Yevropa va Janubiy Amerika qit’a chempionlari o‘rtasidagi navbatdagi Finalissima uchrashuvi 2026 yil mart oyida bo‘lib o‘tishi ehtimoli katta. Bu haqda argentinalik jurnalist Gaston Edul ijtimoiy tarmoqdagi X sahifasida xabar berdi. Finalissima-2026 bahsida Ispaniya va Argentina terma jamoalari o‘zaro to‘qnash kelishi kutilmoqda.
Bundan avval UEFA rasmiy saytida KONMEBOL, UEFA, Argentina futbol assosasiyasi (AFA) va Ispaniya qirollik futbol federasiyasi (RFEF) vakillari ishtirokida Paragvay poytaxti Asunsyonda bo‘lib o‘tgan uchrashuv haqida xabar berilgan edi. Mazkur yig‘ilishda Finalissima-2026 musobaqasiga oid tashkiliy masalalar muhokama qilingan.
Argentina terma jamoasi Janubiy Amerika chempioni va amaldagi jahon chempioni hisoblanadi. Shuningdek, ular 2022 yili Londondagi «Uembli» stadionida Yevro-2020 g‘olibi Italiyani 3:0 hisobida mag‘lub etib, Finalissima-2022 musobaqasida ham g‘alaba qozongan edi.