"Lokomotiv" va "Olimpik" jamoalarining sobiq bosh murabbiyi Denis Korostichenko yaqinda O'zbekiston U-16 terma jamoasi murabbiylar shtabiga qo'shilib, Sergey Chigodaevga yordam bermoqda.
— O'zbekiston U-16 terma jamoasi murabbiylar shtabiga qanday kelib qoldingiz?
— Sergey Chigodaev bilan ko'p yillardan beri tanishmiz, birga ishlaganmiz. Aytish mumkinki, murabbiy sifatida birga ulg'ayganmiz. U O'zbekiston U-16 terma jamoasiga bosh murabbiy etib tayinlanishi bilanoq birga ishlash istagi paydo bo'lgan edi, biroq o'shanda men "Olimpik"da faoliyat yuritardim. Bundan tashqari, terma jamoadagi, ayniqsa o'smirlar jamoasidagi ish biroz beqaror — har bir yarim–ikki oyda bir marta yig'in o'tkaziladi, xolos. Shu bois "Bunyodkor-Farm"da doimiy ish topdim va O'FA hamda Sergey Chigodaevning tavsiyasi bilan pirovardida O'zbekiston U-16 terma jamoasiga ham taklif etishdi.
— O'zbekiston U-16 terma jamoasidagi vazifalaringiz nimalardan iborat? Ko'proq jismoniy tayyorgarlik ustida ishlash, mashg'ulot jarayonida ko'maklashishdan iboratmi yoki taktika bo'yicha yordam berish?
— Bazan jismoniy tayyorgarlik bo'yicha, bazan tahlil ishlari bo'yicha yordam beraman. Lekin, aslida, mening yordamim zarur bo'lgan har qanday jabhada ko'maklashishga tayyorman.
— "Olimpik"dan ketganingizdan so'ng bosh murabbiy sifatida ishlash uchun takliflar bo'lganmi? Ehtimol, Superliga yoki Pro liga jamoalaridan?
— Ikkita taklif bor edi, ammo shartlar bo'yicha kelisha olmadik.
— Sobiq jamoalaringiz – "Lokomotiv" va "Olimpik"ni kuzatib borasizmi? Ayniqsa, ular yaqinda o'zaro to'qnash kelishgan edi.
— Albatta! O'zbekiston U-16 terma jamoasi mashg'ulotlaridan keyin o'sha o'yinni tomosha qildik.
— Qaysi jamoaga ko'proq muxlislik qildingiz: "Lokomotiv" yoki "Olimpik"?
— Bu o'yinda ko'proq "Olimpik"ga muxlislik qildim. Chunki u erda yoshlar bor va bosh murabbiy Mirko Elichich, u bilan birga ishlaganmiz. Shaxsan uning uchun ham muxlislik qildim.
— Hozirda O'zbekiston terma jamoasini boshqarayotgan Timur Kapadze bilan uzoq vaqt birga ishlagansiz. U sizni terma jamoa murabbiylar shtabiga taklif qilmaganmidi?
— Timur Tohirovich bilan aloqada bo'lib turibmiz. U meni O'zbekiston terma jamoasiga chaqirmadi, chunki u erda eski murabbiylar shtabi (Srechko Katanecning yordamchilari) qolgan edi. Ammo hozircha bu haqda o'ylashga erta, eng muhimi — jahon chempionatiga yo'l olish masalasini hal qilish.