Mirko Elichich: "So'nggi ikki haftada beshinchi o'yinimizni o'tkazyapmiz. Superligaga chiqish vazifasi yo'q"

  • Mr.NoBoDy 24.04.2025 19:24
  • 48
  • 30

Pro-Liganing 4-turidan o'rin olgan "Olimpik" - "Aral" (1:0) uchrashuvidan so'ng mehmonlar bosh murabbiyi Mirko Elichich matbuot anjumanida ishtirok etdi.

"Qiyin o'yin bo'lishini bilardik. Bugungi bahs taqvimimizdagi eng qiyin uchrashuvdek ko'rinmasligi mumkin, ammo hattoki Superliga klublari ham ushbu maydonda o'ynashga qiynalishadi. "Aral" o'yin uchun rahmat. Bizning yosh futbolchilarimiz shunday o'yinlar orqali o'sishga erishadi. Namoyish etgan o'yinimiz menga yoqdi, biroz omad ham kulib boqdi deya olaman. O'tgan o'yinlardagi yordamga kelmagan omad, bugun bizga tomonda bo'ldi" - dedi Mirko Elichich bugungi to'qnashuv haqida.

- Ikkinchi bo'limda jamoangiz ko'proq himoyalandi va ko'pgina vaziyatlarda vaqtni cho'za boshladi...
- Men fikringizga qo'shilmayman. Bu sizning fikringiz va xohlaganingizcha fikrlashingiz mumkin, albatta. O'zbekistonda vaqtni cho'zadigan klublar juda ko'p. Mening jamoam hech qachon  bunday o'ynamaydi, siz qachondir men futbolchilarimga vaqtni cho'zish kerakligini aytganimni ko'rganmisiz? Futbolchilar o'yin davomida jarohat oldi, bu esa futboldagi tabiiy hol.

Biz so'nggi ikki haftadagi beshinchi o'yinni o'tkazyapmiz va uchrashuvlarning deyarli barchasi suniy maydonda o'tkazildi. Bu futbolchilarning sog'lig'iga tasir qiladi. Bu normal holat emas, shu sababli futbolchilarimdan minnatdorman.



- "Olimpik" jamoasining asosiy tarkibi asosan 2005-2006 yilda tug'ilgan futbolchilardan iborat. Jamoaning joriy mavsumdagi maqsadlari qanday?
- Tarkibimizda yoshlar ko'p. Ushbu futbolchilar kelajakda Superliga klublarida faoliyat yuritishlari kerak. Superligaga chiqish vazifasi yo'q. Biz futbol o'ynashimiz kerak. Tarkibimizda yoshlar terma jamoasida o'ynaydigan futbolchilar ham bor. Yoshlar terma jamoasidan joy olmagan o'yinchilarning mahoratini yaxshilashimiz kerak. Bir-ikkita yoshi katta futbolchilar ham bor. Ular o'zlariga boshqa klublarga o'tishmadi, endi esa ular bizga yordam berishmoqda. Asosiy vazifamiz futbolchilarni tarbiyalash.

Ўхшаш янгиликлар