Ushbu seminarda 24 nafar ayol hakam – 8 nafar bosh hakam, 11 nafar yordamchi hakam va 5 nafar “Hakamlar akademiyasi” tinglovchilari ishtirok etmoqda.
Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi birinchi vitse-prezidenti Ravshan Irmatov ayol hakamlarning futboldagi oʻrni tobora kuchayib borayotganini taʼkidladi. U har bir hakam oʻz ustida doimiy ishlashi, chet tillarini oʻrganishi lozimligini taʼkidladi. Shunda ular zamonaviy hakam sifatida shakllanishi mumkinligini qayd etdi. Shuningdek, seminarda ishtirok etayotgan hakamlar FIFA instruktorlari Rodzali Yakub Muhammad, Ali Traifi va rossiyalik tajribali ayol hakam Anastasiya Pustovoytova tomonidan berilayotgan tavsiyalarni diqqat bilan tinglashi, faol qatnashishi va savollar orqali oʻz malakalarini oshirib borishi muhimligi aytib oʻtildi. Ravshan Irmatov barcha ishtirokchilarga seminar davomida omad tiladi.
OʻFA texnik direktori Gi Kiala seminar orqali hakamlar nazariy bilim va amaliy koʻnikmalarini oshirib, kelgusida milliy va xalqaro maydonlarda faol ishtirok etishlariga ishonch bildirdi.
Rodzali Yakub Muhammad va Anastasiya Pustovoytova seminar qatnashchilariga muvaffaqiyat tiladi. Shuningdek, ishtirokchilarga oʻz bilim, tajriba va koʻnikmalari asosida tavsiyalar berishini taʼkidlab oʻtdi.
Seminar davomida hakamlar uchun nazariy va amaliy mashgʻulotlar tashkil etilishi rejalashtirilgan. Shuningdek, FIFA instruktorlari Ali Traifi va Anastasiya Pustovoytova tomonidan “Hakamlar akademiyasi”da tahsil olayotgan yosh hakamlarga hakamlik faoliyatining asosiy tamoyillari boʻyicha maʼruzalar oʻqib beriladi.
Maʼlumot uchun, seminar 30-iyunga qadar davom etadi.