
–Avvalo, Farg'ona shahriga va “Neftchi” futbol klubi muxlislariga o'z salomimni yo'llayman. Bu erga kelishimdan asosiy maqsad — Osiyo Chempionlar ligasi, O'zbekiston chempionati hamda mamlakat Kubogida jamoa bilan birgalikda maksimal natijalarga erishishdir.
“Neftchi” — katta tarixga ega, o'tgan mavsumda chempionlikni mutlaqo haqli ravishda qo'lga kiritgan jamoa. Aynan shunday ambiciyali klub safida to'p surish men uchun katta masuliyat va sharaf.
Farg'onaga kelishimda viloyat hokimi hamda klub bosh direktori Mansur aka Toshmatov muhim rol o'ynashdi. Klubda futbolchi uchun barcha sharoitlar maksimal darajada yaratilayotganini ko'rib turibman. Bu esa o'z oldimizga qo'yilgan yuksak maqsadlarga erishish uchun muhim omil hisoblanadi.
O'tgan mavsumni shaxsan o'zim uchun muvaffaqiyatli deb baholayman. OKMK jamoasi ahil, u erda haqiqiy professional insonlar faoliyat yuritadi. Ularning barchasiga samimiy minnatdorlik bildiraman.
Endilikda esa butun etiborim “Neftchi”ga qaratilgan. Jamoa bilan birgalikda yanada katta marralarni zabt etish va chempionliklarni davom ettirish yo'lida bor kuchimni ishga solaman.