O'zbekiston Kubogining bu yilgi mavsumi ham jamoalarni 8ta guruhga bo'lgan holda o'tkazilmoqda. 32ta jamoa kurash olib borayotgan guruh bahslari yakunlanganidan so'ng keyingi bosqichga chiqqan 16ta jamoa nomini bilib olamiz.
Hozirgi paytga kelib to'rtta jamoa keyingi bosqich masalasini hal qilib ulgurdi. Bular - "Qizilqum", "Xorazm", "So'g'diyona" va "Dinamo". Quyida barcha guruhlarga to'xtalgan holda vaziyatni chamalab ko'ramiz.
A guruhi: "So'g'diyona"ning sherigi kim bo'ladi?
Jizzaxning "So'g'diyona" klubi dastlabki ikki turda g'alaba qozonib, 1/8 final masalasini hal qilib bo'ldi. Ivan Boshkovich shogirdlari dastlab "Aral", so'ngra "Cementchi"ni gol o'tkazmasdan yirik hisobda mag'lub etishdi.
Bu guruhda 3-turdan so'ng keyingi bosqichga chiqqan ikkinchi jamoa nomini bilib o'tamiz. Hozircha "Aral" hisobida 3 ochko bor va oxirgi turni o'z maydonida "Cementchi"ga qarshi o'tkazadi. Bu tomondan olib qarasak, "Aral"da imkoniyat yuqori. "So'g'diyona" katta ehtimol bilan "keraksiz" ko'ringan oxirgi turda ikkinchi tarkibni o'ynatsa kerak. Agar "Xorazm FA" yutgudek bo'lsa, 4 ochko bilan keyingi bosqich imkoniyati paydo bo'ladi.
3-tur uchrashuvlari. 20 may
"Aral" - "Cementchi"
"So'g'diyona" - "Xorazm FA"
B guruhi: Ikkita jamoada yaxshi imkoniyat
Bu guruhdan "Dinamo" 6 ochko to'plab keyingi bosqichga chiqib bo'lgan. Endilikda ikkinchi jamoa masalasini hal qilib olish bo'lyapti. Kubokning amaldagi sohibi "Andijon" guruhdan chiqa olmasligi malum bo'ldi, chunki andijonliklar qatorasiga ikki bor mag'lubiyatga uchrashdi. "Dinamo" esa ikkita o'yinda zafar quchib, 1/8 final masalasini hal qildi.
Bugun ushbu guruhda oxirgi tur bellashuvlari bo'lib o'tadi. Va albatta, ko'pchilikning etibori Termizda kechadigan "Surxon" - "Lochin" bahsiga qaratiladi. Voha derbisidagi natija keyingi bosqichga chiqadigan ikkinchi jamoani aniqlab beradi. Andijondagi uchrashuv esa hech qanday ahamiyatga ega emas.
3-tur uchrashuvlari. 13 may
19:00. "Andijon" - "Dinamo"
19:00. "Surxon" - "Lochin"
D guruhi: Kurash qizg'in ketyapti
Bu guruhda deyarli teng kuchli jamoalar yig'ilgan. "Olimpik" dastlabki ikki turdagi mag'lubiyati sabab Kubok bilan xayrlashib bo'ldi. Qolgan uchta jamoada esa guruhdan chiqish uchun imkoniyat saqlanib qolgan. 4 ochkosi bor jamoalar so'nggi turni uyda o'tkazishadi: "Mashal" Muborakda "Olimpik"ni qabul qilsa, "Sho'rtan" G'uzorda "Ishtixon"ni sinovdan o'tkazadi.
Katta ehtimol bilan mezbon sifatida o'ynaydigan jamoalarning keyngi bosqichga chiqishi kutilmoqda. Har holda har ikki klub ham Superligada o'ynayapti va tarkib borasida birmuncha ustunlikka ega.
3-tur uchrashuvlari. 14 may
"Mashal" - "Olimpik"
"Sho'rtan" - "Ishtixon"
E guruhi: Vodiy klublari keyingi bosqichdami?
Ilk turda "Navbahor" va "Neftchi" o'zaro bahs olib borib 1:1 hisobi qayd etilgandi. Shundan so'ng 2-turda har ikki jamoa o'z g'alabasini nishonladi. Bu guruhda vodiy jamoalarining keyingi bosqichga chiqishi aniq bo'lib ulgurgan. Chunki "Oqtepa"ni hisobga olmaganda, qolgan uchala jamoa ham vodiyniki.
Agar oxirgi turda "FarDU" "Navbahor"ga jiddiy qarshilik ko'rsata olsa, guruhdagi vaziyat yana chigal ko'rinish oladi. Lekin namanganliklar uyda to'p tepishini unutmaylik. Shuningdek, "Neftchi" ham so'nggi turni o'z maydonida o'tkazadi.
3-tur uchrashuvlari. 14 may
"Navbahor" - "FarDU"
"Neftchi" - "Oqtepa"
F guruhi: Murakkab vaziyat
Bu guruhdan "Qizilqum" vazifani birinchi bo'lib uddaladi. Navoiyliklar dastlab 4:0, so'ngra 3:0 hisobida g'alaba qozonib keyingi bosqich masalasini hal etishdi. Ana endi ikkinchi jamoani aniqlab olish qolyapti.
"Qizilqum" 3-turni safarda "Qo'qon-1912"ga qarshi o'tkazadi. Bu bahsda maydon egalarini durang ham qoniqtiradi. Agar oxirgi turda "Zamin" zafar quchgudek bo'lsa, ochkosini to'rttaga etkazib oladi. Lekin bu ham guruhdan chiqish uchun kamlik qilib qolishi mumkin.
3-tur uchrashuvlari. 21 may
"Qo'qon-1912" - "Qizilqum"
"Zamin" - "Andijon FA"
G guruhi: Ko'p narsa Toshkentdagi o'yinda hal bo'ladi
Garchi "Bunyodkor" 6 ochko to'plab guruhda peshqadamlik qilayotgan bo'lsa-da, lekin hammasi oxirgi turda hal bo'ladi. Agar "Buxoro" oxirgi turda g'alaba qozonib, "Lokomotiv" "Bunyodkor"ni mag'lub etgudek bo'lsa, unda uchala jamoada ham bir xil olti ochkodan bo'ladi. Va shunda uchta jamoaning o'zaro o'yinlari hisobga olinadi.
Bundan ko'rinib turibdiki, ko'p narsa Toshkentda bo'lib o'tadigan "Bunyodkor" - "Lokomotiv" qarama-qarshiligida hal bo'ladi. Bu esa juda qiziq o'yin bo'lishini anglatadi.
3-tur uchrashuvlari. 21 may
"Bunyodkor" - "Lokomotiv"
"Buxoro" - "Namangan FA"
H guruhi: "Nasaf" murakkab ahvolda
Bu guruhda "Paxtakor"ning ilk turda OKMKni mag'lub etgani qo'l kelishi mumkin. Chunki jamoa o'z hisobiga 6 ochko yozib qo'ygan va bugun "Nasaf"ga qarshi bahs olib boradi. Bu o'yin "Nasaf" uchun finalga aylanadi, sababi qarshiliklarni g'alabadan boshqasi qoniqtirmaydi. Jamoa o'ta murakkab vaziyatda qolgan.
Guruhdagi yana bir favorit jamoa OKMK o'z maydonida "Navoiy FA" bilan o'ynaydi va ortiqcha qiyinchiliksiz g'alaba qozonsa kerak. Vaziyat shundayki, "Paxtakor" 6 ochko to'plab ham guruhda qolib ketishi mumkin. Agar ochkolar teng bo'lib qolsa, unda uchta jamoaning o'zaro o'yinlari hisobga olinadi.
3-tur uchrashuvlari. 13 may
19:00. "Paxtakor" - "Nasaf"
19:00. OKMK - "Navoiy FA"
I guruhi: "Xorazm"ga qoyil
Uzoq yllik tanaffusdan so'ng Superligaga qaytgan "Xorazm" Kubok o'yinlarida ham muvaffaqiyatli ishtirok etmoqda. Jamoa dastlabki ikkita turda g'alaba qozonib, keyingi bosqich masalasini hal etib bo'ldi. Shu bois "Xorazm"ning oxirgi o'yini jamoa uchun unchalik muhim emas.
Guruhdan chiqishga harakat qilayotgan "Olimpik Mobiuz" bilan "Jayxun" bu tur o'zaro bahs olib boradi. Demak, g'alaba qozongan jamoa 1/8 final yo'llanmasiga ega chiqadi. Mabodo durang qayd etilsa, unda "Jayxun"ni keyingi bosqich bilan tabriklasa bo'ladi.
3-tur uchrashuvlari. 21 may
"Olimpik Mobiuz" - "Jayxun"
"Xorazm" - "Sirdaryo FA"
Yuqorida aytib o'tganimizdek, hozircha 4ta jamoa keyingi bosqich masalasini hal etgan. Bugungi o'yinlardan so'ng omadli yana to'rtta jamoa nomini bilib olamiz.
X.Xoliqov.