O‘zbekiston futbol hakamligi tizimini yangi bosqichga olib chiqish, yosh hakamlarning nazariy bilimlari va amaliy tajribasini oshirish maqsadida O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi tomonidan Hakamlar akademiyasi tashkil etilganidan xabaringiz bor. Bugun nazariy va amaliy mashg‘ulotlarning birinchi moduli yakunlandi.
O‘FA birinchi vitse-prezidenti Ravshan Irmatov yosh hakamlarga zamonaviy referi qanday bo‘lishi zarurligi haqida kerakli tavsiyalar berdi. Shuningdek, jismoniy tayyorgarlik bo‘yicha instruktor Yuliya Tarasova hakamlarning jismoniy tayyorgarlik mashg‘ulotlari, vazn me’yori va sog‘lom ovqatlanish bo‘yicha muhim ma’lumotlar taqdim etdi.
“Chig‘atoy” sport bazasida o‘tkazilgan o‘quv kursining birinchi moduli davomida tajribali instruktorlar tomonidan yosh hakamlarga jismoniy tayyorgarlik va hakamlik metodikasi, hakamning o‘yindagi vakolati, yakkakurashlar, qo‘l bilan o‘yin, taktik qoidabuzarliklar, intizomiy jazo choralari, jarima va erkin zarbalar kabi yo‘nalishlarda ma’lumotlar berildi.
Eslatib o‘tamiz, akademiyadagi ta’lim jarayoni 6 ta moduldan iborat bo‘lib, o‘quv kursining ikkinchi moduli onlayn tarzda o‘tkaziladi. O‘quv kurslarini muvaffaqiyatli yakunlagan hakamlar Birinchi liga, Proliga, Superliga va OFK tasnifidagi turnirlarni boshqarish uchun tavsiya etiladi.