iks
ads

"Sharmandalik, bu sharmandalik!"

  • Mr.NoBoDy 17.11.2025 20:16
  • 66
  • 30

"Retro futbol" rukni orqali navbatdagi o'yinni yodga olamiz.

2009 yilgi UEFA chempionlar ligasi yarim finalida Xosep Gvardiola boshchiligidagi "Barselona" Gus Xiddink boshqaruvidagi "Chelsi" bilan to'qnash kelgandi. Kataloniyada kechgan birinchi bahsda hisob ochilmagan va barchasi "Stemford Bridj"da hal bo'lishi oydinlashgan. Javob o'yini esa hakam tufayli necha yil o'tsa ham muhokamalarga sabab bo'lmoqda.

Londondagi uchrashuvning 9-daqiqasida Maykl Essen supergol urdi - 1:0. Birinchi taymining o'zidayoq bahsli vaziyatlar yuzaga keldi. Har ikki holatda ham "Chelsi" futbolchilari "Barselona" darvozasiga penalti belgilashni talab qilishdi — avval maydonga Maluda yiqildi, keyin esa Drogba. Sky Sports keyinchalik har bir bahsli epizodni batafsil tahlil qildi va telekanal ekspertlari fikricha: birinchi vaziyatda penalti berishga asos yo'q edi, ikkinchi vaziyatda esa penalti belgilanishi kerak edi. Sababi Abidal Drogbaning yo'lini to'sib qo'ygandi.

Tanaffusdan keyin esa haqiqiy tomosha boshlandi. 60-daqiqada Drogba yana raqib jarima maydonida yiqildi, ammo o'sha epizodda Ture tomonidan fol bo'lgan taqdirda ham, u jarima maydoni tashqarisida edi.

Keyin esa Evrebe yana bitta katta xato qildi — Abidalni "so'nggi umid foli" tufayli qizil kartochka bilan maydondan chiqarib yubordi. Aslida esa Anelka o'z oyog'iga o'zi qoqilib yiqilgandi, bu takroriy lavhalarda juda yaqqol ko'ringan.  

"Barselona"ning qutqaruvchi goligacha bo'lgan vaqtda to'p katalonliklar jarima maydoni ichida Pikening qo'liga tegdi. Pike qo'lini ochiqchasiga yon tomonga cho'zgan va jarima maydoni ichida turgandi. Ekspertlar fikricha, bu 100% penalti edi.

Bu epizod ham tez unutilib ketgan bo'lardi, agar qo'shib berilgan daqiqalarda Inesta "Barselona"ni qutqarib qolmaganida. O'sha lahzada "Stemford Bridj"dagi harorat cho'qqiga chiqdi: mehmonlar xursandchilikdan telbadek yugurishardi, mezbonlar esa g'azabdan jinni bo'lishdi.

Gol o'tkazib yuborgandan keyin Evrebe "Chelsi"ga oxirigi hujum uyushtirishga imkon berdi, bu hujum yana penalti talab qilish bilan tugadi — Ballakning zarbasidan keyin to'p jarima maydoni ichidagi Eto’Oning qo'lining orqa tomoniga tegib qaytadi. Hakam xotirjamlikni saqlab qolishga urinardi, lekin Ballak va Drogba unga tashlanganda buni uddalay olmadi. Hozirgacha ularni maydonning o'zidayoq hakamni urib-tepib tashlamaganlari hayron qoldiradi. Nemis va afrikalik futbolchi go'yo hakamni tiriklayin eb qo'yishga tayyor edi.

Uchrashuv yakunlanishi bilan Drogba TV kameralariga qarab, ko'zlarini katta-katta qilib "sharmandalik, bu sharmandalik! deb baqiradi.  

Eng muhimi — o'yindan keyin hakamni tahdidlarga ko'mib tashlashdi. Unga qo'ng'iroq qilishdi, SMS va xatlar yozishdi, ularning ohangini tasavvur qilish qiyin emas edi. Evrebe bir necha bor o'ldirish bilan qo'rqitishganini, jumladan butun oilasini yo'q qilib tashlash bilan tahdid qilishganini tan olgandi. Finaldan keyingi dastlabki kunlar u qo'rquv ichida yashadi, keyinchalik ko'nikib qoldi. Bir necha yil o'tib Evrebe hali ham "Chelsi" muxlislaridan haqoratli xatlar olib turganini aytdi.

2023 yilda norvegiyalik hakam evrokuboklardagi yangi qoidalar haqida afsus bilan gapirgandi: "Qani edi, o'sha paytda VAR bo'lganida", — degandi u. Haqiqatan ham, VAR o'sha o'yinning borishini butunlay o'zgartirgan bo'lardi va ehtimol, hisob ham, natija ham boshqacha bo'lardi. Lekin "Barselona" va "Chelsi" o'rtasidagi to'qnashuv aynan shu ko'rinishda futbol tarixiga kirdi. Mana shunday retro o'yinlarni telegramdagi maxsus kanal orqali kuzatib borish ham mumkin.


UEFA chempionlar ligasi. 1/2 final. Javob o'yini
"Chelsi" (Angliya) — "Barselona" (Ispaniya) — 1:1
6 may 2009 yil. London. "Stemford Bridj" stadioni. 37 857 tomoshabin.
Bosh hakam
: Tom-Xenning Evrebe (Norvegiya).
Gollar: Essen, 9 (1:0). Inesta, 90+3 (1:1).
"Chelsi": Chex, E.Koul, Terri, Aleks, Bosingva, Anelka, Essen, Ballak, Lempard, Maluda, Drogba (Belleti, 72).
"Barselona": Viktor Valdes, Daniel Alves, Pike, Yaya Ture, Abidal, Messi, Buskets (Krkich, 85), Keyta, Xavi, Inesta (Gudonsen, 90+6), Eto'O (Silvinyu, 90+7).
Ogohlantirishlar: D Alves 30, Essen 74, Aleks 77, Eto'O 90+1, Inesta 90+3, Ballak, 90+6, Drogba (o'yin tugagach).
Chetlatish: Abidal 66.
Birinchi o'yin — 0:0.

Ўхшаш янгиликлар

MMA (UFC) videolar

post photo

ММА (UFC) - janglari

UFC 310 Embedded (эпизод 5)

Futbol obzorlar