"Finalda o'ynash ajoyib, jamoamiz bilan bu uchun uzoq mehnat qildik. Saudiya Arabistoni kuchli terma jamoalardan biri. Ularga qarshi ko'p marta o'yin o'tkazdik. Lekin final o'z nomi bilan final, oldimizda masuliyatli vazifa turibdi. Har ikki jamoa g'oliblikni qo'lga kiritishni maqsad qiladi. Asosiy maqsadimiz ertangi bahsda g'alaba qozonib, xalqimizni xursand qilish", - dedi jamoamiz bosh murabbiyi Islombek Ismoilov.
Finalga tayyorgarlik haqida
— Har bir uchrashuvga alohida tayyorgarlik ko'ramiz. Turnirda oson uchrashuvning o'zi yo'q. Final ham qiyin o'tadi, sababi ruhiyat birinchi o'ringa chiqadi. Biz futbolchilarni har tomonlama o'yinga ideal holatda tayyorlash uchun qo'limizdan kelganicha harakat qilyapmiz. Barcha futbolchilarimiz uchrashuvga tayyor holatda, baxtimizga hech bir futbolchimiz jarohat olmadi. Umid qilamizki, ertaga jamoamiz eng yaxshi o'yinlaridan birini ko'rsatib, g'alaba qozonadi.
Final oldidan futbolchilar ruhiyati haqida
— Biz raqiblarimizni hurmat qilamiz, lekin hech bir jamoadan qo'rqmaymiz. O'z uslubimizga egamiz, ishonch bilan, chiroyli futbol bilan g'alaba qozonmoqchimiz. Buni futbolchilarimizga ham takidlab kelmoqdamiz. KXDRga qarshi bahsga ham ruhiy jihatdan ko'proq etibor qaratdik. Bu yoshdagi futbolchilarda ruhiyat o'zgaruvchan bo'ladi. Futbolda bir holat ikkinchi bor takrorlanmaydi. Biz o'tgan o'yindagi natijani unutib, eng asosiy uchrashuvda g'alaba qozonishga harakat qilamiz.
"Ertangi o'yindagi raqibimiz Saudiya Arabistoni, bu jamoa bilan bir guruhda o'ynadik, ularni juda yaxshi bilamiz. Guruh bosqichidagi g'alaba bizni bo'shashtirmaydi. Finalga ruhan va jismonan tayyormiz. Ochilish uchrashuvida biroz hayajonlandik, lekin murabbiylarimiz ko'rsatmasi bilan o'yindan-o'yinga o'zimizni yaxshi his qila boshladik. G'alaba qozonib, kubokni yurtimizga olib ketmoqchimiz", - dedi Sayfiddin Sodiqov.