Qo'qonliklar g'alaba golini so'nggi soniyalarda mezbonlar darvozaboni Hamidullo Abdunabievning xatosi evaziga urib ketishdi.
Yuqorida suratda darvozabonning yuziga etibor bering. U nima qilib qo'yganini tushungan va yuzida g'am va qo'rquv bor... Bu taktik xato emas, texnik xato hisoblanadi. Texnik xato esa istalgan futbolchida uchrab turadi, bundan jiddiy fojia yasash shart emas. "Qaldirg'ochlar" ustozi Ilyos Zeytullaev ham o'yindan keyingi matbuot anjumanida bu haqda aytib o'tdi.
Qizig'i, Hamidullo Superligamizdagi darvozabonlar orasida texnikasi yuqori bo'lgan va oyoq bilan eng yaxshi o'ynaydigan darvozabonlardan biri hisoblanadi. Zarur payti uzun paslarni yarim himoyachilardek ijro eta oladi. Lekin, taqdir bunaqa xatoni aynan oyoq bilan zo'r o'ynaydigan posbonga ravo ko'rdi. Abdunabiev o'yin tugagach maydonni ko'z yoshlar bilan tark etdi, xatosini juda chuqur qabul qildi... Darvozabonlar o'zga olam ekanligi haqida ko'p bor eshitganmiz, ular hatto raqib bo'lgan taqdirda ham bir-biriga qo'pol xatolarni aslo ravo ko'rishmaydi. Jahon futbolida xato qilgan darvozabonni narigi jamoa posboni borib yupatganini ko'p bor ko'rganmiz. O'sha kuni "Bunyodkor" stadionida o'zim shu narsaga etibor berib kuzatib turdim. "Qo'qon-1912" kiperi Aziz Isaqov golni nishonlash uchun yugurib bordi va ortiga qaytayotganda hamkasbining oldiga borib uni qo'llab qo'ydi. Uchrashuv yakunlanganidan keyin qo'qonliklarning darvozabonlar murabbiyi Xurshid Xodjaev ham Abdunabievning oldiga borib unga nimalardir deb yupatdi. Bu jarayon menda iliq taassurot qoldirdi. Bular (darvozabonlar) chindanam boshqa olam, bir-biriga jarohat ham tilamaydi, xato qilishini ham xohlamaydi. Chunki, qachondir shunday kun uning ham boshiga tushib qolishi mumkinligini his qiladi va doim raqib darvozabonini ham qo'llab-quvvatlaydi.
Shaxsan men O'zbekiston MTJda O'tkir Yusupovdan keyin Abduvohid Nematov bilan birga aynan Hamidullo Abdunabievning davri bo'ladi deb o'ylayman. Unda darvozabonlarga kerak bo'lgan barcha ko'rsatkichlar bor, boz ustiga oyoq bilan ham zo'r. O'sha kungi tushkunlikdan allaqachon chiqib ketganini ishonaman. Keyingi uchrashuvlarda odatdagi Hamidulloni ko'ramiz deb umid qilaman.
Futbol olamidagi darvozabonlar, sizlarga alohida RESPECT!