isroil terma jamoasining ildizi sifatida qaraladi.
Misr Turkiya va Falastin joy olgan 12-saralash guruhidan chiqdi, Turkiya esa birorta o'yin o'tkazmasdan turib saralashdan voz kechdi.
Meksika terma jamoasi xizmat safariga chiqqan bo'lsa-da, uni deyarli sayyohatga aylantirdi. Ular Franciyaning shimolidagi Bulon-syur-Mer shahriga yo'l olishdan oldin Orisabadagi kazinoda katta bayram uyushtirishdi. Sayohat Gavana, Bermuda, Vigo, La-Korunya, Santander, San-Sebastyan va Sautgempton orqali davom etib, Parij va Rimda poezd almashtirish bilan yakunlandi. Umumiy hisobda 15 kun davom etgan bu safar davomida Pedro Gonsales va Felipe Rosasning har biri taxminan olti kilogramm vazn orttirganini tan olgan.
AQSH terma jamoasi esa Italiyaga italiyaliklarga tegishli paroxodda etib keldi. To'qqiz kunlik safardan so'ng ular pley-off o'yinidan o'n kun oldin manzilga joylashdi.
Ushbu o'yinni Rimda o'tkazish qarori jahon chempionati tashkilotchilari bilan kelishilgan bo'lib, har ikki jamoaga ham natijadan qati nazar bepul safar vada qilingani rozilikni tezlashtirgan. Final bosqichi boshlanishidan atigi uch kun oldin o'tkazilgan bahsda g'alabaga ishongan meksikaliklar o'yin davomida tashabbusni qo'lda ushlab, mazmunli kombinaciyalar ko'rsatishdi, ammo 60-daqiqada jamoa to'qqiz kishi bo'lib qoldi: Garsiya jarohat oldi, Aspiri esa qo'pol o'yini uchun maydondan chetlatildi. Natijada AQSH 4:2 hisobida ustun keldi, terma jamoa safidagi barcha to'rt golni esa Donelli o'z hisobiga yozdirdi. Mukofot sifatida esa nafaqat mundial yo'llanmasi, balki Papa Piy XI bilan uchrashuv ham nasib etdi.

Peru va Chili Urugvay bilan hamjihatlik bildirib, saralashdan voz kechdi. Natijada Braziliya va Argentina birorta o'yin o'tkazmasdan final bosqichiga yo'l oldi.
Braziliya terma jamoasida moslashish uchun deyarli vaqt bo'lmadi. Ular Conte Biancamano kemasida bo'ronli dengiz orqali 12 kunlik safarni boshdan kechirdi, bu vaqt ichida ayrim futbolchilar hatto vazn orttirgan. Jamoa nimchorak final uchrashuvidan atigi 48 soat oldin manzilga etib keldi. Qizig'i, yo'lda Genuyaga ketayotgan paytda Barselonada raqiblari – Ispaniya terma jamoasi bilan to'qnash kelishdi. Aytilishicha, Ispaniya darvozaboni Rikardo Samora Seleção hujumchisi Valdemar de Britoning kemada penalti mashq qilayotganini kuzatgan va oradan bir necha kun o'tib, o'yinda uning zarbasini qaytargan.
Argentina terma jamoasi esa Buenos-Ayresdan Bolonyagacha Neptunia kemasida 13 kunlik dengiz sayohatini amalga oshirgan.
Varshavada Chexoslovakiyaga qarshi o'tgan keskin bahsda mehmonlar 2:1 hisobida g'alaba qozongandan so'ng, Polsha terma jamoasi 1934 yil 15 aprelga belgilangan Pragadagi javob uchrashuviga tayyorgarlik ko'rayotgan edi. Biroq ikki mamlakat o'rtasidagi munosabatlar to'satdan yomonlashgani sababli o'yin o'tkazilmadi. Nizo sababi – daryo bilan ikkiga bo'lingan Ceshin shahri bo'lib, shu daryo orqali davlat chegarasi o'tgandi. Pilsudskiy hukumati xavfsizlik chorasi sifatida futbolchilarga xorijga chiqish vizasini bermadi. Natijada Polsha terma jamoasiga texnik mag'lubiyat yozildi.
Lyuksemburg va Franciya terma jamoalari o'rtasidagi bahs mehmonlar kechikkani sababli ikki soatga cho'zildi – yo'lda ularning poezdi lokomotiv nosozligi tufayli to'xtab qolgan. Stadionda taxminan 18 ming tomoshabin to'planib, raqib jamoani sabr bilan kutdi. Biroq o'yinning o'zi katta qiziqish uyg'otmadi: tajribali francuzlar mahalliy havaskorlarni 6:1 hisobida mag'lub etdi.
Ispaniya va Portugaliya ishtirok etgan 2-guruhda ispanlar ikki o'yinda 11 ta gol urib, raqiblariga atigi bitta gol urish imkonini berdi. Kuchi etmagan portugallar vaqt cho'zish va turli hiylalarga qo'l urib, hatto almashinuvlar amalga oshirishga urindi: avvalo uch gol o'tkazib yuborgan darvozabon, keyin jarohat olgan jamoa sardori almashtirildi, tanaffusdan keyin esa hakam etibor bermagan holda maydonda yana ikki nafar "yangi" futbolchi paydo bo'ldi. Holbuki, o'sha davr qoidalariga ko'ra, almashinuvlar qatiyan taqiqlangan edi.
Yugoslaviya, Shveycariya va Ruminiya jamlangan guruhda saralash bahslari juda qizg'in kechdi, chunki final bosqichiga faqat ikki jamoa chiqardi. Avvalo, yugoslavlar o'z maydonida shveycariyaliklar bilan kutilmaganda durang o'ynashdi – mehmonlar 0:2 hisobini o'nglab, hisobni tenglashtirishga muvaffaq bo'lishdi.
Xuddi shu hisob Bernda Shveycariya va Ruminiya o'rtasidagi bahsda ham qayd etildi. Biroq FIFA maydon egalariga g'alabani taqdim etdi, chunki mehmonlar safida avval Vengriya terma jamoasida o'ynagan Baratka maydonga tushgandi. Shu tariqa Ruminiya – Yugoslaviya o'yini hal qiluvchi ahamiyat kasb etdi.
Mehmonlarga durang ham etarli edi, biroq ular mag'lubiyatga uchradi. Hisobni tenglashtirishga uringan yugoslavlar besh marta ruminiyaliklar darvozasining to'siniga to'p tekkizdi, umuman olganda esa uchrashuv davomida sakkiz bor to'sinni mo'jalga oldi.
Avstriyaga qarshi uchrashuvning dastlabki daqiqalaridagi to'qnashuvda Franciyaning etakchi hujumchisi Jan Nikolyaning miyasi chayqaldi. tibbiy yordamdan keyin maydonga qaytgach, u gol urdi. Biroq uchrashuvdan keyin jamoadoshlari uning muvaffaqiyatini yodga solgan payt Nikolya hech narsani – hatto Franciya qaysi raqibga qarshi maydonga tushganini ham eslay olmadi.
Futbolni chin dildan sevuvchi mahalliy aholi safiga ko'p sonli xorijlik muxlislar ham qo'shildi. Niderlandiyadan 7 ming, Shveycariyadan 10 ming va Avstriyadan salkam 12 ming nafar tomoshabin Italiyaga tashrif buyurgan.
Final bosqichi 1934 yil 27 maydan 10 iyunga qadar o'tkazildi va barcha uchrashuvlar to'g'ridan-to'g'ri "pley-off" tizimida tashkil etildi. Birinchi jahon chempionatida qo'llanilgan guruh bosqichi bekor qilinib, durang bo'lgan holatda 30 daqiqalik qo'shimcha taym o'ynaldi, hisob o'zgarmasa, uchrashuv ertasi kuni qayta o'tkazildi.
O'yinlar Italiyaning Rim, Milan, Turin, Neapol, Florenciya, Bolonya va Genuya shaharlarida bo'lib o'tdi.

Ilgari Evropada asosan Buyuk Britaniyada ishlab chiqarilgan to'plar qo'llanilgan bo'lsa, 1934 yilgi final bosqichi uchun Italiya o'zining zamonaviy Federale 102 nomli to'pini tayyorladi.

Ushbu jahon chempionati taktik jihatdan yangi davrni boshladi. Evropa jamoalari jismoniy tayyorgarlik, jamoaviy o'yin va qatiy taktik intizomni ustuvor qo'ydi, bu esa Janubiy Amerika jamoalariga qarshi bahslarda yaqqol namoyon bo'ldi.
Rasman elon qilinmagan bo'lsa-da, turnirda kuchli jamoalarni ilk bosqichda o'zaro to'qnashtirmaslikka harakat qilindi. Saralangan sakkiz jamoa – Argentina, Braziliya, Germaniya, Italiya, Niderlandiya, Avstriya, Chexoslovakiya va Vengriya birinchi bosqichda bir-biriga ro'baru qilinmadi.
1930 yilgi finalchi Argentina ushbu chempionatda ilk o'yindayoq mag'lub bo'lib, musobaqani erta tark etdi. Braziliya ham kutilgan natijani ko'rsata olmadi.
1934 yilgi jahon chempionati sport tadbiridan ochiq siyosiy maqsadlarda foydalanilgan turnir sifatida tarixda qoldi. Mussolini musobaqani fashizmni targ'ib qilish vositasiga aylantirishga intilgan. 1930-yillarda Evropa fashizm davrini boshdan kechirar, Italiya esa ushbu tuzumning asosiy ramzlaridan biri edi. Tinimsiz targ'ibot orqali futbol millat ustunligini namoyon etuvchi vatanparvarlik timsoli sifatida ilgari surildi. Fashizmning futbolchilar tayyorgarligiga qay darajada tasir ko'rsatgani bahsli bo'lsa-da, stadionlar qurilishi va muxlislar oqimini taminlashda muhim o'rin tutgani shubhasiz.
Mussolini boshqa siyosiy etakchilardan oldinroq futbolning ommaga tasir kuchini anglagan edi. 1920-yillar oxirida uning rejimi Italiya futbol federaciyasini qayta tashkil etib, asosiy qarorlar ustidan nazoratni qo'lga oldi. 1929 yilda esa amalda yagona milliy chempionat – A Seriya shakllantirildi, chunki ungacha Italiyada alohida – shimoliy va janubiy chempionatlar mavjud edi. Mussolini Italiyaning jahon chempionatiga mezbonlik qilishini ham, unda g'olib chiqishini ham juda qattiq istardi.

Siyosiy rejim yutuqlarini butun dunyoga namoyish etish maqsadida xorijlik muxlislar Italiyaga faol tarzda chorlandi. Italiya futbol federaciyasi chet elliklar safar xarajatlarining 70 foizini subsidiya qildi, mezbon shaharlar o'rtasidagi qatnov esa arzonlashtirildi. Turnir arafasida stadionlar fashistik ramzlar bilan bezatildi, qura tashlash marosimi esa haqiqiy siyosiy shouga aylantirildi.
Mussolinining o'zi ham futbol muxlisi bo'lib, uni xalqqa tasir o'tkazishning kuchli vositasi deb bilgan. Ayrim tarixchilar Mussolini tomonidan musobaqaga aralashuv va korrupciya bo'lganini takidlasa-da, Italiya tomoni g'alabani to'liq munosib ravishda qo'lga kiritganini uqtirib keladi. O'sha Italiya terma jamoasi mamlakat futbol tarixidagi eng kuchli jamoalardan biri sifatida baholanadi va keyinchalik 1936 yilgi Olimpiya o'yinlari hamda 1938 yilgi jahon chempionatida ham g'alaba qozongan.
Mussolini ochilish uchrashuviga chipta sotib olishni ham sahnalashtirilgan tomoshaga aylantirdi, so'ng qirol oilasi va oliy martabali mehmonlar bilan birga faxriylar lojasi – tribuna d’onoredan joy oldi. Shu orqali u o'zini "xalq orasidagi inson" sifatida ko'rsatishga, "Xalq kubogi" deb atalgan turnirga oddiy muxlis kabi qiziqish bildirayotgandek taassurot uyg'otishga intilgan.
Angliya matbuoti "yakkalik" poziciyasini saqlagan holda jahon chempionatini yoritish uchun Italiyaga biror ham muxbir yubormadi. Oqibatda musobaqa umuman yoritilmadi: gazetalarda hatto o'yin hisoblari ham berilmadi, kinoxronika materiallari esa sotib olinmadi. Fashistik targ'ibot tasiri asosan Italiya ichida qoldi, chunki chempionatda ishtirok etgan Germaniya va Franciyada ham yoritish juda cheklangan edi. Bu voqealarni batafsil yoritgan yagona mamlakat esa Ispaniya bo'ldi.
Italiya terma jamoasi musobaqaning asosiy favoritlaridan biri hisoblanardi. Turnir mezbonlari AQSHni 7:1 hisobida ishonchli tarzda mag'lub etdi, "Bolonya" hujumchisi Andjelo Skyavioning esa xet-trik qayd etdi. Ushbu bahs musobaqadagi eng sermahsul o'yin bo'lib qoldi.
Uchrashuvdan so'ng The New York Times muxbiri shunday yozgan edi: "Faqatgina AQSH darvozaboni Julius Yulianning ajoyib o'yini italiyaliklarga bundan ham ko'proq gol urishga imkon bermadi".

Italiya va Ispaniya o'rtasidagi chorak final o'yini shiddati, shafqatsiz kurash, hakamlikdagi bahsli qarorlar va ehtimoliy korrupciya gumonlari bilan tarixda qolgan afsonaviy bahsga aylandi.
Uchrashuv davomida har ikki jamoa tomonidan ham ko'plab qo'pol harakatlar kuzatildi. Bir necha futbolchi tibbiyot xodimlari zambili yordamida maydonni tark etdi, italiyalik Mario Picciolo esa oyog'ini sindirib oldi va shu sababli "Adzurri" safida boshqa o'yin o'tkaza olmadi. Bahs 1:1 hisobida yakunlandi va nizomga muvofiq darhol qayta o'yin tayinlandi.
Durang bilan yakunlangan ilk bahsdan so'ng Ispaniyaning afsonaviy darvozaboni Rikardo Samora qarsaklar ostida maydonni tark etgan. Mahalliy muxlislar uning mahorat va jasoratini yuqori baholashdi. Ispaniyalik darvozabon oxirgi daqiqagcha xuddi sherdek jang qildi, o'zini ham, raqiblarini ham ayamadi. Italiyalik futbolchilar esa unga nisbatan hech qanday iltifot ko'rsatmadi: Samoraning bir ko'zi shikastlangan, ikki qovurg'asi singan, tanasi ko'kargandi. Shu sababli u qayta o'yinda ishtirok eta olmadi.

Takroriy uchrashuvga Italiya jismoniy kurashga tayyor holda chiqdi. Ispaniya esa zaxira darvozabon bilan o'ynashga va fashistik rejim rahbariyati ko'z o'ngida maydonga tushish bosimiga dosh berishga majbur bo'ldi. Bu omillar o'z tasirini ko'rsatdi va Italiya navbatdagi qo'pol o'yinda raqibini 1:0 hisobida mag'lub etdi.
Sovetlarning "Fizkultura i sport" jurnali esa o'sha bahslar haqida quyidagicha yozgan: "Hujumchi raqib futbolchilarni safdan chiqarishdek 'sharafli' vazifa markaziy yarim himoyachi zimmasiga yuklanadi. Buning uchun unda zarur jismoniy ko'rsatkichlar va kamida boks hamda dzyudo usullari haqida ibtidoiy tushuncha bo'lishi kifoya, futbolchilik mahorati esa ikkinchi darajali ahamiyat kasb etadi. Jismoniy qudrati va xarakteri uchun 'Pampalar buqasi' deb nom olgan Italiya terma jamoasining markaziy yarim himoyachisi Monti to'rtta o'yin davomida to'qqiz nafar futbolchini safdan chiqargani bilan faxrlanishi mumkin: uch ispaniyalikni, to'rt avstriyalikni va ikki chexoslovakni".
Yarim finalda Evropaning eng kuchli jamoalaridan biri sanalgan Avstriyaning "Vundertim" jamoasi mag'lub etildi.

3-o'rin uchun bellashuvda Germaniya va Avstriya terma jamoalari maydonga bir xil libosda – oq futbolka va qora shortiklarda chiqib kelishdi. Jamoalarni faqat ko'krakdagi emblemalar orqaligina farqlash mumkin edi, shu bois ko'p hollarda nafaqat Neapolda to'plangan tomoshabinlar, balki uchrashuv hakami Albino Karraro ham kim kimga qarshi o'ynayotganini anglay olmadi.
Yarim soatcha sarson bo'lgan hakam o'yinni to'xtatib, qura tashlash orqali qaysi jamoa libosini almashtirishini hal qildi. Qura nemislarga tushdi – ularda yorqin qizil rangdagi zaxira forma bor edi. Biroq stadionda bo'lgan mahalliy "Napoli" klubi vakillari avstriyaliklarga o'zlarining osmonrang futbolkalarini taklif qilishdi va "vundertim" futbolchilari bunga qarshi chiqishmadi. Ammo begona ranglar avstriyaliklarga omad keltirmadi.
Final kuni Mussolinini g'azabga solgan voqea yuz berdi: Chexoslovakiya rasman Sovet Ittifoqi bilan ittifoq tuzganini elon qildi. Kommunistik pakt fashizmga qarshi qadam sifatida qabul qilinib, qarama-qarshi siyosiy g'oyalarning ramziy to'qnashuvi, deb baholandi. Italiyada ko'plab kommunistlar fashistik rejim ostida tazyiqqa uchrayotgani sababli, final ko'pchilik uchun Kommunizm va Fashizm o'rtasidagi kurash timsoli sifatida namoyon bo'ldi.
Nihoyat, final kuni etib keldi. "Duche"ning o'zi va fashistik partiyaning barcha yuqori lavozimli amaldorlari stadionda hozir edi. Shuningdek, nacist Germaniyasi va kommunistik Chexoslovakiya vakillari ham uchrashuvni joyida kuzatdi. Germaniya bir kun oldin uchinchi o'rin uchun bahsda g'alaba qozongan edi, finaldan so'ng esa Olimpiada marosimlarini eslatuvchi tantanada uch jamoani taqdirlash rejalashtirilgan edi.
Final oldidan Diktator Benito Mussolini Italiya terma jamoasi oldiga aniq vazifa qo'ygan edi – fashistik Italiyaning butun dunyo oldida ustunligini namoyish etish. Shu bois finalda mag'lubiyatga yo'l qo'yib bo'lmasdi.
Hokimiyat futbolchilarga o'yin uchun "kerakli" hakamni tayinlash orqali yordam berdi. Avvaliga uchrashuvni ispaniyalik Eskartin boshqarishi kerak edi va bu nomzod har ikki jamoani ham qoniqtirardi. Biroq final arafasida turnir direkciyasi hakam sifatida Ivan Eklind tayinlanganini elon qildi. U yarim finalda Avstriyaga qarshi bahsda Italiyaga moyillik ko'rsatgan edi. Yordamchi hakamlardan biri belgiyalik Bart bo'lib, aynan uning ishtirokida "skuadra adzurra" Ispaniyaga qarshi ilk o'yinda durangni saqlab qolgandi.
10 iyun kuni Rim shahrida tarixdagi ikkinchi jahon chempionatining finali bo'lib o'tdi. Musobaqa mezboni Italiya terma jamoasi Chexoslovakiyaga qarshi maydonga tushdi. Uchrashuv 40 darajali jazirama issiqda, tomoshabinlar bilan limmo-lim to'lgan Milliy fashistik partiya stadionida o'tkazildi. Mazkur bahs jahon chempionatlari tarixida final bahsi ilk bor to'g'ridan-to'g'ri radio orqali efirga uzatilgan o'yin bo'ldi.

Italiyaliklar yana tajovvuzkor o'yin namoyish etishdi. Birinchi taymda Puch va Krchil jarohat oldi. Uchrashuvning ilk qismi teng kurash ostida kechdi: maydon egalarida bir necha yaxshi imkoniyat bo'ldi, ammo Planichka har ikki holatda ham Meaccaning zarbalarini bartaraf etdi. Ikkinchi taymda esa chexlar ko'plab vaziyatlarni boy berishdi. Needli va Puch zarba berish imkoniyatiga ega bo'ldi, ammo har safar Ferraris tomonidan qo'pol ravishda to'xtatildi, hakam esa hushtagini chalmadi. Puch ikkinchi bor to'xtatilganida jiddiy jarohat oldi.
Hujumchi maydon chetida murabbiy Karel Petru tomonidan tibbiy yordam oldi. O'sha paytda nashatir spirti eng samarali vosita hisoblanardi. Nashatir hidini chuqur nafas olgan Puch maydonga qaytib, ikki daqiqa o'tib o'tkir burchak uzatmasidan so'ng hisobni ochdi.
Goldan so'ng italiyaliklar sarosimaga tushdi, ammo chexlar bundan foydalana olmadi. Qisqa va o'rta uzatmalarga tayangan texnik hujumlar xavfli kechdi: Sobotka va Svobodaning zarbalaridan keyin to'p ikki bor ustunga tegdi, Needli esa o'ta qulay imkoniyatdan foydalana olmadi.
Vaqt o'tishi bilan maydon egalari o'ziga kela boshladi. O'yin tugashiga 9 daqiqa qolganda Raymundo Orsi keskin zarba bilan Planichka darvozasining "to'qqizligi"ni aniq nishonga oldi.
Finalda Italiyaning g'alaba golidan ko'ra, hisobni tenglashtirgan lahzasi tarixda qoldi. Qanot hujumchisi Orsi dribling qilib, chap oyog'i bilan zarba berayotgandek aldamchi harakat qildi va kutilmaganda o'ng oyog'ining tashqi qismi bilan to'pni tepdi. Bu zarba hammani, jumladan Chexoslovakiya darvozaboni Frantishek Planichkani ham aldadi va to'p darvoza to'ridan joy oldi.
Finalni yoritgan jurnalistlar bu golni omadli tasodif deb baholashdi. Orsi esa bundan norozi bo'lib, istasa bu zarbani yana takrorlay olishini aytdi. Ertasi kuni u fotograflar oldida shu zarbani qayta bajarish uchun 20 marta urinib ko'rdi, biroq birortasida muvaffaqiyat qozona olmadi. Jurnalistlar esa o'z fikrida qolishdi – bu gol tasodif edi.
Qo'shimcha vaqtda ustunlik Italiya tomonida bo'ldi. Tanaffusda Pocco avval qo'llagan hiylani takrorlab, forvardlar Skyavio va Guaytaning o'rinlarini almashtirdi. Bu raqibni chalg'itish uchun qilingan edi va hiyla o'z samarasini berdi. 95-daqiqada Skyavio g'alaba golini urdi, shundan keyin chexlar hisobni tenglashtira olmadi.
O'yin natijasidan mamnun bo'lgan Mussolini oltin haykalchani Italiya terma jamoasi sardoriga topshirdi. Jahon kubogidan tashqari, futbolchilar diktator tomonidan maxsus rag'batga ham sazovor bo'ldi: terma jamoa alohida kubok bilan taqdirlandi, o'yinchilarga esa musobaqa cho'qqisini zabt etgani uchun xotira medallari va "duche"ning avtografi qo'yilgan suratlari sovg'a qilindi. Shuningdek, davlat xazinasidan o'sha davr uchun juda katta hisoblangan mukofot pullari ajratildi – har bir g'olib taxminan 17 ming dollarga teng summa oldi.

Italiyada ajoyib o'yin ko'rsatgan Chexoslovakiya terma jamoasi Pragada iliq kutib olindi: shahar ko'chalarida minglab muxlislar to'plandi. Futbolchilar finalda namoyon etgan jasorati uchun alohida maqtovga sazovor bo'lishdi, chunki turnir maydon egalari g'alabasi uchun uyushtirilgani haqida deyarli hech kimda shubha qolmagan edi.
Final uchrashuvidagi bahsli hakamligi uchun Ivan Eklind jurnalistlar tomonidan "Rim grafi" deb ataldi – u o'sha o'yinda italiyaliklar darvozasiga kamida ikki aniq penaltini belgilamadi. Turnir tashkilotchilari tomonidan unga qanday bosim o'tkazilgani aniq emas, ammo final boshlanishidan oldin Eklind "duche" lojasida ko'rilgani qayd etilgan. Keyinchalik u bu holatni "buyuk inson bilan qo'l berib ko'rishishni istagandim", deya izohlagan.
Franciyaning L’Auto gazetasi (keyinchalik L’Equipe’ga aylangan) shveycariyalik hakam haqida "u butun uchrashuv davomida Italiyaning 12-o'yinchisidek harakat qildi", deb yozdi. Ushbu bahsdan so'ng hakam ham FIFA, ham Shveycariya futbol associaciyasi tomonidan umrbod diskvalifikaciya qilindi.

O'sha final uchrashuvining oxirgi tirik ishtirokchisi Chexoslovakiya terma jamoasi darvozaboni Frantishek Planichka edi. U 1996 yil 20 iyul kuni 92 yoshida vafot etgan.
Italiya terma jamoasi bosh murabbiyi Vittorio Pocco musobaqa davomida "Metodo" deb atalgan taktik sxemani qo'lladi. Bu tizim himoya va hujum o'rtasida muvozanat yaratib, Evropa futbolining keyingi o'n yillik rivojiga kuchli tasir ko'rsatdi. Aynan shu turnirdan so'ng jismoniy tayyorgarlik, pressing va pozicion o'yin tushunchalari alohida ahamiyat kasb eta boshladi.

Italiya asosan mustahkamlik, ehtiyotkorlik va jismoniy kuchga tayanar, raqibni to'liq ustunlik bilan engishdan ko'ra, hujumda ayrim futbolchilarning yakka mahoratidan unumli foydalanishni maqsad qilardi. Aynan shu yondashuv keyingi Italiya terma jamoalari uchun ham yo'l-yo'riq vazifasini o'tadi.
Vittorio Pocco Birinchi jahon urushi qatnashchisi ham edi. U joriy etgan "metodo" taktikasi hujum bilan himoyani uyg'unlashtirib, zamonaviy futbolga sezilarli tasir ko'rsatdi – buni ayrim jihatlarda Pep Gvardiola qo'llayotgan sxemalarda ham ko'rish mumkin.

Birinchi jahon urushi qatnashchisi Pocco jurnalistlar bilan suhbatda "Uslubimni ko'rishib, meni jinniga chiqarishgandi", deya xotirlagan. O'yinlar boshlanishidan bir necha hafta oldin turinlik murabbiy Rimdagi qorong'u kafega kirib, Attilio Ferrarisni topadi. Qattiq kurashuvchi yarim himoyachi 18 oydan beri terma jamoada o'ynamagan, 1934 yil mart oyida intizomiy sabablar bilan "Roma"dan haydalgach, alkogolizm va qimorga berilib ketgan edi.
"Darhol sigaretangni, ichimlikni va billiard tayog'ini tashla, men bilan yur – shunda senda jahon chempionatida o'ynash imkoniyati bo'ladi", – dedi Pocco unga qatiy ohangda.
Hayratlanarlisi, mast holatiga qaramay, Ferraris Poccoga ergashib, Italiyaning jahon chempionati oldidan o'tkazilgan tayyorgarlik yig'ini uchun Lago-Majorega boradi. Pocconing takidlashicha, u yig'indagi futbolchilar orasida eng yuqori yaxshi jismoniy holatda bo'lgan.

Markaziy yarim himoyachi Monti 1930 yilgi jahon chempionati finalida Argentina terma jamoasi safida ham maydonga tushgan edi. Urugvaydagi chiqishidan so'ng italiya fuqaroligini olgach, "Yuventus"ga taklif etildi va shu tariqa Pocco undan terma jamoada foydalanishga qiziqib qoldi. FIFA o'shanda futbolchilarning mamlakatlar o'rtasida almashinishini cheklamagan davr edi, shuning uchun Monti hozirgacha ikki xil terma jamoa safida jahon chempionati finalida o'ynagan yagona futbolchi bo'lib qolmoqda.
Finalda Italiya asosiy tarkibida o'ynagan yana ikki futbolchi ham aslida argentinalik edi, biroq ularning ildizlari Italiyaga borib taqalardi. Chap qanot hujumchisi Raymundo Orsi Argentina terma jamoasida 12 o'yin o'tkazgan, "Yuventus"ga o'tganidan keyin esa Italiyani tanlagan. O'ng qanot vingeri Enrike Guayta ham "Roma"ga qo'shilgach, Italiya sharafini himoya qilishni maqul ko'rgan, ungacha Argentina safida to'rt bor maydonga tushgan.
Argentina esa Italiya klublari tomonidan futbolchilarining "o'g'irlab ketilishi"dan xavotir olib, 1934 yilgi jahon chempionatiga asosan zahira tarkibni yubordi. To'rt yil avval finalga chiqqan jamoadan bu safar hech kim ishtirok etmadi, Monti bundan istisno edi.
Milanda odatda "San-Siro" nomidagi stadion aslida "Juzeppe Meacca" deb ataladi. Inshoot Italiya terma jamoasining o'sha turnirdagi asosiy yulduzi, "Inter" (qisqa muddat "Milan") hujumchisi Juzeppe Meacca sharafiga nomlangan. Dastlab himoyachi bo'lgan Meacca keyinchalik markaziy hujumchiga, so'ng markaziy forvardga aylantirilgan. U Italiya futbol tarixida eng sermahsul o'yinchilardan biri bo'lishi bilan birga, dribling va o'yin qurishda ham juda yuqori saviya namoyon etgan.
Meacca turnirdagi barcha besh o'yinda maydonga tushgan besh futbolchidan biri bo'lib, AQSHga qarshi 7:1 hisobidagi g'alabada ettinchi golni urgan, shuningdek, Ispaniyaga qarshi chorak finalning qayta o'yinida hal qiluvchi gol muallifi bo'lgan.
Tabiiy istedod sohibi Meacca mashg'ulotlar va himoyaviy o'yinga unchalik qiziqmas, sigaretani xush ko'rardi. Italiya futbolining ilk haqiqiy superyulduzi sifatida tanilgan forvard soch turmagi bilan ham mashhur bo'lgan. O'sha yillarda u reklama roliklarida tez-tez ishtirok etgan, faoliyatini yakunlagandan so'ng qisqa muddat kino aktyori sifatida ham ko'rinish berib, keyinchalik murabbiylik faoliyatini boshlagan.

1934 yilgi jahon chempionatining eng sermahsul futbolchisi chexiyalik Oldrjix Needli bo'ldi. U to'rtta o'yinda beshta gol urdi – Italiyada o'tgan qisqa formatdagi mundial uchun bu juda salmoqli natija edi.
Uzoq yillar davomida Needli to'purarlik unvonini italiyalik Anjelo Skyavio va nemis futbolchisi Edmund Konen bilan bo'lishib kelgan. Futbol statistiklari har biri hisobida to'rttadan gol bor, deb keltirishgan. Ammo 2006 yilda o'tkazilgan qayta tekshiruvdan so'ng Germaniya darvozasiga urilgan yana bir gol Needli hisobiga qo'shildi va uning gollari soni beshtaga etdi.
1934 yilgi jahon chempionati finalidan to'rt kun o'tib ramziy yakun topdi. Veneciyada tarixiy uchrashuv bo'lib o'tdi – Adolf Gitler va Benito Mussolini ilk bor yuzma-yuz keldi. Aynan shu uchrashuv Qitaviy Evropada kuchlar muvozanatini belgilab bergan va keyinchalik Ikkinchi jahon urushiga yo'l ko'rsatgan ittifoq shakllanishining boshlanishi sifatida baholanadi.
Ramziy terma jamoa
Rikardo Samora (Ispaniya) – Xasinto Kinkoses (Ispaniya), Eraldo Mondzello (Italiya) – Luis Monti (Italiya), Attilio Ferraris (Italiya), Leonardo Silaurren (Ispaniya) – Juzeppe Meacca (Italiya), Raymundo Orsi (Italiya), Enrike Guayta (Italiya), Mattias Sindelar (Avstriya), Oldrjix Needli (Chexoslovakiya).
Mundial tarixi. Futbolchi suvga tushib ketgan, maydon chetidagi policiya golli uzatma bergan hamda murabbiylar hakamlik qilgan ilk jahon chempionatini yodga olamiz
Oqil Abdubarnoev tayyorladi.