O'yin haqida
- "Lokomotiv"ni g'alaba bilan tabriklayman. O'yin qiyin bo'lishini bilardik va shunga yarasha yaxshi tayyorgarlik ko'rgandik. Tarkibimiz yosh, Pro-ligani endi ko'rayotgan, birinchi marta safar o'yinlariga chiqqan yigitlar. Ular birdaniga "Lokomotiv" bilan o'ynashmoqda. Yigitlar yosh, ular bilan faxrlanaman. Bugungi o'yinda asosiy etiborni standartlarga qaratdik. "Lokomotiv" ham standartlarga tayandi, chunki ularning hujumida bo'yi uzun futbolchilar ko'p. Shunga qaramasdan standartlardan gollar qo'yib yubordik. Futbolchilarimga tajriba etishmayapti. Birinchi va ikkinchi gollarimizni o'tkazib yubormasligimiz kerak edi. Buni kulgili gollar desa ham bo'ladi. Ishlashda davom etamiz, keyingi o'yinga tayyorgarlik ko'ramiz. Ikki kundan keyin bizni kubokda "Xorazm"ga qarshi o'yin kutib turibdi, aynan shu ("Do'stlik" stadioni) stadionda. Keyinchalik "FarDU" bilan o'ynaymiz. 3ta o'yin uchun safarga chiqqanmiz.
- Mavsum boshlanmasidan oldin "Lokomotiv"ni barcha muxlislar Superligaga chiqib bo'ldi deb hisoblashmoqda. Bu haqda murabbiy sifatida nima deya olasiz?
- Yo'q. Men unday demagan bo'lardim. Maydon tekis, to'p yumaloq deyishadi. Endigina 3-tur yakunlandi. Oldimizda hali 17ta o'yin bor. Shu vaqt davomida "Lokomotiv" 2 marta Nukusga boradi, bizning maydonimizda ikki marta o'ynaydi. Ular ham hali safar o'yinlarida o'ynashadi. Ikki marta o'z maydonida o'ynab, bir marta Farg'onaga safar uyushtirdi. Hali "Lokomotiv" ancha qiynaladi deb o'ylayman. Bizning birinchi jamoamiz "Aral" ham o'yinlarga yaxshi tayyorgarlik ko'rmoqda. "Lokomotiv"ni chiqib bo'ldi deb oldindan ayta olmayman. Bu jamoaga omad tilayman va bu jamoa Superligaga qaytsa, faqatgina xursand bo'laman.