O'zbekistonning amaldagi chempioni "Nasaf" klubi 1-turni Saudiya Arabistonida Elit Osiyo chempionlar ligasining amaldagi chempioni Jiddaning "Al Ahli" klubiga qarshi maydonga tushadi. "Al Ahli" safida ko'plab legionerlar bor. Quyida ular bilan tanishamiz:
Rojer Ibanes
26 yoshli braziliyalik markaziy himoyachi. 2023 yilda Italiyaning "Roma" klubidan "Al Ahli"ga o'tgan. Undan oldin "Atalanta", "Fluminense" kabi klublarda to'p tepgan. Ayni paytda Braziliya terma jamoasi azosi va sentyabr oyidagi Jahon chempionati saralashi doirasidagi o'yinlarga chaqiruv oldi va Boliviyaga qarshi maydonga tushadi. Ibanes "Roma" safida Shomurodov bilan birgalikda Konferenciyalar ligasida g'olib bo'ldi, 2023 yilgi Evropa ligasida ham zafar quchdi. "Al Ahli" bilan o'tgan mavsum Elit OCHL g'olibiga aylandi. Saudiya Arabistoni klubi futbolchini Rim klubidan 28,5 million evro evaziga xarid qilgan edi. Transfermarkt hozir uning narxini 17 million evroga baholamoqda.
Riyad Mahrez
Ortiqcha tarifga muhtoj bo'lmagan futbolchi. Ko'pchilik uni "Lester"dagi o'yinlari va 2016 yil bu klub bilan sensacion tarzda Angliya chempioni bo'lgani bilan tanigan. Keyinroq "Manchester Siti"da 5 mavsum stabil to'p tepdi va Angliyadagi barcha sovrinlarga ega chiqdi. 2023 yilda esa "Siti" bilan Evropa chempionlar ligasida zafar quchdi. Mahrez 2023 yil yozida 35 million evro evaziga "Al Ahli"ga ko'chib o'tdi va ham Evropa, ham Osiyo chempionlar ligasida ham g'olib chiqqan kam sonli futbolchilardan biriga aylandi. Mahrez Jazoir terma jamoasida 2014 yildan buyon 105 ta o'yin o'tkazgan va 32 ta gol urishga erishgan. 2019 yilda terma jamoa bilan birga Afrika chempioni bo'lgan. 2016 yilda Riyad Mahrez Afrika qitasining eng yaxshi futbolchisi deb tan olingan. Ayni paytda transfermarkt 34 yoshli futbolchini 8 million evroga baholamoqda. Taqqoslash uchun "Nasaf"ning umumiy narxi 9,73 million evroga teng.
Enco Miyo
Ko'pchilik uchun notanish, lekin transfermarkt portali bo'yicha ayni paytda "Al Ahli"ning eng qimmat futbolchisi - 35 million evro. Franciyalik yarim himoyachi shu yilning avgust oyida "Shtutgart"dan 30 million evro evaziga sotib olindi. 23 yoshli futbolchi 2021 yilda "Monako" asosiy tarkibida deyarli o'ynamay Germaniyaga ketgan va u erda 4 yil to'p tepdi. Franciyaning deyarli barcha yosh toifadagi jamoalarida o'ynab chiqdi. 2019 yil U-17 Jahon chempionatida uchinchi o'rin, o'tgan yil Franciya olimpiya terma jamoasi safida Olimpiyada kumush medallarini qo'lga kiritdi. Shu mavsum boshida "Al Ahli"ga kelib hozirgacha 5 ta o'yinda maydonga tushdi va 2 ta gol urib, 2 ta golli uzatmani amalga oshirishga ulgurdi.
Galeno
Venderson Rodriges du Nasimentu Galeno qisqa qilib aytganda Galenoni "Al Ahli" 2025 yil yanvar oyida "Portu" klubidan oz emas, ko'p emas naq 50 million evro evaziga sotib olgan. 27 yoshli vinger "Braga" va "Portu" safida Portugaliyadagi barcha sovrinlarni qo'lga kiritgan. Galeno 2020 va 2021 yillarda Evropa ligasida eng yaxshi assistentlar qatoridan joy olgan. Transfermarkt portaliga ko'ra, futbolchi 2015 yildan buyon professional faoliyati davomida 398 ta o'yinda maydonga tushib, 105 ta gol urgan va 81 ta golli uzatmani amalga oshirgan. Galeno Braziliya milliy terma jamoasida faqat bir marta maydonga tushgan. 2024 yil mart oyida Madriddagi "Santyago Bernabeu" stadionida Ispaniyaga qarshi kechgan o'rtoqlik uchrashuvining oxirgi 8 daqiqasi uchun zaxiradan o'yinga qo'shilgan Galeno jamoasi uchun penalti ishlab bergan va o'sha penaltidan urilgan gol Braziliyani mag'lubiyatdan qutqarib qolgandi - 3:3.
Eduar Mendi
"Chelsi"dagi ajoyib o'yinlari bilan muxlislarga yaxshi tanish bo'lgan futbolchi 2023 yilning yozidan buyon "Al Ahli" darvozasini qo'riqlab kelmoqda. London klubi senegallik posbonni 18,5 million evro evaziga Saudiya Arabistoniga qo'yib yuborgan edi. 33 yoshli Mendi 2021 yilda "Chelsi"da UEFA chempionlar ligasi, UEFA Superkubogi, FIFA klublar o'rtasidagi Jahon chempionati kabi musobaqalarda g'olib chiqdi. O'sha yil Senegal safida Afrika millatlar kubogi sohibiga aylandi va FIFA talqiniga ko'ra 2021 yil dunyoning eng yaxshi darvozaboni deb tan olindi. Mendi ham Evropa, ham Osiyo chempionlar ligasida g'olib chiqishdan tashqari mana shu ikki qita chempionlar ligasida mavsumning eng yaxshi darvozaboni deb topilgan. Eduar Mendi bu mavsumdan boshlab "Al Ahli"ning birinchi sardori hisoblanadi.
Ayven Touni
Angliya terma jamoasi hujumchisi 2024 yil yozida "Brentford"dan 42 million evro evaziga xarid qilingan. U Angliya premer-ligasida 85 ta uchrashuvda maydonga tushib, 36+11 ko'rsatkichini qayd etgan. Touni Saudiya Arabistonida boshlangan yangi mavsumda hozirgacha 5 ta o'yinda maydonga tushib 5 ta gol urishga muvaffaq bo'ldi. Angliya terma jamoasi safida 2024 yilgi Evropa chempionati kumush medali sohibiga aylangan. Ayni paytda transfermarkt portaliga ko'ra, hujumchining transfer narxi 25 million evroga teng.
Mateus Gonsalvesh
Shu yilning 1 sentyabr kuni "Flamengo" klubidan 9 million evro evaziga sotib olingan 20 yoshli vinger. Kelajak uchun xarid qilingan Gonsalvesh hozircha "Al Ahli" safida umuman maydonga tushgani yo'q. Deyarli hech kim tanimaydigan futbolchini transfermarkt 7 million evroga baholamoqda.
Merih Demiral
"Yuventus" va "Atalanta" kabi klublardagi faoliyati orqali o'zbek futbol muxlislariga yaxshi tanish bo'lgan turkiyalik markaziy himoyachi. 27 yoshli Demiral Turkiya terma jamoasida 57 ta o'yinda maydonga tushib, 4 ta gol urishga erishgan. Uni "Al Ahli" 2023 yil yozida "Atalanta"dan 17 million evroga sotib olgandi. Futbolchi "Yuventus" safida Italiya chempioni, Italiya kubogi va Superkubogi sohibiga aylangan.
Matteo Dams
2025 yil yanvar oyida Niderlandiyaning PSV klubidan 9 million evro evaziga sotib olingan chap qanot himoyachisi. 21 yoshli futbolchi o'tgan mavsum "Al Ahli" safida bir qator o'yinlarda ishtirok etdi, Elit OCHLda g'oliblikka ham o'z hissasini qo'shdi. Biroq yangi boshlangan mavsum Saudiya Arabistoni ligasidagi legionerlar limiti tufayli birinchi davra uchun ro'yxatdan o'tkazilmadi.
Frank Kessi
To'p tepgan klublari bo'yicha ayni paytda "Al Ahli"ning haqiqiy yulduzi. Kessi "Atalanta", "Milan" va "Barselona"dagi faoliyat olib borganini ko'pchilik yaxshi biladi. Ivuarlik tayanch yarim himoyachisi 2023 yil yozida 12,5 million evro evaziga Jidda klubida ko'chib o'tgandi. Ayni paytda 28 yoshli futbolchining transfer narxi 14 million evroga teng. Kot-d'Ivuar terma jamoasida 92 ta o'yinda maydonga tushgan va 13 ta gol urishgan Frank 2023 yil Afrika millatlar kubogida g'olib bo'lgan. "Milan" safida Italiya chempioni, "Barselona"da Ispaniya chempioni va Superkubogi sohibi bo'lgan.